Му5
46

Jahonning eng kuchli kurashchilari Buxoroda bellashadi

Sport 06.06.2019, 14:30
1883
Jahonning eng kuchli kurashchilari Buxoroda bellashadi

Buxoroda 7-12 iyun kunlari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash bo`yicha ulug` mutafakkir ajdodimiz hazrat Bahouddin Naqshband xotirasiga bag`ishlangan 1 xalqaro turnir bo`lib o`tadi.

Ushbu yirik musobaqa O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi, O`zbekiston Kurash federasiyasi va Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilmoqda.

Ta`limoti inson ma`naviy va jismoniy kamoloti g`oyalari bilan yo`g`rilgan buyuk pir xotirasini e`zozlash hamda barhayot qadriyatlarimiz sirasiga mansub o`zbek kurashini yoshlar o`rtasida keng ommalashtirish, iste`dod sohiblarini kashf etish va rag`batlantirish, shuningdek, dunyoda milliy sport turimiz nufuzini yanada oshirish maqsadi ko`zlangan mazkur turnir Prezidentimiz sovrini uchun Shahrisabz va Termizda o`tkazilayotgan an`anaviy xalqaro musobaqalar qatoridan munosib o`rin olishi, shubhasiz.

Sovrin jamg`armasi 70 ming dollarga teng mazkur bellashuvda O`zbekiston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Hindiston, Eron, Xitoy, Gonkong, Xitoy Taypeyi, Afg`oniston, Kongo, Makao, Portugaliya, Rossiya, Ozarbayjon, Turkiya, Falastin, Gollandiya kabi 50 ga yaqin mamlakatlardan yuzlab polvonlar gilamga tushishi kutilmoqda.

Turnirda erkaklar etti hamda qizlar uch vazn toifasida g`oliblik uchun bellashadi.

Musobaqada o`z vazn toifasida birinchi o`rinni egallagan polvonlar oltin medal va 3 ming dollar pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Ikkinchi o`rin sohiblariga kumush medal bilan birga 2 ming dollar beriladi. Uchinchi o`rinni egallagan ikki sportchining har biriga bronza medali va 1 ming dollarlik pul mukofoti topshiriladi.

Turnirda bellashuvlarni katta tajribaga ega xalqaro toifadagi hakamlar boshqarib boradi.

– Buxoroda nufuzli musobaqaga puxta tayyorgarlik ko`rildi, – deydi viloyat Kurash federasiyasi ijrochi direktori Savriddin Umarov. – Avvalo, turnirni tomosha qilishga qiziqish kattaligini hisobga olib, bellashuvlar 20 ming o`ringa ega “Buxoro” stadioni o`tkaziladigan bo`ldi. Bu erda ayni shu musobaqaga hozirlik doirasida xorijdan keltirilgan eng zamonaviy kurash gilami maxsus moslamada to`shaldi. Shuningdek,polvonlar, murabbiylar va hakamlar hamda mutaxassislar eng zamonaviy mehmonxonalarga joylashtirildi.

Buxoro katta xalqaro kurash bayrami ruhi bilan yashamoqda.Turnir mamlakatimizda ushbu sport turi rivojlantirishga davlat tomonidan ko`rsatilayotgan katta e`tiborning yorqin ifodasiga aylanadi.

Шарҳлар