Долзарб мавзулар Foto

Sayyor qabul: murojaatlarga ijobiy echim topish mexanizmi

Бўлимлар: Jamiyat
Теглар:
Добавлено: 16.07.2019, 16:20

Mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga ko`tarildi. Bugun barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlash bo`yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizim yaratildi. Joylarda o`tayotgan sayyor qabullar xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda, shak-shubhasiz, kutilgan natijalarni bermoqda.

Zero, Davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek, xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak.

Shu ma`noda, Navoiy viloyati hokimi K.Tursunov Xatirchi tumani markazidagi istirohat bog`ida fuqarolar bilan navbatdagi sayyor qabulinio`tkazdi.

Tadbirda viloyat Xalq qabulxonasi rahbari, sektor rahbarlari, viloyat korxona, tashkilot, muassasa va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari ishtirok etdi. Sayyor qabulda aholining murojaatlari atroflicha o`rganib chiqildi.

Tahlillar shuni ko`rsatmoqdaki, joriy yilning birinchi yarim yilligida fuqarolardan tushgan murojaatlarning qariyb 40 foizi joyida hal etilmoqda. Shu sababli Xatirchi tumani aholisidan tashqari, qo`shni hududlardan ham fuqarolar o`z muammolariga javob topish uchun sayyor qabulga kelishdi.

Bugungi kunda xalq bilan uchrashib, joylarga chiqib ularning dardiga quloq tutish, shu orqali aholining roziligiga erishish har bir rahbarning bosh vazifasiga aylandi. Bu galgi sayyor qabulda 37 nafar fuqaro tomonidan 51 ta masalani o`rtaga tashlandi. Ushbu murojaatlardan 17 tasi joyida hal etildi. 14 tasi bo`yicha huquqiy tushuntirish berildi. 20 tasi masalani hal etish uchun o`rganish jarayonida.

– Bugungi sayyor qabul juda yaxshi tashkil etilibdi. Odamlar o`z muammosini rahbariyatga etkazishdan tashqari, davlat xizmatlari markazining mobil avtobusida masalalarini echishmoqda. Men ham o`z murojaatim asosida shu erning o`zida tashkil etilgan mehnat yarmarkasi orqali ishga joylashdim. Samarqand tibbiyot institutining magistratura yo`nalishini yaqinda tugatib diplom olgandim, endilikda tuman tibbiyot birlashmasida o`z mutaxassisligim bo`yicha faoliyatimni boshlayman, – deydi xatirchilik Sanjar Rahimov.

– O`tgan sayyor qabulda viloyat hokimiga murojaat qilib, bank krediti olishda qiynalayotganimni bildirgan edim. Shundan so`ng mening masalam bank mutasaddilari tomonidan hal etildi. Men ajratilgan 8 foizlik kredit mablag`lariga tikuv mashinkalari sotib oldim. Natijada ikki kelinimning ham bandligi ta`minlandi. Bugun viloyat hokimiga o`z minnatdorchiligimni bildirishga keldim, – deydi Xatirchi tumani “Navbahor” mahallasida istiqomat qilayotgan fuqaro Adolat Holiqova.

Xatirchi tumani aholisining ko`pligi, hududning o`ziga xosligi, sug`oriladigan, lalmi, dasht va tog`lik joylardan iborat ekanligi bilan viloyatda boshqa tumanlardan ajralib turadi. Shu sababli aholi murojaatlarining qamrovi, mazmuni va xususiyati ancha farqlanadi. Endilikda shaxsiy muammolardan ko`ra, jamoaviy, ijtimoiy hamda tadbirkorlik bilan bog`liq murojaatlar soni ortib bormoqda. Bu, avvalo, shundan dalolat beradiki, odamlarimizning ruhiyati hamda dunyoqarashi, hayotga, o`z mehnatining natijasiga munosabati o`zgarayotganidan dalolatdir.

– Bizning qishlog`imizda sobiq ittifoq davridan qolgan transformator shu paytgacha ishlatib kelinardi. Yil sayin aholi soni ko`payib bormoqda, kuchlanish ham ortayapti. Shu sababli yaqinda transformator butunlay ishdan chiqdi. Yo`llarimiz ham ta`mirlanmagan edi. Bugungi qabuldan so`ng shu ikki masalamiz ham ijobiy echiladigan bo`ldi. Viloyat hokimi mutasaddi rahbarlarga uch kun muddat ichida vaziyatni o`rganib, masalani hal etish bo`yicha ko`rsatma berdilar. Biz bundan juda minnatdormiz, – deydi Xatirchi tumani “Olmazor” mahallasida yashovchi fuqaro Normamat Botirov.

Shu kuni Davlat xizmatlari agentligining mobil avtobusi aholiga o`z xizmatlarini ko`rsatdi. Shu joyning o`zida mehnat yarmarkasi, kitoblar ko`rgazmasi tashkil etildi. Banklar o`z xizmat turlarini aholiga taqdimot qilishdi.

Zero, xalq bilan muloqot, ularning dardu tashvishi bilan yashash eng asosiy maqsad bo`lib, uning ro`yobi yurtimiz ravnaqiga, uning yanada gullab-yashnashiga, fuqarolarning tinch, osuda, farovon hayot kechirishlarini ta`minlashga xizmat qilib kelmoqda.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

SUG'DIYONA