Ташкент +4° Mon 06:28
Долзарб мавзулар Foto

32 yoshli o`zbekistonlik Guli Murodova 77 yoshli angliyalik lord bilan sevgi tarixini so`zlab berdi

Бўлимлар: Jamiyat
Теглар:
Добавлено: 10.01.2019, 11:49

O`zbekistonlik 32 yoshli Guli Murodova multimillioner va lord, Konservativ musulmon forumi asoschisi, baron va Buyuk Britaniya Lordlar palatasining umrbod a`zosi bo`lgan Muhammad Iltafga turmushga chiqqani haqida xabar berilgan edi.

Ushbu xabar chop etilganidan so`ng ijtimoiy tarmoqlarda o`zbekistonlik Guli Murodova haqida qo`pol va haqoratomuz izohlar yozib qoldirila boshladi. Asossiz gap-so`zlarga nuqta qo`yish maqsadida Guli Shayx (Murodova) tahririyatga murojaat qildi va «Daryo» muxbiri Sevara Nishonova bilan suhbat davomida shaxsiy hayoti haqidagi ma`lumotlarga oydinlik kiritdi.

«Saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda chop etilgan ma`lumotlardan so`ng men internet foydalanuvchilarining nafrati va haqoratomuz izohlariga duchor bo`ldim.

Keng jamoatchilikning bunday munosabati meni tashvishga soldi, sababi e`lon qilingan material noto`g`ri bo`lib, o`quvchilarga yolg`on ma`lumotlar etkazdi. Agarda OAV ushbu materiallarni chop qilishdan avval men bilan bog`lanib, ma`lumotlarga aniqlik kiritganida ma`lumotlarning barchasi o`quvchilarga to`g`ri etkazilgan, asossiz, sensasion detallarga qurilmagan bo`lardi.

Shuning uchun ham men shaxsiy hayotim haqidagi gap-so`zlarga chek qo`yadigan quyidagi ma`lumotlarni so`zlab bermoqchiman», — dedi Guli Shayx.

«Angliyaga o`qish uchun kelgandim»

Men Samarqand shahrida tug`ilib o`sganman. Samarqand tibbiyot universitetining «Hamshiralik ishi» fakultetini tamomlaganman. So`ngra Respublika shoshilinch tibbiy xizmat shifoxonasining Samarqand viloyati bo`limida ishlaganman.

Men Angliyaga o`qishimni davom ettirish uchun kelganman. London shahrida universitetga kirdim, «Etakchilik va menejment» mutaxassisligi bo`yicha bakalavr darajasini egalladim. Keyinroq men o`qishimni moliya sohasida davom ettirdim.

«Hech qachon ofisiant bo`lib ishlamaganman»

O`qish davrida Belgiya kompaniyasida yarim stavkada menedjer bo`lib ishlaganman. Ushbu kompaniya Angliyada eksklyuziv Belgiya shokoladi savdosi bilan shug`ullanardi.

Shuning uchun mening ofisiant bo`lib ishlaganim haqidagi gap-so`zlar asossiz. Men hech qachon ofisiant bo`lib ishlamaganman.

Men o`sha kompaniyada ishlayotganimda lord Muhammad Shayx bizning do`konimizga tez-tez kirib turar hamda o`ziga va hamkasblariga shokolad sotib olar edi.

Do`stlikdan boshlangan sevgi

U O`zbekistonning ajoyib tarixi haqida ko`plab ma`lumotlarga ega edi.

Biz boy merosimiz va Imom al-Buxoriy, Zahiriddin Muhammad Bobur, al-Xorazmiy, Alisher Navoiy, Ibn Sino, Ulug`bek, Amir Temur kabi tariximizning ajralmas qismi sanalgan buyuk shaxslar haqida so`zlashishni odat qildik.

Vaqt o`tishi bilan bizning o`rtamizda ma`naviy do`stlik yuzaga keldi. Biroq, u hech qachon menga Britaniya parlamentida lord ekanligi yoki o`zi egallagan boshqa lavozimlar haqida gapirmagan. Men bu haqda oradan biroz vaqt o`tgach bilganman.

«Shayx xotini bilan allaqachon ajrashgan edi»

O`sha payti u xotini bilan islomiy urf-odatlarga ko`ra allaqachon ajrashgan edi. Ya`ni u xotiniga taloq bergan. Musulmoncha ajrashuvdan so`ng jarayon yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan.

Uning xotini bilan ayrilishi va ajrashishiga mening umuman aloqam yo`q. Shuning uchun men ijtimoiy tarmoqlarda men va turmush o`rtog`im haqida yozib qoldirilgan salbiy izohlarga umuman munosib emasman, deb hisoblayman.

U mening qo`limni so`radi hamda ota-onamning roziligini olib, menga uylanish uchun Samarqandga keldi.

Guli va Shayxning to`yi qanday o`tgan?

Biz 2015 yilning 1 noyabr kuni nikoh o`qitganmiz. Nikoh London shimolidagi masjidda, bir necha kishining guvohligida o`qildi.

Marosimdan so`ng bizga guvohlar tomonidan imzo chekilgan sertifikat berildi.

Keyinroq, bizning nikohimiz Angliyadagi etakchi sanaladigan «Rijentpark» masjidi bosh direktori tomonidan ratifikasiya qilindi.

So`ngra biz er-xotin sifatida Haj ziyoratiga bordik. Biz ikki marta Haj ziyoratida bo`ldik. Ikkinchi marta bizni Saudiya Arabistoni qiroli Hazrati Oliylari shaxsan taklif etdi. Saudiya Arabistoni hukumati mening lord Muhammad Shayxga turmushga chiqqanim haqida pasportimga belgi qo`ydi.

2015 yilda nikohdan so`ng biz nikohni qayd etishning rasmiy marosimini o`tkazishga qaror qildik.

Ushbu marosim Londondagi Lambet kengashi binosida, 2018 yilning noyabrida bo`lib o`tdi, unda ko`plab mehmonlar ishtirok etdi.

«Turmush o`rtog`im — sog`lom va kuchli inson»

Turmush o`rtog`im haqiqatan ham 77 yoshda, biroq u ham Britaniya parlamentida, ham biznesda o`ta faol hayot tarzini olib boradi.

U sog`lom va kuchli inson bo`lib, xayriya va jamoatchilik manfaatlarini himoya qilish bilan ham shug`ullanadi.

Turmush o`rtog`im butun dunyodagi jamoatchilik va xayriya faoliyati uchun «Faxriy doktor» unvoniga sazovor bo`lgan. Uning energiyasi va faolligiga undan ancha yoshroq erkaklar xavas qilsa arziydi.

«Lord Shayx har doim ‘O`zbeklar xushmuomala, mehmondo`st’ deydi»

Lord Shayx to`rt marta O`zbekistonga kelgan hamda mamlakatimiz rahbariyati bilan uchrashgan. U O`zbekiston va Buyuk Britaniya o`rtasidagi siyosiy, savdo, madaniy va ta`lim aloqalarining rivojlanishi va mustahkamlanishida faol ishtirok etadi.

Lord O`zbekiston haqida uchta doklad tayyorlagan. Hujjatlarda mamlakatdagi vaziyatni yaxshilash bo`yicha tavsiyalar keltiriladi. U ikki mamlakat o`rtasidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida Buyuk Britaniyaga tashrif buyurgan O`zbekistonning bir nechta delegasiyalari bilan uchrashgan.

Lord Shayx 2016 yilda prezident saylovlarini kuzatish uchun O`zbekistonga taklif qilingan. Saylovdan so`ng Lord Shayx jarayonning shaffof o`tgani, yaxshi tashkillashtirilgani hamda saylov O`zbekistonning barcha aholisi uchun o`zining fuqarolik burchini bajarish imkonini berganini qayd etgan.

Lord Shayx shuningdek, O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov haqida nekrolog yozgan. So`ngra u Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan o`tkazilayotgan islohotlarni batafsil tahlil qilib, ularning chuqur o`ylanganligi va yuqori maqsadlarni ko`zlagani uchun prezidentga minnatdorchilik bildirdi. U prezidentimizning istiqbolni ko`ra oladigan inson ekanligini his qilmoqda.

Turmush o`rtog`im O`zbekistonning yaqin do`sti, o`z chiqishlarida mamlakatimizning boy madaniyati va milliy merosi haqida ko`p marta gapirgan.

U har doim «O`zbekiston xalqi xushmuomala, mehmondo`st» deb gapiradi. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda men haqimda yozib qoldirilayotgan qo`pol va haqoratli so`zlardan shok holatiga tushdi.

«O`zbekistonda turizmni rivojlantirishga hissa qo`shmoqchiman»

Men O`zbekiston fuqarosi ekanligim hamda Buyuk Britaniya va O`zbekiston o`rtasidagi savdo aloqalarining rivojlanishiga hissa qo`shayotganimdan faxrlanaman. Turmush o`rtog`im bilan birgalikda Silk Route Global kompaniyasiga asos soldik. Men O`zbekiston hunarmandlari tomonidan tayyorlangan ko`plab qo`l mehnati mahsulotlarini sotib oldim hamda tez orada internet orqali ularni sota boshlayman. O`zbekistonga investisiya kiritmoqdaman, chunki Vatanimni sevaman. Shuningdek, men O`zbekistonda turizmni rivojlantirishga hissa qo`shmoqchiman.

Shu bilan birga, men O`zbekistonda xayriya ishlarini amalga oshirib, nogironligi bo`lgan bolalar, etimlar hamda kam ta`minlanganlarga yordam berish va qo`llab-quvvatlashga harakat qilmoqdaman. Mamlakatimiz aholisiga doimo g`amxo`rlik qilaman.

«Lord Shayxga turmushga chiqishim — taqdir»

Odamlar turmush o`rtog`im va mening yoshim o`rtasidagi farq haqida gapirmoqda. Biroq, Payg`ambarimiz Muhammad (sallollohu alayhi vassallam) ham Bibi Oyshaga uylangan vaqtda undan ancha katta bo`lganini unutmaslik zarur.

Ular birgalikda baxtli hayot kechirgan, Bibi Oysha hamisha Muhammad Payg`ambarni qo`llab-quvvatlagan, u esa rafiqasini odamlar u haqda qo`rqinchli gap-so`zlar tarqatganida himoya qilgan.

Men Lord Shayxga o`z xohishim bilan turmushga chiqdim, uning yoshi, mavqei yoki boyligi mening qarorimga hech qanday ta`sir ko`rsatmadi. Men uchun yosh — bu ko`ngil holati, ayrim keksa kishilar yosh erkaklarga qaraganda ko`proq energiya va g`ayratga ega bo`ladi.

Men turmush o`rtog`imni har doim kuchli intellektga ega bo`lgan, shu bilan birga atrofdagilarga o`ta g`amxo`r munosabatda bo`ladigan mukammal inson deb hisoblaganman.

Biz bir-birimizni qo`llab-quvvatlaymiz hamda men u bilan baxtliman. Unga turmushga chiqishimni esa taqdir deb atayman.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

23.03.2019, 19:47
17.03.2019, 19:57