Долзарб мавзулар Foto

Mamlakatimizda Xalqaro qishloq xo`jaligi ko`rgazmasi bo`lib o`tmoqda

Бўлимлар: Jamiyat
Теглар:
Добавлено: 13.06.2019, 16:16

Mamlakatimizda “Uzbekistan Agrotech Expo-2019” hamda “Uzbekistan Agromash Expo-2019” Xalqaro qishloq xo`jaligi ko`rgazmasi bo`lib o`tmoqda.

Poytaxtimizdagi “O`zekspomarkaz”da har yili an`anaviy tarzda o`tkazib kelinayotgan mazkur ko`rgazma mamlakatimizning istiqlol yillarida qo`lga kiritgan yutuqlari, eksport va investisiya salohiyati, iqtisodiyotimiz va qishloq xo`jaligida ro`y berayotgan o`zgarishlarni namoyish etish maqsadida tashkil etilgan. Bu galgi ko`rgazmada nafaqat mamlakatimizdagi korxonalar, balki, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Turkiya, Gollandiya, Germaniya, Italiya, Polsha, Ispaniya, Janubiy Koreya, Ukraina, Belarus, Qozog`iston kabi ko`plab davlatlarning kompaniya va korxonalari ham o`z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqdalar.

Ko`rgazma ekspozisiyasi Markaziy pavilon oldidagi maydondan boshlanib, undan “O`zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi “Toshkent qishloq xo`jaligi texnikasi zavodi”, “Chirchiq qishloq xo`jaligi texnikasi zavodi”, “Agregat zavodi”, “Texnolog” aksiyadorlik jamiyatlari hamda “O`zKlaasAgro” O`zbekiston-Germaniya qo`shma korxonasi va boshqa qator korxonalarda tayyorlanagan traktorlar, g`alla o`rish kombaynlari, paxta terish mashinalari, tirkamalar va boshqa qishloq xo`jalik texnikalari joy olgan. Ushbu qudratli texnikalar o`zining salobati va sifati bilan ko`rgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uyg`otayotir.

Ayniqsa,“Toshkent qishloq xo`jaligi texnikasi zavodi” aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilgan “TTZ-812” rusumidagi yangi traktor hamda “Qishloq xo`jaligi mashinasozligi konstruktorlik-texnologik markazi” mas`uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O`zbekiston-Janubiy Koreya qo`shma korxonasida tayyorlangan zamonaviy texnikalar namoyishi ham hech kimni befarq qoldirmayapti. Boisi, ushbu texnikalar o`zining bejirimligi va zamonaviyligi bilan xaridorlar va fermerlarni o`ziga jalb qilmoqda.

– Ushbu ko`rgazma ishlab chiqaruvchi uchun ham, xaridor uchun ham foydali, - deydi “O`zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati bo`lim boshlig`i Ilhom Alimov. – Biz bu erga jamiyatimiz tizimidagi korxonalarda ishlab chiqarilgan 43 turdagi qishloq xo`jaligi texnikalarini olib keldik. Zamonaviy va ilg`or texnologiya asosida tayyorlangan ushbu mahsulotlar xaridorlarga ma`qul bo`lmoqda. Shuningdek, ko`rgazmada mamlakatimizdagi qishloq xo`jaligi klasterlari hamda fermerlarga qulaylik yaratish maqsadida, jamiyatimiz qoshida tashkil etilgan “AGROTEXNIKA LIZING” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan barcha turdagi qishloq xo`jaligi texnikalarini lizing asosida etkazib berish yuzasidan shartnomalar ham imzolanmoqda.

Xulosa qilib aytganda, ko`rgazmada namoyish etilayotgan mahsulotlar yurtimiz va xorijlik ishbilarmonlarda katta qiziqish uyg`otmoqda. Bunday mahsulotlarning namoyishi esa ichki va tashqi bozorlardagi hamkorlar bilan manfaatli shartnomalar imzolanishida muhim manba bo`lib xizmat qilmoqda.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

SUG'DIYONA