Ташкент +4° Wed 14:37
Долзарб мавзулар Foto

​O`zbekiston Respublikasi aholi punktlarida telekommunikasiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida

Бўлимлар: Jamiyat
Теглар:
Добавлено: 23.05.2019, 07:45

O`zbekiston Respublikasi aholi punktlarida telekommunikasiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Mamlakatimizda telekommunikasiya infratuzilmasini modernizasiya qilish va kengaytirish bo`yicha ko`rilayotgan kompleks tashkiliy-texnik choralar telekommunikasiya xizmatlarining sifatini yaxshilash va turlarini oshirish, shu jumladan, mobil aloqa qamrovini kengaytirishga imkon bermoqda.

Shu bilan birga, olis va qishloq aholi punktlarida, turistik va rekreasion hududlarda, magistral avtomobil va temir yo`llari bo`yida telekommunikasiya infratuzilmasini, shuningdek, Internet tarmog`iga simsiz keng polosali ulanish tarmoqlarini rivojlantirish sur`atlari etarli emas.

Telekommunikasiya tarmoqlarini jadal rivojlantirishga salbiy ta`sir etuvchi omillarni bartaraf etish, elektron davlat xizmatlarining ommabopligini ta`minlash, shuningdek, hududlarda raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi uchun zarur infratuzilmani yaratish maqsadida:

1. Belgilab qo`yilsinki:

telekommunikasiya tarmoqlari, qurilmalari, vositalari va ob`ektlari, operatorlar va provayderlarning mobil aloqa bazaviy stansiyalari, shu jumladan, ijaraga beruvchilarning hududlarida ijara asosida o`rnatilgan stansiyalar (keyingi o`rinlarda – telekommunikasiya ob`ektlari) mulkchilik shaklidan qat`i nazar, muhandislik-kommunikasiya infratuzilmasi ob`ektlari hisoblanadi;

muhandislik-kommunikasiya infratuzilmasi ob`ektlari, shu jumladan, kabel kanalizasiyasi, past tokli kabel shaxtalari, telekommunikasiya qurilmalarini o`rnatish uchun maydonlar va infratuzilmalar bilan ta`minlanmagan jamoat, sanoat, turar joy, ma`muriy binolar va inshootlarni qurish hamda foydalanishga qabul qilishga yo`l qo`yilmaydi, loyiha-smeta hujjatlari 2019 yil 1 iyulgacha tasdiqlangan binolar va inshootlar bundan mustasno;

telekommunikasiya ob`ektlarini ko`chirish, qayta o`rnatish, shuningdek, ularning faoliyatiga uchinchi shaxslar tomonidan har qanday aralashish yuzaga kelgan muammolarni hal etishning boshqa imkoniyatlari mavjud bo`lmagan hollardagina hamdafaqat mazkur ob`ektlarning egasi bilan kelishilgan holdaamalga oshiriladi. Bunda telekommunikasiya operatorlari va provayderlarining telekommunikasiya ob`ektlarini ko`chirish yoki qayta o`rnatish, ularni sozlash ishlarini amalga oshirish bo`yicha xarajatlari mazkur o`zgarishlarning tashabbuskori tomonidan to`liq hajmda qoplanadi;

binoda yashovchilardan telekommunikasiya xizmatlarini taqdim etishga ariza mavjud bo`lganda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari telekommunikasiya operatorlari va provayderlariga bino ichida telekommunikasiya tarmoqlarini past tokli kabel shaxtalari, telekommunikasiya qurilmalarini o`rnatish uchun maydonlar va infratuzilmadan beg`araz asosda foydalangan holda o`tkazishni rad etishga yoki to`sqinlik qilishga haqli emaslar, mobil aloqa baza stansiyalarini o`rnatish bundan mustasno.

