Му5
50

Germaniya jamoatchiligi O`zbekiston madaniy merosidan bahramand bo`lmoqda

Madaniyat 15.01.2019, 23:05
1512
Germaniya jamoatchiligi O`zbekiston madaniy merosidan bahramand bo`lmoqda

Berlin shahrida 15 yanvar kuni “Buyuk ipak yo`li merosi – O`zbekiston va Germaniya o`rtasidagi ko`prik“ mavzuida xalqaro ilmiy-madaniy forum boshlandi.

Tadbir O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Germaniya Federativ Respublikasiga rasmiy tashrifi oldidan tashkil etildi.

Forum doirasida O`zbekistonning Berlindagi elchixonasida “O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida“ loyihasining kitob-albomlari ko`rgazmasi ochildi.

Prezidentimiz so`zboshisi bilan boshlangan “O`zbekiston madaniy merosi Germaniya to`plamlarida“ kitob-albomi taqdimoti barchaning e`tiborini tortdi. Ushbu nashr zamonaviy multimedia texnologiyalaridan foydalangan holda tayyorlangan, nafaqat o`qish, balki smartfon orqali maxsus tayyorlangan videolavhalarni 3 tilda tomosha qilish hamda osori-atiqalarni 3D ko`rinishida o`rganish imkonini beradigan ilk ilmiy-ommabop kitob sifatida O`zbekiston noshirligi tarixidan joy oladi.

Tadbir doirasida Germaniyaning etakchi olim, ekspert, san`atshunoslari Berlin, Drezden, Leypsig va Shtutgart shaharlari muzeylarida saqlanayotgan boy o`zbek san`atiga oid to`plamlar to`g`risida so`zlab berdi. Ular orasida Berlin etnologiya muzeyida saqlanayotgan Buxoro amirligi to`plami, Gamburgdagi Manzarali-amaliy san`at muzeyidagi Bayonqulixon maqbarasi ashyolari, Berlin davlat kutubxonasida saqlanayotgan Alisher Navoiy asarlari qo`lyozmalari, Bumiller to`plamiga kiruvchi O`zbekiston madaniy-tarixiy merosi namunalari, shuningdek, Shtutgartdagi Linden muzeyining Sharqiy bo`limida saqlanayotgan noyob to`plam ham bor.

– O`zbekiston madaniy merosining katta qismi ayrim tarixiy sabablarga ko`ra xorijga chiqib ketgan. O`zbek san`atining ajoyib to`plamlari Berlin, Drezden va Leypsig muzeylarida saqlanmoqda. Masalan, Germaniyaning eng ko`p tashrif buyuriladigan Peram muzeyida Buyuk ipak yo`li markazida joylashgan qadimgi shahriston – Afrosiyobning butun dunyoga mashhur sopol buyumlari kabi bebaho durdonalar mavjud. Germaniya milliy kutubxonasida jahon sivilizasiyasiga ulkan hissa qo`shgan buyuk ajdodlarimiz qalamiga mansub noyob qo`lyozma kitoblar saqlanmoqda. Shu sababli nemis hamkasblarimiz bilan imkoniyatlarni birlashtirib, madaniy merosimizning ham O`zbekistonda, ham Evropada o`rganilishiga yangi sur`at bag`ishlaydigan ushbu kitobni yaratdik, – dedi “O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida“ loyihasi muallifi va rahbari Firdavs Abduxoliqov.

Germaniya muzeylaridagi xalqimiz madaniyati to`plamlari haqida so`z yuritganda Sharq Uyg`onish davrida yaratilgan qo`lyozmalar juda qimmatli ekanini qayd etish joiz.

Berlin davlat kutubxonasining Sharq bo`limi rahbari, doktor Kristofer Raux ushbu kutubxonada saqlanayotgan kitobat san`ati durdonalari haqida so`zlab berdi.

– Bu erda namoyish etilayotgan qo`lyozmalarning ayrimlari o`zbek mumtoz yozuvchilari yashagan va ijod qilgan hududlardan bo`lsa, ayrimlari bevosita O`zbekistondan keltirilgan. Masalan, kutubxonamizda XIX asrdan buyon saqlanib kelinayotgan Mirzo Ulug`bekning astronomik jadvallari. Ularda 38 turkumga kiruvchi 1018 yulduz to`g`risida ma`lumotlar, shuningdek, yulduz yili uzunligi keltirilgan, – dedi u.

Darhaqiqat, O`zbekiston madaniy merosi rang-barang, turfa, bitmas-tuganmas boylikdir.

– Biz o`zbek san`atiga oid to`plamimiz bilan faxrlanamiz, – deydi Pergam muzeyi tarkibiga kiruvchi Islom san`ati markazi direktorining o`rinbosari doktor Ute Franke. – To`plam u qadar katta bo`lmasa ham, tarixiy va badiiy jihatdan biz uchun g`oyat qadrlidir.

Шарҳлар