Му5
46

Fojiada hissamiz qancha?

Jamiyat 10.07.2019, 14:24
1794
Fojiada hissamiz qancha?

Bugungi shiddatli, har kuni minglab voqea va hodisalar buhroni girdobida o`tayotgan globallashuv davrida AYoL zotini qadr-qimmatini, himoyasini kuchaytirish yo`lida amalga oshirilayotgan islohotlar qancha bo`lsa, afsuski ayol bilan, uning ma`naviyati bilan bog`liq holatlar ham talaygina.

Masalan deb sanay boshlasangiz barmoq etmaydi. “Ayol bolasini sotdi”, “ayol bolasini bug`ib o`ldirdi”, “ayol jinoyatga qo`l urdi” va hokazo...

Tahlil uchun ko`pchilikni larzaga solgan 2 holatni olaylik:

- 2018 yil 5 mart kuni Namangan viloyatining Norin tumanida «Toshloq grand» fermer xo`jaligi bog`ida yollanib ishlayotgan Uchqo`rg`on tumanida yashovchi B.X. bog`dagi hojatxonada qiz tuqqan va uni qasddan o`ldirish maqsadida hojatxonaga tashlab yuborgan. Chaqaloq yig`isini eshitgan shu bog` ishchisi A.T. chaqaloqni qutqarib qolgan. Chaqaloq tuman markaziy tug`ruqxonasiga yotqizilgan.

- 2019 yil 2 iyul kuni fuqaro F.T. Surxondaryo viloyati Denov tumani, Lolazor mahallasidagi “Xabibobod” bozori hududida joylashgan ayollar hojatxonasida qiz bola chaqaloqni tug`ib, hojatxona ichiga tashlab ketgan. Undan keyin hojatxonaga kirgan ayol chaqaloq yig`isini eshitib, odamlarni yordamga chaqirgan. Natijada chaqaloq qutqarib qolinib, kasalxonaga joylashtirilgan.

Balki bular biz bilgan, bilib qolgangina holatlardir.

Nega asosiy omilni kam eslayapmiz?

Bunaqa paytda ijtimoiy tarmoqlarda, o`zaro muloqotlarda yoshlar, ayniqsa qizlar tarbiyasiga mas`ul tashkilotlarni, mahallani, ota-onani ayblash, bolasini hojatxonaga tashlagan ayolni la`natlash jarayonining boshlanishi tabiiy.

Internet tarmog`ida, matbuotda “Erkak aldagani uchun ayol shu holga tushdi” deyilmaydi, “Ayol jinoyat qildi” deyiladi. Asosan AYoL va uning gunohi, jinoyati haqida gapiriladi.

To`g`ri, bolasini tug`ib shu ahvolga solish - albatta, hech qachon oqlanmaydigan xol. Biroq, avvalo masala negizida yotgan yana bir haqiqat – shu holatni sodir etishda ma`naviy ma`noda ayol bilan teppa-teng aybdor bo`lgan erkak omili, uning tarbiyasiyu shu fojeadagi “hissasi” etarlicha baholanmaydi.

Bunday hollarda ayolga nisbatan zo`ravonlik holatini “o`zi xohlagani uchun birga bo`lgan”, “voyaga etganku” degan izohlar bilan yopib yuborish ham aslida ayolga nisbatan haqli munosabat emas.

Fojianing yana bir asosiy sababi

Biz fojia sabablari, ildizlariga to`xtaladigan bo`lsak, avvalo Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Termizdagi "Sulton Saodat" majmuasini ziyorat qilish chog`ida yoshlarning islomiy ta`lim-tarbiyadan uzoq qolganini o`z o`rnida baholab, "Ochiq aytsak, odamlarni tarbiyasiga islom nur ekanligini singdirolmadik. Fojeamiz mana shu erda", - deb aytgan so`zlarini eslashimiz zarur bo`ladi.

Chunki, Denovda bo`lgan mana shu mudhish holatda ham nikohsiz bola ko`rish, oilasiga xiyonat qilish fojeasi bolani tug`ib hojatxonaga tashlab o`ldirish xulosasigacha borib etishining negizida ham oilada, atrof muhitda avvalo nafaqat diniy, balki insoniy ahloq qoidalarni, ma`rifatni anglab etmaslik, xalqining qadriyatlarini hurmat qilmaslik sababi yotibdi.

Qaerga qarayapmiz?

Bugungi kunda jamoatchilik tomonidan bot-bot takrorlanayotgan “mas`ullar qaerga qarashyapti?” degan e`tiroz ham o`rinli.

Shu o`rinda Surxondaryo viloyati Xotin-qizlar qo`mitasi raisi Mavluda Qobulovaning Denov tumanida bo`lgan holat yuzasidan bergan ma`lumotiga to`xtalamiz:

Men o`sha kuni Denov tumanida xizmat safarida edim. Profilaktika inspektoridan eshitib, bolaning sog`ligini surishtirib, tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi bilan tibbiy yordam berishda e`tiborsizlik qilmay nazoratda ushlashni navbatchi vrachlarga tayinladik.

