Долзарб мавзулар Foto

Farg`onada harbiy xizmatchilarning farzandlariga OTMga kirish tavsiyanomalari topshirildi

Бўлимлар: Jamiyat
Теглар:
Добавлено: 22.05.2019, 23:32

Sharqiy harbiy okrug qo`shinlarida harbiy xizmatchilarning farzandlariga kvota asosida oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kirishi uchun tavsiyanomalarni topshirishga bag`ishlangan tantanali tadbir o`tkazildi.

Unda Mudofaa vazirligi markaziy apparati mas`ul ofiserlari, ShHO qo`shinlari qo`mondonligi vakillari, harbiy xizmatchilarning oila a`zolari ishtirok etdi. Ta`kidlash kerakki, O`zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan harbiy xizmatchilar va ularning oila a`zolarini ijtimoiy himoyasiga qaratilgan mazkur imtiyozdan okrug hisobida jami 72 nafar harbiy xizmatchining farzandi ega bo`ldi.

Ushbu tavsiyanomalar mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlashga munosib hissa qo`shgan, jangovar-xizmatda va ilmiy faoliyatda muayyan natijalarga erishgan haqiqiy xizmatni o`tayotgan ofiserlarga, serjantlar va oddiy askarlar tarkibiga mansub bo`lgan, kontrakt bo`yicha harbiy xizmatchilarga – ular farzandlarining oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kirishi uchun bevosita komandirlarning (boshliqlarning) tavsiyasi bo`yicha beriladi.

2018 yilda respublika bo`ylab jami 565 nafar harbiy xizmatchilarning farzandlariga tavsiyanomalar berilgan bo`lib, ularning 280 nafari talabalikka qabul qilingan edi.

Hozirgacha Toshkent harbiy okrugi hamda Toifalangan ob`ektlarni qo`riqlash qo`shinlari qo`mondonligida umumiy hisobda 177 nafar abiturientga tavsiyanomalar berildi. Qolgan okruglarda ham shu turdagi tavsiyanomalarni berish marosimlari o`tkazilmoqda.

Shuningdek, Farg`ona garnizonidagi harbiy qism va muassasalarining 3000 dan ortiq harbiy xizmatchilari va ularning oila a`zolari ishtirokida “Biz sog`lom turmush tarzi tarafdorimiz” shiori ostida yurish aksiyasi o`tkazildi. Hozirgi kunda aholi o`rtasida sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish, yosh avlodni jismonan chiniqtirish va sport orqali ayollar salomatligini yanada mustahkamlash ustuvor vazifalardan hisoblanmoqda.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

SUG'DIYONA