Долзарб мавзулар Foto

Ishga sovuqqonlik bilan yondashgan mas`ul xodimlar vazifasidan ozod etildi

Бўлимлар: Jamiyat
Теглар:
Добавлено: 14.06.2019, 07:48

Ijtimoiy tarmoqlarda Nishon tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug`ruqqa tayyorlash bo`limida ahvol achinarli ekani, ayollar va bolalar shifoxona yo`laklarida yotib davolanayotgani aks etgan material va surat tarqaldi. Sog`liqni saqlash vazirligi ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma`lum qiladi.

Bugungi kunda Nishon tumanida istiqomat qilayotgan qirq ming nafardan ziyod fertil yoshdagi ayollarga hududlardagi qishloq vrachlik punktlari va qishloq oilaviy poliklinikalari orqali tibbiy-profilaktika yordami ko`rsatilmoqda. Tuman tibbiyot birlashmasi tizimida esa tug`ruq majmuasi, ginekologiya va homiladorlar patologiyasi bo`limlarida zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, Tolimarjon shifoxonasida ham bu maqsadlar uchun sakkizta o`rin ajratilgan.

— Vaziyat o`rganilganda, tuman tug`ruq bo`limi, homiladorlar patologiyasi va ginekologiya bo`limlarida yo`lakda yotib davolanayotgan bemorlar aniqlanmadi, — deydi Qashqadaryo viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i birinchi o`rinbosari Shavkat Amirov. — Biroq, yuqoridagi holat bo`yicha o`tkazilgan surishtiruvlar jarayonida haqiqatan ham 11 iyun kuni bemorlar bo`limdagi o`rinlariga joylashguniga qadar o`zlari va yaqin qarindoshlari erga joy to`shab yotib olgani ma`lum bo`ldi.

Bunday jiddiy kamchilikka yo`l qo`ygani, o`z ishiga sovuqqonlik bilan qaragani va bo`limda nazoratni susaytirgani uchun tuman tibbiyot birlashmasi boshlig`ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo`yicha o`rinbosari M.Xalilova, Tug`ruq majmuasi mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi N.Sazanbaevalar vazifasidan ozod etildi. Homiladorlar patologiyasi bo`limi vrachi B.Esanovaga esa intizomiy jazo qo`llanilib, o`rtacha ish haqining o`ttiz foizi miqdorida jarimaga tortildi.

Shifoxonada qat`iy nazorat o`rnatmagani, bunday muammolarning oldini olish bo`yicha o`z vaqtida zarur chora-tadbirlarni ko`rmagani uchun tuman tibbiyot birlashmasi boshlig`i Yo.Shonazarov ogohlantirildi. Tuman tibbiyot birlashmasi tizimida kelgusida bunday muammolar kelib chiqmasligi, aholiga ko`rsatilayotgan tibbiy yordamni zamon talablari darajasida tashkil etish bo`yicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.

Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

SUG'DIYONA