Ташкент +4° Mon 04:19
Долзарб мавзулар Foto

Padarkush

Бўлимлар: Mutolaa
Теглар:
Добавлено: 25.12.2018, 10:41

U o`g`lining o`qishiga pul to`lash uchun olis o`lkalarga borib ishladi. Sovuq, zax konda og`ir mehnat qildi. O`g`li institutni tamomlab, shaharda qoldi. Ota ishni davom ettirishga majbur bo`ldi. Uning topgan pullariga o`g`il uy sotib oldi.

Ota qishloqqa qaytganida sog`lig`idan ancha putur ketgan edi. Yuzi rangpar tus olgan, o`pkasi qattiq shamollagan edi. Uzoq davolansa-da, kor qilmadi: sovuq va zax ishini qilib qo`ygan ekan. Qishloqdagi shifokorlar, shaharga borib davolaning, deyishdi. Biroq keksa bemorning shaharda shifo topishi ham qiyin bo`ldi. Uning nafas olishi tobora og`irlashar, tez-tez charchab qolardi.

O`g`il kattaroq ishga o`tgan edi. Otasining salomatligidan ko`ra vaqtni o`ylab siqilardi u. Bechora qariya navbatdagi vrach huzuridan chiqqanida o`g`il qo`l telefonida asabiylashib gaplashayotgandi. Ota ko`zlari javdirab kutib turdi. O`g`il gaplashib bo`lib, qovog`ini uyib qaradi. Ota davolash uchun katta pul kerakligini aytganida, u tutaqib ketdi. Qattiq so`kindi. Kimni haqorat qilgani noma`lum, ammo otasining ko`zlariga qarab haqorat qilgan edi u.

Otani yo`tal tutdi. Aslida ko`z yoshlarini yashirish uchun yolg`ondan yo`tala boshlagan edi. Kechga borib, uning joni uzildi. Agar o`limiga kasallik sababchi deyilsa, u hali biroz yashashi kerak edi.

Muallif: Anvar Namozov 1970 yil Surxondaryo viloyatida tug`ilgan. 1993 yilda Samarqand Davlat universitetining o`zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. Talabalik davridayoq ijod namunalari “O`zbekiston adabiyoti va san`ati”, “Oila va jamiyat” gazetalarida chop etilgan. Universitetni tamomlagach, “Zarafshon”, “Darakchi” gazetalarida ishlagan. Bir talay maqolalari va badiiy ijod namunalari “Hurriyat”, “Mohiyat”, “Bekajon”, “7x7”, “Parvona” va boshqa vaqtli matbuot nashlarida ham e`lon qilingan.

Anvar Namozov O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi tinglovchisi ham bo`lgan. “Yangi kitob” nashriyotida faoliyat ko`rsatgan. “Men – ko`rinmas odam”, «Onasi o`pmagan yigit», «Jumboq», «Qiyofa o`g`risi» va “Notanish” kitoblari muallifi.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии