Му5
48

Ektor Kuper: Muxlislarga yoqadigan o`yin namoyish qilmoqchimiz

Sport 12.01.2019, 19:57
865
Ektor Kuper: Muxlislarga yoqadigan o`yin namoyish qilmoqchimiz

O`zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper va Anzur Ismoilov bugun Turkmanistonga qarshi o`yinoldi matbuot anjumanida ishtirok etishdi. Dastlab, Ektor Kuper o`z fikrlarini bildirib o`tdi.

"Turmanistonga qarshi o`yinga jiddiy tayyorgarlik ko`ryapmiz. Turkmaniston yaxshi shakllangan jamoa. Biz ularning Yaponiyaga qarshi o`yinini tomosha qildik. Turkmanistonga qarshi faqat g`alaba uchun maydonga tushamiz.

Ummonga qarshi o`yinni hamma turlicha tahlil qildi. Muhimi biz o`sha o`yinda g`alaba qozondik. Ummon kuchli terma jamoa. Ular Fors Ko`rfazi musobaqasida g`alaba qozonishgan. Shu sababli ularni mag`lubiyatga uchratganimizdan xursandmiz. Turkmanistonga qarshi o`yinda avvalgi xatolarimizni to`g`irlab, chiroyli o`yin namoyish qilishga harakat qilamiz.

Turkmaniston terma jamoasining ustunliklari haqida gapiradigan bo`lsak, ular tartibli jamoa. Yaponiyaga qarshi o`yinda ular tartibli harakat qilishdi, lekin ularga tajriba etishmadi. Ertaga maydonga tushadigan har ikki terma jamoaning o`z o`yin uslubi bor. Kim kuchliroq ekanini maydondagi o`yin ko`rsatadi.

Egor Krimes qizil kartochka tufayli ertangi o`yinni o`tkazib yuboradi. Ammo bizda uning o`rniga maydonga tushishi mumkin bo`lgan ikki nafar futbolchi bor. Ulardan qaysi biri o`sha paytda yaxshiroq formada bo`lsa, o`sha futbolchi asosiy tarkibda maydonga tushadi.

Turkmaniston terma jamoasi himoyasida o`ziga yarasha muammolar bor. Biz ertaga ana shu muammolardan foydalanib hujum tashkil qilishga va raqib darvozasini ishg`ol qilishga urinamiz.

Misr terma jamoasida ishlaganimda boshqacha uslubda to`p surganmiz. O`zbekistonda boshqacha uslubni shakllantirmoqdamiz. Ba`zi o`xshashliklar bo`lishi mumkin, lekin bu ikki mamlakat futboli turlicha. Biz muxlislarga va jurnalistlarga yoqadigan o`yin namoyish qilib, g`alaba qozonishga harakat qilamiz", - dedi Kuper.

Shundan so`ng himoyachimiz Anzur Ismoilov o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdi:

"Turkmanistonga qarshi o`yinga tayyormiz. Ertaga faqat g`alaba qozonish va uch ochkoni qo`lga kiritish uchun maydonga tushamiz.

Terma jamoada tajribali futbolchilar bilan birga yosh futbolchilar ham bor. O`ziga xos balans o`rnatilgan. Bizning ortimizdan juda ko`plab kuchli futbolchilar etishib chiqmoqda. Umid qilamizki, ular bilan o`z maqsadimizga etamiz".

Шарҳлар