Му5
44

Klopp yana “Bavariya”ni ranjitdi, Messi esa to`purarga aylandi

Sport 14.03.2019, 13:00
1424
Klopp yana “Bavariya”ni ranjitdi, Messi esa to`purarga aylandi

Kecha tunda UEFA Chempionlar ligasining nimchorak finalidan o`rin olgan yana ikkita uchrashuv o`tkazilib, barcha chorak finalchilar aniqlandi.

Tan olish kerak, “Barselona” – “Lion” qarama-qarshiligida Kataloniya jamoasining g`alaba qozonish imkoniyati yuqori baholanayotgan edi, garchi ChLning so`nggi o`yinlarida kambeklar qayd etilishi tobora odatiy holga aylanib borayotgan bo`lsa-da. Biroq, Myunxendagi “Alyans Arena” stadionida o`tadigan “Bavariya” – “Liverpul” to`qnashuvidan ko`p narsani kutish mumkin edi va amalda shunday bo`ldi ham.

Angliyada nursiz durang qayd etgan myunxenliklarning javob o`yinida imkoniyati hiyla yuqori baholanayotgan edi. Boz ustiga “Bavariya” so`nggi paytlarda tobora sport formasiga kirib borayotgan hamda Germaniya chempionatida ham peshqadamlikni dortmundliklardan tortib olgandi. Biroq, Yurgen Klopp aynan “Borussiya” (Dortmund) ustozi sifatida myunxenliklarni ko`p bora ranjitganini kecha yana eslab qoldi va “Alyans Arena”dan g`alaba bilan qaytdi.

Manening dubli hamda van Deyk tomonidan kiritilgan gollar “Liverpul” jamoasiga 3-1 hisobida g`alaba keltirdi. “Bavariya”ning yagona javob goli ham mehmonlar vakili hisobiga yozildi, “mersisaydliklar” himoyachisi Joel Matip kutilmaganda o`z darvozasini ishg`ol etib qo`ydi. Shu tariqa APLning so`nggi vakili ham ChL chorak finaliga yo`l oldi.

“Nou Kamp” stadionida kechgan “Barselona” – “Lion” uchrashuvi kutilganidek Messi va uning jamoadoshlariga bag`ishlandi. Butun o`yin davomida tashabbusni qo`ldan bermagan maydon egalari fransuzlar darvozasini naqd besh marta ishg`ol qildi: “Barselona” – “Lion” – 5:1. Ana shu gollardan ikkitasiga aynan Messi mualliflik qildi va bu bilan u joriy yilgi ChLda urgan gollari sonini 8taga etkazib oldi. Bu borada Leo “Bavariya” to`purari Robert Levandovskiga tenglashdi, endi har ikki hujumchi hisobida 8tadan gol mavjud. Faqat, “Bavariya” vakili uchun musobaqa tugaganligini inobatga olsak, Messida musobaqa to`purariga aylanish uchun ajoyib imkoniyat hosil bo`ldi.

O`zA

Шарҳлар