Долзарб мавзулар Foto

​Server Jeparov "Metallurg" bilan sovrin yutishiga ishonmoqda

Бўлимлар: Sport
Теглар:
Добавлено: 19.05.2019, 12:56

Vaqt oliy hakam deganlaridek, hamma narsa o`z vaqti soati bilan ortda qolaveradi. Kechagina o`zbek futbolida haqiqiy yulduz bo`lib porlagan Server Jeparov bugungi kunga kelib faoliyatining so`nggi yillarini o`tkazayotganligi katta ehtimol. Boisi Osiyoning ikki karra eng yaxshi futolchisi bo`lgan hamyurtimiz 37 yoshniqarshilamoqda.

U haqida ko`p va xo`p gapirishimiz mumkin, chunki u bunga arziydi. Jeparov haqidagi har qanday xabar yoki suhbat muxlislarni befarq qoldirmasligiga ham ishonamiz. Zero, Server o`z o`yinlari bilan barchani o`ziga rom qila olgan futbolchidir. Uning joriy mavsumda yana O`zbekiston chempionatiga qaytgani va ayniqsa, Bekobodning «Metallurg» jamoasiga o`tganligi etarlicha shov-shuv ko`tara oldi deb o`ylaymiz. Legioner sifatida o`ynab ham sovrinlarga ega chiqqan va bir necha bor O`zbekiston chempioni bo`lgan Jeparovning joriy yilda «Paxtakor» yoki «Lokomotiv»da emas, balki hech kim kutmaganda «Metallurg» uchun to`p surishga rozi bo`lganligidan keyin ko`pchilik uning faoliyati yakuniga etib borayotgani borasida taxminlarga borishmoqda. Ammo bekobodliklar bunday yuqori darajadagi o`yinchini qo`lga kiritib katta bonusga ega bo`ldilar.

Endi «Metallurg»dagi futbolchilar o`zlari uchun Jeparovdan o`rnak olishmoqda. Qolaversa, Serverning ushbu jamoa a`zosiga aylangani «Metallurg»ning mavqeiga ham ijobiy ta`sir ko`rsatayotgani ham aniq. Kuni kecha Jeparov bilan bir qator masalalarda suhbatlashdik. O`zaro muloqot davomida «Metallurg»ga o`tganining sababi, o`zi haqida, keyingi taqdiri va yana boshqa qiziqarli mavzular haqida gap bordi. Darvoqe, u bilan suhbatni uyushtirishda yaqindan yordam bergani uchun klub matbuot xizmatiga o`z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

- Server, avvalo biz bilan suhbatlashishga va muxlislarni qiziqtirgan savollariga javob berishga rozi bo`lganligingiz uchun sizga minnatdorchilik bildiramiz. Dastlabki savolimiz, qanday qilib “Metallurg” jamoasi a`zosiga aylanib qoldingiz? Bekobod jamoasi bilan shartnoma imzolashingizda bosh murabbiy Andrey Shipilovning roli katta deb eshitganmiz, bu qanchalik to`g`ri? Jamoaga uning uchun o`tdingizmi?

- Mening taqdirim bilan qiziqayotgan muxlislarga men ham o`z minnatdorchiligimni bildiraman. Fursatdan foydalanib butun yurtdoshlarimizni ulug` Ramazon oyi bilan qutlayman. Barcha ezgu niyatlari amalga oshishlarini tilab qolaman. “Metallurg” jamoasiga o`tishim masalasiga keladigan bo`lsak, haqiqatan ham mening ushbu klubga o`tishimda Andrey Sergeevich Shipilov sababchi bo`ldi. Mening xorijdan vatanimizga qaytayotganligimni eshitib, birinchilardan bo`lib taklif bilan aloqaga chiqdi. Men esa bu chorlovga yo`q demadim. Sababi Andrey Sergeevichni oldindan yaxshi tanirdim, birga ishlaganmiz. Qolaversa, inson chaqirilgan va taklif etilgan joyga borishi kerak, deb o`ylayman.

- Siz ikki marta Osiyoda yilning eng yaxshi futbolchisi bo`lgansiz. Nom jihatdan qaraydigan bo`lsak, Jeparovning “Metallurg”ga o`tishi klub imidjini ko`tarmoqda. Ba`zilar bunday saviyadagi o`yinchiga “Metallurg” unchalik mos jamoa emas deb gapirishyapti. Bunga qanday qaraysiz?

- Vaqt bir joyda to`xtab turmaydi. Zamon o`zgaryapti. Tabiiyki, klublarda ham islohotlar amalga oshayotganini barcha ko`rib turibdi. “Metallurg” ham bundan mustasno emas. Bekobod jamoasi ham o`z oldiga yuksak maqsadlarni qo`ygan kollektiv. Bunday vazifani bajarish uchun shunga mos o`yinchilar kerak. Bir paytlar “Quruvchi-Bunyodkor”ni ham hech kim bilmasdi. Endilikda esa butun dunyo taniydi.

- Sizning “Metallurg” jamoasiga o`tishingiz futbolimizda o`ziga xos voqeilik ham bo`ldi. Buni shov-shuvli transferlardan biri bo`ldi desak qanday qaraysiz?

- Men uchun esa odatdagidek, yuqori maqsadlarni ko`zlagan, katta imkoniyatlarga ega klubga transfer bo`ldi, deb o`ylayman.

Jeparov Server

- Keyingi paytlarda sizni maydonda kam ko`ryapmiz, nima sabab?