2. 2019 yil 1 avgustdan shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:

a) davlat-xususiy sheriklik shartlarida olis va qishloq aholi punktlarida joylashgan byudjet tashkilotlari uchun telekommunikasiya infratuzilmasini yaratishni ta`minlagan telekommunikasiya operatorlari va provayderlariga, mobil aloqa operatorlaridan tashqari, 10 yil davomida quyidagilar kafolatlanadi:

ularning xizmatlaridan olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari foydalanishi;

“O`zbektelekom” AK tomonidan Internet tarmog`iga kirish xizmatini ulanish joyidan qat`i nazar yagona tarif bo`yicha taqdim etilishi;

olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari tomonidan mazkur tashkilotlarga, shuningdek, ushbu hududdagi aholi va boshqa yuridik shaxslarga xizmat ko`rsatishga mo`ljallangan telekommunikasiya vositalarini o`rnatish uchun maydonlar va infratuzilmalarni beg`araz asosda taqdim etish;

b) telekommunikasiya operatorlari va provayderlarining foyda solig`i hamda yagona soliq to`lovini hisoblashda soliq solinadigan baza olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari uchun muhandislik-kommunikasiya infratuzilmasi ob`ektlarini yaratishga yo`naltirilgan mablag`lar summasiga kamaytiriladi.

O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlariga, ular telekommunikasiya tarmoqlariga ulanganidan so`ng, ularning buyurtmalari bo`yicha telekommunikasiya xizmatlaridan foydalanishlari uchun zarur mablag`larni ajratsin.

3. Belgilansinki:

Wi-Fi texnologiyasi bo`yicha simsiz ma`lumotlar uzatish uchun signal quvvatidan qat`i nazar 2400-2483,5 MGs va 5000-5999MGs radiochastota polosalarida ekspluatasion yig`im va radiochastota spektridan foydalanganlik uchun to`lov undirilmaydi;

davlat ko`chmas mulkidan telekommunikasiya ob`ektlarini o`rnatish uchun foydalanganlik ijara to`lovining eng kam stavkalari, oshiruvchi koeffisientlarni qo`llamagan holda, “simli elektr aloqasi”dan foydalanish maqsadi bo`yicha stavkaga teng miqdorda qo`llaniladi.

4. Telekommunikasiya operatorlari va provayderlariga 2019 yil 1 iyuldan boshlab davlat subdomenida (gov.uz) joylashtirilgan axborot resurslariga kirishda ishlatiladigan trafik uchun haq olmaslik tavsiya etilsin.

5. Telekommunikasiya operatorlari va provayderlariga 2022 yil 1 yanvarga qadar telekommunikasiya ob`ektlarini qurish-montaj ishlarini, radioelektron vositalarni o`rnatish maydonchalarini (joylarini) o`rnatilgan tartibda kelishgandan so`ng, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan parallel ravishda amalga oshirishga istisno tariqasida ruxsat etilsin.

6. O`zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda jamoat, ma`muriy, turar joy va sanoat maqsadlaridagi binolar va inshootlarni loyihalashga topshiriqlarni hamda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va kelishish bosqichlarida majburiy tartibda quyidagi talablarni ko`zda tutsinlar:

binolarda telekommunikasiya ob`ektlarini o`rnatish uchun tegishli maydonlar va infratuzilmalarni, ularga elektr ta`minotini keltirgan holda, ajratilishini;

binolar ichida telefoniya, ma`lumotlar uzatish va Internet tarmoqlari, kabel televidenie va efir televideniyasini jamoaviy qabul qilish tizimlari, shuningdek, “xavfsiz uy” va qo`riqlash signalizasiyasi kabellarini o`tkazish uchun past tokli kabel shaxtalari mavjudligini;

turar joy, jamoat, ma`muriy va sanoat hududlarida telekommunikasiya liniyalarini yotqizish va telekommunikasiya ob`ektlarini (telekommunikasiya shkaflari, antenna minoralari, machtalari va boshqalar) o`rnatish uchun tegishli er uchastkalari ajratilishini.

7. O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi:

telekommunikasiya operatorlari va provayderlariga telekommunikasiya ob`ektlarini o`rnatishga har taraflama ko`mak bersin, shuningdek, zaruratga ko`ra, ularning temir yo`llar bo`yidagi elektr tarmoqlariga ulanishini ta`minlasin;

yo`l-transport infratuzilmasini qurish va kapital ta`mirlashda bir vaqtda temir yo`llari bo`ylab, shuningdek, zaruratga ko`ra, avtomobil yo`llari bo`ylab kelgusida telekommunikasiya operatorlari va provayderlariga ijaraga berish uchun telekommunikasiya kanalizasiyasini qurishni ko`zda tutsin.

8. O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi:

Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda telekommunikasiya infratuzilmasini yaratish hamda olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlarga, shuningdek, aholi va xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga xizmat ko`rsatish bo`yicha loyihalarni davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

ikki oy muddatda Qoraqalpog`iston Respublikasi va har bir viloyat markazlarida tadbirkorlik sub`ektlari, shu jumladan, telekommunikasiya operatorlari va provayderlarining server hamda telekommunikasiya qurilmalarini zamonaviy maydonchalarda joylashtirish bo`yicha xizmatlar majmuasini taqdim etuvchi xosting va trafik almashuvi markazlarini tashkil etish bo`yicha “Yo`l xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

har chorakda O`zbekiston Respublikasi Ochiq ma`lumotlar portalida keng polosali ulanish va mobil Internet qamrovi zonalari to`g`risida hududlar kesimidagi ma`lumotlarni chop etib borsin.

9. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari telekommunikasiya operatorlari va provayderlarining murojaatlari asosida olis va qishloq aholi punktlarida, turistik va rekreasion zonalarda, magistral avtomobil va temir yo`llari bo`ylarida doimiy foydalanish (yoki uzoq muddatli ijara) huquqida telekommunikasiya tarmoqlarini, shu jumladan, optik-tolali aloqa liniyalarini, antenna minora va machtalarini hamda telekommunikasiya ob`ektlarini o`rnatish xonalarini qurish uchun er uchastkalarining o`z vaqtida ajratilishini ta`minlasin.

10. O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda ilg`or xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda mobil aloqa va simsiz ulanish qurilmalaridan turli chastotalardagi elektromagnit nurlanishi ta`siri xavfsizligining sanitariya qoidalari va me`yorlarini qayta ko`rib chiqsin.

11. O`zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi “O`zbekenergo” AJ bilan birgalikda olis va qishloq aholi punktlarida, turistik va rekreasion zonalarda, magistral avtomobil va temir yo`llar bo`ylarida quyidagilarni o`z vaqtida ta`minlab borsin:

telekommunikasiya operatorlari va provayderlari murojaatlari bo`yicha telekommunikasiya ob`ektlarini elektr tarmoqlariga ulash;

viloyatlar va tumanlar markazlaridagi mobil aloqa tarmoqlari bazaviy stansiyalarini hamda telekommunikasiya operatorlari va provayderlarining markaziy bog`lamalarini, teleradioeshittirish ob`ektlarini elektr tarmoqlaridan o`chirilmaydigan toifali ob`ektlar qatoriga kiritish;

elektr tarmoqlari tayanch ustunlariga telekommunikasiya tarmoqlarini beg`araz asosda o`rnatishga (osishga) ruxsat berish.

12. 2022 yil 1 yanvarga qadar yuridik shaxslar tomonidan olib kiriladigan telekommunikasiya vositalari ilovaga muvofiq bojxona to`lovlarini to`lashdan (qo`shilgan qiymat solig`i va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig`imlardan tashqari) ozod etilsin.

13. O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlaridagi turistik ob`ektlarda bosqichma-bosqich, shu jumladan, 2019 yilda davlat-xususiy sheriklik shartlarida Internet tarmog`idan simsiz foydalanish bo`yicha ommaviy nuqtalarni tashkil etsin.

14. O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi telekommunikasiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni xarid qilishga texnik topshiriqlarni kompleks ekspertizadan o`tkazish va tegishli xulosa berishni ular kiritilgan sanasidan boshlab ikki hafta muddatda ta`minlasin.

15. O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:

ilg`or xalqaro tajribani inobatga olgan holda telekommunikasiya ob`ektlarini olib kirish, loyihalash, qurish va foydalanishga qabul qilishda ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish va qisqartirish;

qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o`zgartirish

va qo`shimchalar to`g`risida takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O`zbekiston Respublikasi

Bosh vazirining birinchi o`rinbosari A.J.Ramatov zimmasiga yuklansin.

O`zbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri,

2019 yil 22 may

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Shou-biznes