Ma`lum bo`lishicha oilada 6 farzand – 2 nafar o`g`il, 4 nafar qiz ulg`aymoqda. F.T.ning ma`lumoti o`rta-maxsus, otasi ishlashga ruxsat bermaganligi uchun uyida tikuvchilik bilan shug`ullanib kelgan. Uning nomusiga amakisining o`g`li 1990 yilda tug`ilgan o`zi bilan bir mahallada yashovchi A.T. tekkan.

Bola 02.07.2019 yilda tug`ilgan, onasi va o`zidan boshqa hech kim bilmagan. Otasi va aka-ukasidan qo`rqqanidan, qarindosh-urug`, qo`ni-qo`shnidan uyalganidan onasi bilan kelishgan holda bolani yo`q qilish uchun shu yo`lni topgan. Bola hojatxona yangi tozalanganligi va orqa tomoni bilan tushganligi sababli va o`z vaqtida topilib, tibbiy yordam ko`rsatilganligi uchun tirik qolgan, hozirda salomatligi yaxshi.

Tuman Xotin-qizlar qo`mitasi raisi oiladan xabar oldi. Oila mahallaning oddiy oilalaridan. Otasi ham, oila a`zolari ham voqeadan xabar topgach yana bir xatolikka yo`l qo`yib qo`ymasligi uchun ularga vaziyatni boricha qabul qilishi va yana keskinlashtirmasligi tushintirildi. Hozir vaziyat nazoratga olindi, bolaga guvoxnomani rasmiylashtirish chorasi ko`rilmoqda.

Yana kechikdik...

To`g`ri, aslida bu kabi bong urishlar ham, xalq ta`biri bilan aytganda “bo`lari bo`lib, buyog`i singib bo`lgan”dan keyingi xabar olishlar ham, qaysidir mas`ulni ishdan olish, kimgadir chora ko`rish kabilar ham fojeani yumshatishga asos bo`lolmaydi.

Chunki, ko`rinib turibdiki, yuqoridagi holni sodir etgan erkak va qiz yashayotgan mahallada ma`rifiy muhit etarlicha sog`lomlashtirilmagan. Qiz homilasini “hojatxonaga tashlash uchun” ko`tarib yurgan 9 oy davomida hech kim hech narsani sezmagan.

Bugungi islohotlar natijasida shu holatlar sodir bo`lishining oldini olish uchun ko`rilayotgan choralar, masalan “Qizlar salomatlik markazi”, “Ayollar maslahatxonasi”, “Ayollar reabilitasiya markazi” kabi ijtimoiy himoyalash tuzilmalaridan ko`zlanayotgan maqsad o`z vaqtida aholiga etkazilmagan. Qisqa qilib aytganda, yana kechikilgan.

U ham ayol, uning ham himoyachisi qonun

Hozirda jinoyat sodir etgan ayol haqida shov-shuvli e`tiroz va haqoratga to`la minglab izohlar va fikrlarni kuzatyapmiz.

Biroq, Xotin-qizlar qo`mitasi va boshqa tashkilotlar ham ayol katta xato, hatto jinoyat qilib qo`ysa ham u ayolga nisbatan ommaning nafratini qo`zg`atishga, “bu ayolga o`lim” qabilidagi kayfiyatni uyg`otishga haqli emas. Chunki, barcha qatlamdagi zarbaga uchragan, jinoyati zamirida bitta o`zi turmagan ayollarni ham himoya qilish qonunga zid emas.

Bolasini tug`ib hojatxonaga tashlab yuborgan ayolning qilmishini mutlaqo oqlamagan holda, holat yuzasidan qo`zg`atilgan tergov ishi yakunlarini kutib, ushbu ayolni, uning oilasini hozirgi murakkab ruhiy holatdan olib chiqish bilan shug`ullanish Xotin-qizlar qo`mitasining vazifasidir.

Xulosa o`rnida...

“Birov gunoh qilganda jim kuzatib turish ham gunohdir” deydi dono xalqimiz.

Bu kabi holatlarni o`z vaqtida oldi olinmagani mas`ul tashkilotlarning yoshlar, aholi, qizlar o`rtasida ma`naviy targ`ibot ishlarini samarali tashkil etish, tadbirlarni odamlarning kundalik hayotiga bo`lgan ta`sirini kuchaytirish, jamoatchilikning hal etuvchi ulkan kuchidan unumli foydalanish, oiladagi tarbiyani to`g`ri tashkil etishda davlat va nodavlat tashkilotlar o`rtasida o`zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini ko`rsatib turibdi.

Xulosa o`rnida aytish mumkinki, yuqoridagi fojianing ma`naviy jarohati juda chuqur va tez bitadigan emas. Bu fojea AYoLning, mutlaqo aybsiz GO`DAKning, o`sha OILAning taqdirida umrbod davom etishi ham bor gap. Biroq, har qanday vaziyatda ham xatoni to`g`irlashga, jarohatni bitkazishga, bu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun har mahalla va oila kesimida harakat qilish o`rinliroqdir.

Шарҳлар