Му5
48

Jinoyat-prosessual kodeksi takomillashtirilishining qanday afzalliklari bor?

Jamiyat 15.07.2019, 11:56
693
Jinoyat-prosessual kodeksi takomillashtirilishining qanday afzalliklari bor?

Respublikamizda jinoiy huquqiy sohada bir qator ijobiy o`zgartirishlar kiritilib, olib borilgan sa`y-harakatlar natijasida mamlakatda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning sezilarli darajada kamayishiga erishildi. Yuqoridagi islohotlarni davom ettirib, jinoyat va jinoyat-prosessual kodeksining zamon talablariga javob beradigan tarzda yangi tahrirdagi loyihasini tuzish bo`yicha Muhtaram Prezidentimizning topshiriqlari asosida ishchi guruh faliyat olib boryapti...

“...Respublikada jinoyat sodir etgan shaxslar sonining kamayishiga olib keladi”

Amaldagi Jinoyat-prosessual kodeksining Maxsus qismi 9-bo`lim 41-bobi jinoyat ishini qo`zg`atish masalalariga bag`ishlanib, jinoyat ishini qo`zg`atish bilan bog`liq bir qator harakatlarni tartibga soladi. Shular qatorida JPKning 325-moddasida belgilangan “Jabrlanuvchining shikoyati asosida jinoyat ishi qo`zg`atish” instituti ham mazkur bobga kiritilgan bo`lib, Jinoyat kodeksida sodir etilgan qilmish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan bir qator ijtimoiy havfli qilmishlar uchun faqatgina jabrlanuvchining aybdor shaxsni javobgarlikka tortilishini so`rab bergan shikoyat arizasi asosidagina jinoyat ishi qo`zg`atilishi lozimligi tartibini belgilaydi.

Jinoyat prosessual qonunchilikda ushbu tartibning joriy etilgani mamlakatda jinoyatchilikning sun`iy oshib ketishini oldini olib, respublikada jinoyat sodir etgan shaxslar sonining kamayishiga olib keladi.

Mazkur jabrlanuvchining arizasi asosidagina qo`zg`atilishi lozim bo`lgan jinoyat turlarini tahlil qiladigan bo`lsak, unda Jinoyat kodeksi 105-moddasining 1-qismi, 109-moddasi, 110-moddasining 1-qismi, 111-moddasi, 118-moddasining 1-qismi, 119-moddaning 1-qismi, 121-moddaning 1-qismi, 136-moddasi, 139-moddasining 1- va 2-qismlari, 140-moddasining 1- va 2- qismlari, 149-moddalari kiritilgan bo`lib, ushbu moddalar asosan aybdorning ongida kutilmaganda yuzaga kelib, uning irodasizligi, ehtiyotsizligi yoki boshqa biror-bir sabab natijasida sodir etiladi va amaliyotda aksariyat xollarda jinoyat sodir etishga turtki bo`lgan “kuch” so`nishi bilan aybdor qilgan ishining mohiyatiga tushunib etgach juda qisqa vaqtda qilmishiga pushaymon bo`ladi. Jabrlanuvchi bilan yarashish yoki undan kechirim so`rash choralarini ko`rib, unga etkazilgan zararni bartaraf etadi. Yuqorida ko`rsatilgan hollarda jabrlanuvchining o`zi ham jinoyat sodir etilishiga uning g`ayriqonuniy yoki axloqqa zid xulq atvori, yoki aybdorning hissiyotga chuqur berilishi sabab bo`lganini tushunib etib, aybdor bilan kelishib u bilan yarashishga rozi bo`lishi oqibatida jinoyat ishi qo`zg`atilmay turib qilmish o`zining ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo`qotadi. Mazkur holatda jabrlanuvchining arizasisiz jinoyat ishi qo`zg`atilishi mamlakatda jinoyatchilikning sun`iy o`sib ketishi, jinoyat sodir etgan shaxslar sonini ortishi, XMQOning kuchlaridan o`rinsiz foydalanilishiga olib kelib, xalq (jabrlangan va aybdor shaxs)ning manfaatlariga putur etkazib ularning haqli e`tiroziga sabab bo`lishi mumkin.

Shuning uchun qonun chiqaruvchi yuqoridagi holatlarni inobatga olgan holda, ko`rsatilgan salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida ushbu institutni jinoyat-prosessual qonunchilikka kiritilishi jamiyatda qonun ustuvorligi va qabul qilinayogan qonunlarning xalqni o`ylab, ularning talablari va ehtiyojlarini inobatga olgan holda, ularning manfaati yo`lida qabul qilinayotganini yana bir isboti.

“Jinoyatchilik sonining sun`iy oshishi, ortiqcha kuch va vaqt sarflanishiga olib keladi”

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, aholining ongi va huquqiy madaniyatining oshib borishi natijasida JPKdagi “Jabrlanuvchining shikoyatiga asosan jinoyat ishi qo`zg`atish” institutini yanada takomillashtirib, ushbu normada nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli qilmishlar turini ko`paytirib, unga Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan “Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish” jinoyatini ham qo`shilsa maqsadga muvofiq bo`ladi.

Birinchidan, ushbu jinoyat ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, amaliyotda aksariyat hollarda jinoyatni sodir etgan shaxs o`z aybini tushunib, jabrlanuvchi bilan yarashib ularga etkazilgan zararni bartaraf etishi natijasida qo`zg`atilgan jinoyat ishlari JPKning 584-moddasiga asosan tamonlarning yarashilgani munosabati bilan tugatiladi. Bu esa o`z o`rnida mamlakatda jinoyatchilik sonining sun`iy oshishi, ortiqcha kuch va vaqt sarflanishiga olib keladi.

Ikkinchidan, amaliyotda yo`l-transport hodisasi sodir bo`lganidan keyin o`zaro yarashgan tomonlar mazkur xolat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilganidan norozi bo`lib, xalqning davlat organlariga bo`lgan ishonchini kamayishiga olib keladi.

Uchinchidan, mamlakatda jinoyat sodir etgan shaxslarning sonining ortishiga olib keladi.

To`rtinchidan, mazkur jinoyat sodir etgandan keyin jabrlanuvchi va ayblanuvchi o`zaro kelishgani sabab, o`zaro bir-birlariga nisbatan jinoyat ishi qo`g`atishni xohlamaganliklari tufayli bo`lgan holatni yashirib, yo`l transport hodisasi sodir bo`lgan vaziyatda real holatni yashirib, jabrlanuvchi tomon go`yoki yiqilib tushganini yoki boshqa biror vajlarni ko`rsatib, tergovni chalg`itishga harakat qilish kabi holatlar yuzaga kelmoqda. Jinoyat kodeksi 266-moddasi 1-qismini ham JPKning 325-moddasida ko`rsatilgan moddalar safiga kiritilishi yuqorida ko`rsatilgan salbiy holatlarni oldini olishga xizmat qilgan bo`lar edi.

Mansurbek Xudoyberdiev,

G`ijduvon tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo`limi katta tergovchisi, katta leytenant

Шарҳлар