Му5
48

Ginnes jahon rekordlari “O`zbekiston”da

Jamiyat 18.04.2019, 15:59
1268
Ginnes jahon rekordlari “O`zbekiston”da

1950 yilda Guinness kompaniyasining rahbari ser Xyu Biverning miyasiga turli jahon rekordlari aks etgan kitobni nashr ettirish fikri keladi. Mana 60 yildirki, ushbu kitob qahramonlarining yutuq va muvaffaqiyatlari millionlab insonlarni hayratdan yoqa ushlashga majbur etmoqda.

Dunyoga mashhur “The Guinness Book of Records” kitobining ilk nashri 1955 yil 27 avgustda dunyo yuzini ko`rdi. Dastavval reklama mahsuloti sifatida chiqarilgan kitob bir zumda butun mamlakat bo`ylab ommaviy tarzda yoyila boshladi. Bir yil o`tib u AQShda nashr qilindi, bugungi kunga kelib esa kitob 100danortiq davlatda 20 tilda bosib chiqarilmoqda. 1999 yildan boshlab kitob nomi rasmiy ravishda “Guinness. World Records” deb yuritila boshladi, sababi – ushbu loyiha endi nafaqat kitob, balki teleshou, muzey, veb-saytlar, raqamli kanallar, elektron kitoblarni o`zida jamlay boshladi. U endilikda, hattoki to`g`ridan-to`g`ri efirga uzatiluvchi shouga ham aylandi.

Bugungi kunda “Guinness. World Records” yiliga taxminan 50 000 talabgorning ishlarini ko`rib chiqadi va o`z hakamlarini okean tubidan tortib dunyoning eng baland binosi bo`lgan Burj-xalifagacha jo`natadi. Hozirda tashkilot Londonda o`zining tahririyatiga ega, shuningdek, Nyu- York (AQSh), Tokio (Yaponiya), Pekin (Xitoy) va Dubay (BAA)dagi ofislarda ham vakolatxonalari mavjud.

Yuzlab yangi yutuqlar, aql bovar qilmas imkoniyatga ega insonlar, kun sayin yangilanib borayotgan rekordlar va albatta, ko`plab hayratomuz suratlar jamlangan “Ginnes. Jahon rekordlari” kitobi yurtimizdagi eng nufuzli nashriyot “O`zbekiston” NMIU tomonidan ilk bor o`zbek tilida chop etildi. Ushbu nashrni varaqlay turib, siz kitob ustida ishlagan insonlarning davr talabiga hamohang tarzda dunyoda sodir bo`layotgan yangi voqea-hodisalardan boxabar bo`lib borayotganiga va ushbu o`zgarishlarni yorqin suratlarda ifodalashga harakat qilayotganiga amin bo`lasiz. Ma`lum yo`nalishga oid bo`lgan rekordlarni topishda o`quvchilarga qulaylik tug`dirish maqsadida ular alohida bo`limlarga ajratilgan. Kitobda “Dunyodagi eng uzun lag`mon”, “Mo`yqalamda ishlangan eng katta surat”, “Pahlavon ayol”, “Kuchli sochlar egasi”, “Fidoyi o`qituvchi” kabi yo`nalishlar bo`yicha hamyurtlarimiz tomonidan o`rnatilgan ko`plab qiziqarli jahon rekordlari ham o`rin olgan bo`lib, bu Sizni bee`tibor qoldirmasligi shubhasiz. Ishonamizki, 60 yillik tarixga ega va dunyodagi eng ko`p sotiluvchi kitoblar qatoridan muqim o`rin egallab kelayotgan rekordlar jamlanmasi sizga olam-olam zavq bag`ishlaydi.

“O`zbekiston” NMIU matbuot xizmati

Шарҳлар