Му5
48

Maoshlar oshdi, to`lov-shartnoma narxlari ham o`zgaradimi?

Jamiyat 16.07.2019, 16:18
969
Maoshlar oshdi, to`lov-shartnoma narxlari ham o`zgaradimi?

15 iyul kuni «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to`g`risida» farmonga bag`ishlangan «Xalqaro press klub»ning navbatdagi sessiyasi bo`lib o`tdi.

Unda ishtirok etgan O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri o`rinbosari Sarvarxon Buzrukxonovning ma`lum qilishicha, maoshlar oshsa-da, to`lov-kontraktlar miqdori oshmasligi ham mumkin, hali bu masala ish jarayonida.

«Byudjetda 88 ming nafar talaba bor. Ularning ham stipendiyalari oshadi, joriy yilda buning uchun 440 mlrd so`m ajratilgan, demak bu ham 10 foiz oshishi talab etiladi. Kontrakt narxiga kelsak, to`lov qiymati o`qitish xarajatlariga bog`liq. Uning aniq miqdorini o`tgan yildan boshlab mehnatga eng kam haq to`lash miqdorlariga bog`laganmiz. Hozircha bir narsa deyish qiyin, hali hisob-kitob qilib ko`riladi», degan vazir o`rinbosari.

Sarvarxon Buzrukxonov masalaga oydinlik kiritmagan bo`lsa-da, eng kam oylik maosh miqdorining oshirilishi bilan endilikda O`zbekistonda oliy ta`lim muassasalarining to`lov-kontrakt narxlari ham ko`tariladi.

Buning sababi, Davlat qabul komissiyasining 2018 yil 4 iyuldagi 2-sonli bayoniga ilovada to`lov-kontrakt narxlari eng kam oylik ish haqiga bog`langan bo`lishi belgilab qo`yilgan edi. Ya`ni har safar EKOIH oshganida OTM talabasi bo`lish bahosi ham yuqorilab boraveradi. Bunda ikki muhim jihatga e`tibor qaratish lozim.

Birinchidan, kontrakt narxidagi bu o`zgarish «superkontrakt» asosida birinchi bosqichga qabul qilingan talabalarga daxldor emas.

2018 yilning mart oyida Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri buyrug`i bilan «Oliy va o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarida o`qitishning to`lov-kontrakt shakli va undan tushgan mablag`larni taqsimlash tartibi to`g`risida»gi Nizomga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilgan.

Yangi tahrirdagi hujjatning 18-bandiga asosan, ish haqi va stipendiyalar miqdorlarining, energiya resurslari, kommunal va ekspluatasiya xizmatlari narxlari va tariflari o`zgarishi munosabati bilan oddiy kontrakt asosida o`qitishning to`lov miqdori o`quv yili davomida qayta ko`rib chiqilishi mumkin, ammo oshirilgan («super») to`lov-kontrakt miqdori bundan mustasno.

Ikkinchidan esa, o`quv yili davomida kontrakt asosida o`qitishning to`lov miqdori o`zgarganda kontrakt qiymati navbatdagi semestr boshidan oshiriladi. Ya`ni, EKOIH miqdori 1 noyabrdan boshlab oshirilsa ham, kontrakt narxi bahorgi semestrdan (mart oyidan) ko`tariladi. Ayni paytda to`lov summasi yangi boshlanadigan o`quv mavsumidan avval e`lon qilindi va u amaliyotga tatbiq etiladi.

Shunga qaramay, Sarvarxon Buzrukxonov nega javob berishda ikkilanib qolganiga to`xtalib o`tishni joiz, deb bilaman.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti «Oliy va o`rta maxsus ta`lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qaroriga ko`ra, 2020 yildan boshlab ta`lim xizmatlari bozorida oliy ta`lim muassasalarining ayrim bakalavriat ta`lim yo`nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga talab yuqoriligi va moliyaviy barqarorligini inobatga olib, ularni bosqichma-bosqich o`zini o`zi moliyalashtirish tizimiga o`tkazishga ruxsat berilgan. O`zini o`zi moliyalashtirish tizimiga o`tayotgan oliy ta`lim muassasalariga esa bo`ysunuvi bo`yicha tegishli vazirlik va idora bilan kelishilgan holda talabalarni to`lov-kontrakt asosida o`qishga qabul qilish parametrlarini belgilash huquqiga ega bo`ladi.

Oliy ta`lim muassasasi o`zini o`zi to`liq moliyaviy ta`minlash miqdoridan kelib chiqib, to`lov-kontrakt asosida o`qitish qiymatini belgilashi mumkin. Hozircha bu vazifalarni realizasiya qilish tartibi ishlab chiqilmagan.

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Abdurashid Abduqodirov, Islomjon Zokirov va Bekzod Artikov Kontrakt to`lovini stipendiyasiz shaklda to`lash bo`yicha takliflarni ilgari surgandi.

Aytish joizki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 17 iyundagi 4359-sonli qarorida jumladan, to`lov-kontrakt asosida ta`lim olayotgan barcha bosqich talabalariga, o`z xohishlariga ko`ra to`lov-kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda to`lash huquqi berilishi belgilab qo`yildi.

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi rahbariyati yil davomida va`da qilgan tartib, ya`ni tabaqalashtirilgan to`lov-shartnomasini ommaga e`lon qilmadi. Balki bu yangilik yangi o`quv mavsum boshlanguniga qadar hal etilar, shunda vazir o`rinbosarining gaplarida jon bo`ladi. Aks holda, amaldagi tartib o`zgarmasa, yangi o`quv mavsumidan ta`lim uchun to`lov 10 foizga oshirilishi tayin.

Шарҳлар