Му5
48

Harbiy sportchilar Xo`jaylidagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari holidan xabar olishdi

Jamiyat 24.07.2019, 09:06
348
Harbiy sportchilar Xo`jaylidagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari holidan xabar olishdi

Mehr-oqibat, g`amxo`rlik va insonparvarlik ko`p millatli xalqimizning olijanob fazilatlaridan. O`ksik qalb egalarining holidan xabar olish, ular bilan dildan suhbat qurish, istak va orzulari ro`yobga chiqishida ko`maklashish, oz bo`lsa-da oila muhitini ularga ulashish ezgulikning yuksak cho`qqisidir.

Xo`jayli tumanida joylashgan Qoraqalpog`iston Respublikasi 1-sonli Mexribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun harbiylar bilan uchrashuv odatdagidek samimiy va sermazmun kechadi. Harbiy libos kiygan yurt himoyachilariga havas bilan termulib turgan qizaloqlar, akalaridek Vatan tinchligini asrashni istagan bolakaylarning quvonchi ichiga sig`maydi.

Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi sport vzvodining bir guruh harbiy sportchilari bilan navbatdagi uchrashuv ham o`ksik qalblarga iliqlik olib kirdi. Rustam Jangabaev singari Osiyo chempionlari bilan suhbat, sportchilarning yuksak marralarga erishish sirlari haqidagi ma`ruzalar yoshlarga ruhiy quvvat, kelajakka ishonch tuyg`ularini olovlantirdi.

Bolakaylar sportchilarni Mehribonlik uyidagi yosh ijodkorlar klubi, sport va informatika to`garaklariga samimiyat bilan taklif etib, san`atga, zamonaviy kommunikasiya texnologiyalariga qiziqishini ko`rsatishdi. Ayniqsa, sport zalidagi mashqlar orqali bolajonlar harbiy akalaridek sog`lom turmush tarzini tanlab, etuk sportchi bo`lib voyaga etishayotganini isbotlashdi.

Sport anjomlari va kitoblar to`plamlarini sovg`a tariqasida olib kelgan harbiy sportchilar bolajonlar o`rtasida kichik viktorina o`tkazib, g`olib va sovrindorlarni rag`batlantirishdi.

Sportchilar ketar chog`i bolajonlar tomonidan ijro etilgan musiqiy chiqishlar hamda raqslar mehmonlarni hushnud etdi.

Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati

Шарҳлар