- Afsuski, Samarqandda “Dinamo”ga qarshi uchrashuvda jarohat oldim. Ayni paytda ushbu jarohat bo`yicha davolanishdaman.

- Hozir ahvolingiz qanday? Tiklanish jarayoni qanday ketyapti?

- Ko`z tegmasin hammasi rejadagidek ketyapti. Jarohat asoratlaridan qutulish arafasidaman. Jamoa shifokori bilan tiklanish jarayonida mehnat qilyapmiz. Tez orada safga qaytish umididaman.

- Yillar o`z so`zini aytadi degan ibora mavjud. Ya`ni, yoshingiz ham o`tib boryapti. Siz o`zingizda buni sezyapsizmi?

- Albatta bundan hech kim qochib qutula olmaydi. Yillar davomidagi tinimsiz mehnat, yuklama, mashg`ulot, og`ir o`yinlar tanani charchatadi. Shu boisdan ham doimo to`g`ri ishlash, organizmni vaqtida qo`llab-quvvatlab turish kerak. Lekin mening hali jamoadoshlarimga yordamim tegadi deb o`ylayman.

- Ancha yillar legioner sifatida to`p surib, O`zbekiston chempionatiga qaytgan futbolchi sifatida ayting-chi, futbolimizda o`zgarishlarni his etyapsizmi? Superliga sizga yoqyaptimi?

- Ko`p mamlakatlarda o`ynadim. Albatta, ularning futboli bilan bizning futbolimizni qiyoslash imkoniyati bor, menda. O`zgarishlar yaqqol ko`rinib turibdi. Ammo buni ikki og`iz so`z bilan tushuntirib berish qiyin. Shunisi aniqki, bizning futbol ham bir joyda to`xtab qolgani yo`q, oldinga rivojlanish kuzatilyapti.

- O`z tarkibida Server Jeparov kabi futbolchisi bor jamoani biz asosan sovrinli o`rinlar uchun kurashishga odatlanganmiz. Hozir esa “Metallurg”dasiz. Shunday ekan, bu jamoa bilan ham qanaqadir sovrinlarni yutishingizni ko`ramizmi?

- Mavsumni yomon boshlamadik. Hali oldinda juda ko`p uchrashuvlar turibdi. Musobaqalarimiz soni ham oshmoqda. Demak shunga yarasha qandaydir sovrinni qo`lga kiritish imkoniyatlari ham bor. Nasib bo`lsa, “Metallurg” ham biror bir unvonga erishadi, deb umid qilaman.

- Sizni Eronning “Istiqlol” jamoasi bilan o`rtangizda muammoli vaziyat bor deb eshitgandik. Endilikda hammasi hal bo`ldimi?

- Hali hal bo`lgani yo`q, eronliklar bilan bir to`xtamga kela olmayapmiz. Endi shartnoma bandida ko`rsatilganidek, muammo yuzasidan FIFAga murojaat qilaman shekilli...

Jeparov Server2

- Bu mavsum sizning futbolchilik faoliyatingizdagi oxirgi mavsum bo`lishi mumkinmi?

- Fol ochishni yoqtirmayman. Hammasini vaqt ko`rsatadi.

- “Metallurg”da tajribali, shuningdek umidli o`yinchilar anchagina. Sizga ko`proq qaysi jamoadoshingizning o`yini manzur kelyapti?

- Aytib o`tganimdek, “Metallurg” jamoasi mavsumni yomon boshlamadi. Haqiqatan ham bizning jamoada iqtidorli o`yinchilar to`planishgan. Ularning hech birini ajratib ko`rsata olmayman. Sababi, ularning barchasi oldilariga qo`yilgan vazifani bajarish yo`lida birdek ter to`kishyapti.

- Futbolchilik faoliyatingizni yakunlagach, nima ish bilan shug`ullanasiz? Qachonlardir futbol agenti bo`lib ishlash niyatim bor degandek bo`lgandingiz...

- Oldimda yo`nalishlar ko`p. Hali tanlab ulgurmadim. Hozirdan “V” murabbiylik lisenziyasiga egaman. Butsani mixga ilaveraylikchi, keyin o`ylab ko`rarman.

- Milliy terma jamoadan umid uzib bo`lgandirsiz. Siz uchun terma jamoa eshiklari yopilgan desak adashmaymizmi?

- Terma jamoa murabbiylari ham siz kabi o`ylashmasa, ochiq deb hisoblayman. Hammasi mening o`zimga, jismoniy holatimga bog`liq. Yaxshi o`ynasam, terma jamoaga loyiq o`yin ko`rsatsam, ehtimol yana taklif bo`lar...

- Terma jamoamizning azaliy orzusi hisoblangan jahon chempionatiga chiqish imkoniyati doim asosiy masalaga aylangan...

- Albatta chiqa oladi. Yaqin yillarda bu vazifani uddalay olishadi, men bunga ishonaman.

- O`zingizni murabbiy sifatida tasavvur qila olasizmi?

- Ha, albatta.

- Barcha futbol muxlislarini ikkita lagerga ajratsak, yarmi Messiga, yarmi esa Ronalduga ishqibozlik qilishadi. Sizga ulardan qay biri ko`proq yoqadi?

- Messi.

- Ko`pchilik sizni o`z biznesiga ega deb o`ylashadi. Aytishlaricha, siz o`z tijoratingizni yo`lga qo`ygansiz. Agar sir bo`lmasa aytingchi, tijoratni qaysi yo`nalishda ochgansiz?

- Tibbiyot yo`nalishida, sport jarohatlarini davolash klinikasi.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

SUG'DIYONA