Му5
46

Bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi eng zamonaviy, mamlakatimiz uchun bazaviy bo`ladi

Siyosat 29.06.2019, 11:26
962
Bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi eng zamonaviy, mamlakatimiz uchun bazaviy bo`ladi

Yashnobod tumanida Janubiy Koreyaning Iqtisodiy rivojlantirish va hamkorlik fondi bilan birgalikda barpo etilayotgan ushbu markaz 4 qavatli 4 ta blokdan iborat bo`ladi. Unga 42 million dollarlikdan ziyod eng zamonaviy uskunalar o`rnatiladi. Bu bolalar kasalliklariga 100 foiz diagnostika qo`yish va davolash imkonini beradi.

Davlatimiz rahbari mazkur tibbiyot markazi qurilishini borib ko`rdi.

- Diagnostika to`g`ri bo`lmagani, shifokorlar malakasi etishmagani tufayli bemor bolalar, ularning ota-onalari ko`p qiynalardi, og`irroq kasal bo`lsa, sog`ligi nuqsonli bo`lib ham qolardi. Bu markazning eng muhim tomoni shundaki, u mamlakatimizdagi hamma muassasalar uchun bazaviy bo`ladi. Telemedisina orqali uzoq hududlarimizdagi bolalarga ham yordam ko`rsatiladi, - dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoev kadrlar tayyorlash masalasiga katta e`tibor berish kerakligini ta`kidladi. Bu borada ham Janubiy Koreya bilan hamkorlik qilinmoqda. Pusan universitetida 19 nafar shifokor malaka oshirib keldi. Yana ko`plab shifokor, hamshira va axborot texnologiyalari bo`yicha mutaxassislar malaka oshirishga yuboriladi.

Ushbu muassasa yonida Janubiy Koreya bilan hamkorlikda kattalar uchun ham ko`p tarmoqli tibbiyot markazini qurish rejalashtirilgan. 300 o`ringa mo`ljallangan bu shifoxonada kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, endovaskulyar xirurgiya, angionevrologiya va ortopediya bo`limlari faoliyati yo`lga qo`yiladi. Bu erda yiliga 8 mingdan ortiq yuqori texnologik operasiyalarni o`tkazish imkoniyati yaratiladi.


Шарҳлар