Му5
46

Toshkent viloyatida sanoatni rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha vazifalar belgilandi

Siyosat 27.06.2019, 15:13
830
Toshkent viloyatida sanoatni rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha vazifalar belgilandi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 26 iyun kuni hududlarda sanoatni rivojlantirish, bo`sh turgan bino va erlarda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.

Avval xabar berilganidek, 7 iyun kuni bo`lib o`tgan yig`ilishda shu boradagi ishlar Andijon viloyati misolida tahlil qilingan edi. Bu gal Toshkent viloyatidagi mavjud salohiyat va undan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Toshkent viloyati xorijiy investisiyalarni jalb qilish uchun eng qulay hudud. Barcha shahar va tumanlarda etarli elektr energiyasi zaxirasi mavjud. Asosiy iste`mol bozorlariga mahsulot etkazib beradigan yo`l infratuzilmasi ham yaxshi rivojlangan.

Lekin viloyatning ba`zi hududlarida aholi jon boshiga iste`mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi respublika bo`yicha o`rtacha ko`rsatkichdan 2-3 barobar kam. Viloyat sanoatida hududiy korxonalar ulushi atigi 15 foizni tashkil etadi. Bo`ka, Oqqo`rg`on, Ohangaron, Parkent, Piskent, Quyichirchiq kabi tumanlarda sanoat anchayin orqada qolgan.

Joriy oy boshida davlatimiz rahbarining Toshkent viloyatiga tashrifi davomida 2019-2020 yillarda amalga oshiriladigan 40 trillion 300 milliard so`mlik 800 ga yaqin loyihadan iborat dastur ishlab chiqilgan edi. Shundan 300 dan ziyodi sanoat sohasidadir.

Shuningdek, bu borada rezervlar ko`pligidan kelib chiqib, Hududlar sanoatini kompleks rivojlantirish bo`yicha ishchi guruh tomonidan yana 310 ta qo`shimcha loyiha shakllantirildi.

Yig`ilishda mazkur sanoat loyihalari taqdimoti o`tkazildi. Unga ko`ra, iyun oyi boshida tasdiqlangan Dastur bilan birgalikda viloyatda 2019-2022 yillarda umumiy qiymati qariyb 51 trillion so`m bo`lgan 636 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ushbu loyihalar doirasida 4,2 milliard dollar to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni o`zlashtirish orqali sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmini qariyb 2, aholi daromadlarini 2,1 barobar oshirish ko`zda tutilgan. Bu 51 mingdan ortiq doimiy ish joyi tashkil etish imkonini beradi.

Yig`ilishda har bir loyiha tarmoqlar, shahar va tumanlar, tijorat banklari kesimida ko`rib chiqildi. Mutasaddilarga ushbu sanoat loyihalari bo`yicha reja jadvallarini tasdiqlab, ularni o`z muddatida ishga tushirish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Muhim jihati shundaki, viloyat sanoatini rivojlantirish bo`yicha taklif etilgan loyihalarning 60 foizi infratuzilmasi mavjud, lekin bo`sh turgan ob`ektlar va er maydonlariga joylashtirildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli vazirlik va xo`jalik birlashmalari bilan birgalikda respublika bo`yicha samarasiz foydalanilayotgan barcha bino va er maydonlarini xatlovdan o`tkazib, bo`shaydiganlarini tadbirkorlarga auksion orqali sotish, investisiya majburiyatlari bilan “nol” qiymatda berish yoki ular negizida kichik sanoat zonalari tashkil etish vazifasi qo`yildi.

Xususiylashtirilgan ob`ektlarni samarali ishlatish borasida mulk egalarida ayrim muammolar borligi qayd etilib, ularni hal qilish bo`yicha tadbirkorlarga ko`maklashish zarurligi ta`kidlandi.

Videoselektorda erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari salohiyatidan unumli foydalanish masalasi ham atroflicha muhokama qilindi.

Mamlakatimizda jami 21 ta erkin iqtisodiy zona va 150 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilgan bo`lib, ularning hududida qariyb 1 ming 700 ta kichik korxona faoliyat yuritmoqda. Lekin ayrim korxonalar muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari bilan etarlicha ta`minlanmagan edi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 21 iyunda qabul qilingan “Kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida mazkur joylardagi sharoitlarni yaxshilash, mavjud kamchiliklarni hal etish yo`llari belgilab berildi.

Bu barcha hududlardagi, jumladan, Toshkent viloyatidagi kichik sanoat zonalari uchun ham ayni muddao bo`ldi. Bundan foydalanib, viloyatda sanoatni izchil rivojlantirish, bo`sh ob`ektlar negizida yangi quvvatlarni ishga tushirish bo`yicha vazifalar belgilab olindi.

Mutasaddilarga shu tizim asosida Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda sanoatni rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha loyihalarni shakllantirish bo`yicha topshiriq berildi.

Bundan tashqari, yig`ilishda tarmoqlar va hududlar bo`yicha loyihalarda to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni o`zlashtirish holati tanqidiy ko`rib chiqildi. Jahon talablari asosida raqobatbardosh ishlab chiqarishlar tashkil etish, mahsulot va xizmatlar eksportini oshirish, logistikani yanada rivojlantirish, yangi bozorlar topish masalalariga ham alohida e`tibor qaratildi.

Шарҳлар