Ташкент +4° Tue 16:45
Долзарб мавзулар Foto

Avtotransport vositasini davlat ro`yxatidan o`tkazishda texnik ko`rik bekor bo`lishi mumkin

Бўлимлар: Jamiyat
Теглар:
Добавлено: 14.04.2019, 16:13

Adliya vazirligi huzuridagi davlat xizmatlari agentligi avtoraqamlar berishning mutlaqo soddalashtirilgan va korrupsiyasiz mexanizmini taklif qilmoqda

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi muhokamasi – regulation.uz saytiga avtomototransport vositalarini davlat ro`yxatidan o`tkazishning yangi mexanizmini belgilab beruvchi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Loyihaga ko`ra, avtomototransport vositalarini davlat ro`yxatidan o`tkazish va avtoraqam berish xizmati tajriba tariqasida 2019 yil 1 maydan boshlab, Toshkent shahrida Ichki ishlar Bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda Davlat xizmatlari markazlari orqali ko`rsatiladi.

Bunda, markazlar orqali quyidagi toifadagi avtotransport vositalari ro`yxatdan o`tkazilishi rejalashtirilmoqda:

– O`zbekistonda ishlab chiqilgan va xorijdan keltirilgan yangi avtomototransport vositalari;

– notarial oldi-sotdi shartnomasi asosida mulkdori o`zgargan ikkilamchi avtotransport vositalari.

Avtotransport vositasini ro`yxatdan o`tkazish uchun fuqarolardan faqatgina pasport va mulk huquqini e`tirof etish hujjati (avtosalonlardan beriladigan hisob-ma`lumotnoma, bojxona deklarasiyasi yoki oldi-sotdi shartnomalaridan biri) taqdim etiladi xolos.

Xizmat ko`rsatish vaqti –1 soat.

Loyiha aholini qiynayotgan asosiy ikki muammo – byurokratiya va korrupsiyani istisno etishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir, deyiladi Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmati xabarida.

Agentlikning taklifiga ko`ra, endilikda avtotransport vositasini davlat ro`yxatidan o`tkazishda avtotransport vositalarini ko`zdan kechirish, texnik ko`rikdan o`tkazish talab etilmaydi.

Ko`rikdan o`tkazmasdan, ya`ni, avtotransport vositasining dvigateli, shassi raqamlarini ko`rib solishtirmasdan turib avtotransport mulkdorini belgilashning xavflilik darajasi baland emasmi degan savol tug`ilishi tabiiy.

Javob bitta – bunda hech qanday xavf yo`q. Qanday qilib..?

Sababi, O`zbekistonda ishlab chiqilgan avtotransport vositasi sotib olinganda, avtosalonlar mulk huquqini e`tirof etish hujjatlarini (schyot-spravkalarni) shundoq ham avtomototransport vositalarining turi, markasi, modeli, ro`yxatdan o`tkazish davlat raqami belgisi, identifikasiyalovchi shassi (rama), kuzov va dvigatellar raqamlarini solishtirgan holda beradi.

Shunday ekan, buni yana qayta texnik yoki boshqa ko`rikdan o`tkazishga ehtiyoj mavjud emas.

Xuddi shunday, xorijdan keltirilgan yangi avtotransport vositalari haqidagi ma`lumotlar (deklarasiya hujjatlari) ham bojxona organlari tomonidan elektron tizimga kiritib boriladi, ularni tizim orqali tekshirish imkoniyati yaratilgan.

Shunga ko`ra, endilikda Davlat xizmatlari markazlari avtotransport vositalarini davlat ro`yxatidan o`tkazishda maxsus elektron tizim orqali avtosalonlar tomonidan berilgan schyot–spravkalar hamda bojxona organlari tomonidan berilgan bojxona deklarasiyasi ma`lumotlariga asoslangan holda avtotransport vositasini ko`zdan kechirmasdan ro`yxatdan o`tkazadi.

Soddaroq ifodalaydigan bo`lsak, fuqarolar avtomashinasini ro`yxatdan o`tkazish va avtoraqam olish uchun Markazlarga avtotransport vositasi bilan kelishi ham shart emas.

Ikkilamchi bozordagi avtotransportlarchi?

Ularni ham qayta rasmiylashtirishda – texnik yoki boshqa tarzdagi ko`riklardan o`tkazish talab etilmaydi.

Sababi – eski avtotransportlar notariuslar tomonidan boshqa shaxs nomiga oldi-sotdi shartnomalari asosida o`tkazilgunga qadar shundoq ham ichki ishlar organlari tomonidan agregatlar raqamlari ro`yxatdan o`tkazish raqamlariga muvofiqligi yuzasidan ko`zdan kechiriladi.

Notarius ichki ishlar organining ushbu ma`lumotnomasiga asoslangan holda oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlaydi.

Shunday ekan, oldi-sotdi qilingan avtotransport vositasini ro`yxatdan o`tkazishda uni yana qayta ko`rikdan o`tkazishga ehtiyoj mavjud emas.

Ya`ni, Davlat xizmatlari markazlari ikkilamchi bozordagi avtotransportni – notarial shartnomani elektron tizimdan tekshirgan holda hech qanday ko`rikdan o`tkazmasdan amalga oshiradi.

Avtoraqamlar – korrupsiyasiz!

Agentlik ma`lumotida yana bir jihatga e`tibor qaratilgan. Qayd etilishicha, endilikda avtoraqamlar korrupsiyaning oldini olish maqsadida maxsus elektron tizim orqali inson omilining aralashuvisiz to`liq avtomatik tarzda tanlash orqali taqdim etiladi.

Har bir ro`yxatdan o`tkazilgan raqamlar Markaz binosidagi yirik interaktiv ekranda ochiq ko`rinishda aks ettiriladi va real vaqt rejimida yangilanib boriladi.

Xuddi shuningdek, auksion orqali beriladigan avtoraqamlar toifasiga kirmaydigan ayrim xaridorgir raqamlarni (jumladan, “ko`zgu” shaklidagi, masalan 212, 343, 717 va hokazo) orttirilgan stavkada taqdim etish nazarda tutilmoqda.

E`tiborli jihati, bunda ham korrupsion xavfni nol darajagacha kamaytirish maqsadida ushbu toifadagi raqamlar ham qo`shimcha to`lov evaziga avtomatik tarzda elektron tizim orqali tanlash yo`li bilan amalga oshiriladi.

Ya`ni, fuqaro xaridorgir raqam uchun eng kam oylik ish haqining 1 baravari miqdoridagi qo`shimcha to`lov amalga oshirsa, unga 1X1 – 9X9 toifadagi ko`zgusimon raqamlardan (jami 72 ta) biri inson omilining aralashuvisiz elektron tizim orqali tanlab beriladi.

Davlat xizmatlari agentligi fuqarolarni ushbu loyiha muhokamasiga o`z taklif-mulohazalari bilan faol ishtirok etishga chorlamoqda.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Shou-biznes

SUG'DIYONA