41

Jamshid Xojaev: O`zbekistonning xorjiy davlatlar bilan qishloq xo`jaligi sohasidagi hamkorligi faollashmoqda

Jamiyat 12.07.2019, 16:57
439
Jamshid Xojaev: O`zbekistonning xorjiy davlatlar bilan qishloq xo`jaligi sohasidagi hamkorligi faollashmoqda

Joriy yilning 8-10 iyul kunlari Toshkentda bo`lib o`tgan Yashil iqtisodiyot bo`yicha Evropa va MDH davlatlari mintaqaviy vazirlar konferensiyasi doirasida BMTning Janub-janub hamkorligi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan “Qishloq xo`jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash borasida Janub-janub hamkorligini qo`llab-quvvatlashga ko`ptomonlama hamkorlikda yondashuv” mavzusidagi maxsus sessiyada O`zbekiston Respublikasi qishloq xo`jaligi vaziri Jamshid Xojaev ma`ruza qildi. Bu haqda Qishloq xo`jalik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

– O`zbekistonning yashil iqtisodiyot bo`yicha vazirlar darajasidagi bunday muhim mintaqaviy konferensiyaga mezbonlik qilishi biz uchun yuksak sharafdir. Chunki, ushbu anjuman natijalari mintaqaviy hamkorlik va sheriklikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos bo`lib xizmat qiladi. Yashil iqtisodiyot har bir soha, shu jumladan, oziq-ovqat tizimlari, qishloq xo`jaligini barqaror rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

BMTning Janub-janub hamkorligi boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan “Qishloq xo`jaligini barqaror rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlashda Janub-janub va uchtomonlama hamkorlik” tashabbusida O`zbekiston mazkur tashabbus ishtirokchilari bo`lgan 8 ta davlat bilan qishloq xo`jaligining turli sohalari, jumladan, chorvachilik, baliqchilik, yaylovlardan foydalanish, suv xo`jaligi, qishloq xo`jaligida biotexnologiyalar, bog`dorchilik kabi ko`plab sohalarda bilim va tajribalar almashgan. Xususan, ushbu tashabbus doirasida tashkil etilgan turli seminar va trening dasturlarida mamlakatimizdan qariyb 100 nafar mutaxassis ishtirok etgan.

Bugungi kunda qishloq xo`jaligi sohasida davlat-xususiy sektor hamkorligi faol qo`llab-quvvatlanmoqda. Bunga tashkil etilayotgan klasterlar yaqqol misol bo`la oladi. Respublikaning 85 ta tumanida umumiy maydoni 633 ming gektar bo`lgan 75 paxta-to`qimachilik klasteri tashkil etildi. Ayni paytda klasterlar jami paxta maydonlarining 60 foizini egallaydi.

Shu bilan birgalikda, meva-sabzavot mahsulotlarini etishtirishdan to to`liq qayta ishlashgacha bo`lgan barcha bosqichlarni qamrab olgan mavjud 40 ta meva-sabzavot klasteri ham samarali faoliyat yuritmoqda.

photo_2019-07-09_15-51-09.jpg

Shuningdek, davlat-xususiy sektor hamkorligi asosida don, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik mahsulotlari va urug`lik ishlab chiqarish bo`yicha ham klasterlar tashkil etildi.

Qishloq xo`jaligi korxonalarining bunday yangi shakllari qishloq joylarda yangi ish o`rinlarini yaratish va qishloq aholisi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

O`zaro hamkorlikni yo`lga qo`yish butun mintaqada qishloq xo`jaligini barqaror rivojlantirish uchun muhim vosita bo`lib hisoblanadi. Bu borada nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari, balki qo`shni Afg`oniston bilan ham yaqin hamkorlik yo`lga qo`yilmoqda.

Qisqa vaqt ichida biz savdo to`siqlarini bartaraf etish, bu boradagi tartib-qoidalarni soddalashtirish va Markaziy Osiyodagi uzoq muddatli masalalarni hal qilishga muvaffaq bo`lindi. Natijada, birgina 2018 yilning o`zida O`zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 40 foizga oshdi.

Mintaqaviy hamkorlik sohasida olib borilgan samarali ishlar tufayli mamlakatimiz 2020 yil may oyida bo`lib o`tadigan Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti (FAO)ning Evropa mintaqaviy konferensiyasinig 32-sessiyasiga mezbonlik qiladi.

Ta`kidlash joizki, boshlangan barcha islohotlar BMTning 2030 yilgacha bo`lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlari, «2030 yilgacha bo`lgan barqaror rivojlanishning milliy maqsadlari va vazifalari» hamda 2017 — 2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasiga to`liq mos keladi.

Комментарии