Му5
50

Favvoralarda cho`milish mumkinmi?

Jamiyat 23.07.2019, 14:30
460
Favvoralarda cho`milish mumkinmi?

Yoz mavsumi boshlanishi bilan shahrimiz ko`rkiga ko`rk qo`shadigan salqin shabadasi bilan ko`ngilga orom bag`ishlaydigan favvoralar ishga tushiriladi. Favvoralar atrofida aylanib yurgan katta-yu kichik yurtdoshlarimizni, ayniqsa qiyqirib chopib yurgan bolajonlarni ko`rib diling yayraydi. Lekin ba`zida fontan ichida cho`milayotgan bolalarni ko`rib, nahotki ularning ota-onalari favvoralariga cho`milish mumkin emasligi haqida bolalarini ogohlantirishmagan ekan, degan o`yga borasan.

Balki bu haqda ko`pchilik bilmas. Keling, bo`lmasa shu haqda suhbatlashamiz. Masalan, shahar markazida yoki xiyobonda chiroyli bir favvora otilib turibdi. Uni doimiy ravishda tozalab, yuvib turishadi, quyiladigan suvi berk aylana ichida bir necha hafta aylanadi. Go`yoki hech qanday xavfli tomoni yo`qdek tuyuladi. Lekin favvoralarning tozaligi haqidagi fikrimizni o`zgartiradigan bir narsa borki, u ham bo`lsa ularning quyosh tig`i, ochiq osmon ostida turganligidir. Deylik, bir qush tepadan uchib o`tdi va suvga axlatini tushirdi, qarabsizki favvora suvida gijja lichinkalari paydo bo`ldi. Yoki bir kuchukcha chopib kelib suv ichdi va cho`milib oldi, lichinkalar soni yana ko`paydi. Quyosh tig`i esa suv haroratini oshirib, ularning yanada ko`payishiga sharoit yaratib berdi. Shuning uchun favvoralarda cho`milish turli xil teri, oshqozon-ichak, gepatitlar, gelmentozlar va boshqa kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo`ladi.

Favvoralar suvlari maxsus cho`milish basseynlari kabi dezinfeksiya vositalari bilan zararsizlantirilmaydi. Undan tashqari, suv otilib turishi uchun qurilgan maxsus qirrali moslamalar ham cho`milayotganlarni jarohatlashi mumkin.

Xulosa o`rnida shuni aytish mumkinki, favvoralar me`morchilik - dekorativ element hisoblanib, ma`lum hududning mikroiqlimini mo``tadillashtirishga xizmat qiladi va ularda cho`milish yoki suvini ichish qat`iyan man etiladi.

Dildora Mirboboeva Respublika DSENM OAV bo`limi mudiri

Шарҳлар