Му5
48

Bayburtdagi Dada Qurqurt qabri haqiqiymi?

Madaniyat 29.07.2019, 17:17
1024
Bayburtdagi Dada Qurqurt qabri haqiqiymi?

O`rta Osiyo xalqlarining mushtarak asari bo`lmish “Kitobi Dada Qurqut” turk dunyosining eng bebaho qadriyatlaridan biridir. Undagi hikoyalar voqealari aniq qaerda sodir bo`lgani ma`lum emas. Lekin turli manbalarda ularning syujetlari Sirdaryo yaqinidagi Yangikent qal`asi atrofida, shimoliy-sharqiy Onado`li va Ozarbayjon hududlarida bo`lib o`tgani aytiladi. Bu hikoyalar XV-XVI asrlarda yozma manba holiga keltirilgan. Bu kitobga turk xalqlarining dono faylasufi, mashhur adibi Dada Qurqut ijodi namunalari jamlangan.

Taniqli baxshi, qobiz otasi, buyuk tarixiy shaxs Dada Qurqutdan xalqlarimizga juda boy adabiy hamda musiqiy meros qolgan. Markaziy Osiyo xalqlari orasida Qo`rqit bobo, Qurqut ota, Dada Qurqut kabi turlicha nomlar bilan atalib uning xotirasi ulug`lanadi. Ushbu afsonaviy avliyosifat zot, turkiy elatlarning milliy qahramoni IX asrda Sirdaryo sohillarida yashab ijod etgan. Manbalarga ko`ra u milliy cholg`uchiligimizning ajralmas bo`lagi bo`lgan qobiz asbobini ilk bor yaratgan bastakordir.

Dada Qurqut o`zi yozgan dostonlarga kuy bastalab, og`zaki ijro qilgan, o`lmas tuyg`ularni, inson dardu nolalarini qalblardan qalblarga ko`chirgan. Shu tariqa xalq e`tiboriga tushgan. Ushbu mumtoz adibning asarlari, hayoti va ijodi haqidagi manbalar qozoq, qoraqalpoq, turkman, ozarbayjon kabi turk xalqlari eposida bugungi kunga qadar saqlanib, tildan-tilga o`tib kelmoqda.

Umrboqiylik izlagan Qurqut

Xalq orasida Qurqut ota haqida bir afsona yuradi. Emishki, Qurqut yoshligida inson umri o`tkinchi degan so`zlarga ishonmagan va mudhish o`lim bilan kurashishga bel bog`lagan. Boqiy umr haqidagi fikr-xayollar iskanjasida odamlarni tark etib, tog`u sahrolarga chiqib, boqiy umr sirlarini izlaydi. Biroq qaerga borsa ham o`lim qutqusiga duch kelaveradi. O`rmonga borsa chiriyotgan keksa daraxt unga tez orada qurib bitishini aytadi. Sahroda o`sib turgan kovul quyoshda qovjirab so`layotganini, hatto bahaybat tog`lar ham yil sayin emirilib borayotganini so`ylab, nola qiladi. Ularning iqrorini tinglagan Qurqut daraxtdan qo`biz yo`nib, unga tor ulaydi. Shu asbobda ichki tuyg`ularini kuyga solib qo`shiq aytadi. O`z kuylariga bor qalbini, dildagi barcha dardu sitamlarni jo qiladi. Bu kuylar turkiy qavmlar orasida keng tarqalib, ko`plab odamlarning qalblarini zabt etadi. Mazkur rivoyatning ma`nosi shuki o`tkinchi dunyodan abadiylik izlagan Qurqut o`z san`ati bilan boqiy umr topadi.

Qardosh xalqlar ajdodi

Hozirda barcha turkiy xalqlar Qurqut otani o`z ajdodi deb bilib, xotirasini ulug`lab kelmoqda. Unga Qozog`istonning Qizilo`rda viloyatida muqaddas maqbara bunyod etilgan. Shuningdek qo`biz timsolida xotira yodgorligi ham o`rnatilgan. Qizilo`rda viloyatidagi universitet va aeroportga Qurqut ota nomi berilgan. 2006 yildan buyon Qozog`istonda “Qurqut va Buyuk Sahro kuylari” festivali o`tkazib kelinadi.

Qurqut otaning yana bir qabri qoraqalpoq qavmining tarixiy vatani Sirdaryoning quyi tomonida Yangikent qal`asi atrofida joylashgan. Uning hayoti haqida aniq ma`lumotlar yo`q ammo ko`pchilik manbalarda 95 yosh yashagani aytiladi.

Turkmanistonlik hamkasblarimiz aytishicha buyuk baxshining maqbarasi turkman elida ham mavjud. Unga odamlar qadam ranjida qilib, ulug` avliyo sifatida sajda qiladi, dardlariga shifo, ezgu niyatlari yo`lida madad so`rashadi, o`g`ilsizga o`g`il, bemorlarga sog`lik tilashadi.

Qari momolardan otaning ramziy qabri bizning ham hududimizda bor deb eshitganman. Aytishlaricha qalbida qo`rquv borlar, biron narsadan cho`chib, soqov yoki duduq bo`lib qolgan insonlar Qurqut ota hoki poyini ziyorat qilib, sog`lik-omonlik tilashar ekan. Bu buyuk oqinning ismi Qurqut bo`lgani sabablidir ehtimol…

Qurqut ota merosi YuNESKO muhofazasida

Qurqut ota – shoir, musiqachi, barcha baxshilar ustozidir. U turkiy xalqlar urf-odatlari, e`tiqodlarini, boshqa xalqlardan o`zgacha jihatlarini, umuman, ijtimoiy xususiyatini yozib qoldirib, bugungi kunga qadar etkazgan buyuk ijodkordir. Qurqut otadan bizning zamonimizgacha etib kelgan 12 ta doston bor. Ularning sakkiztasi ichki va tashqi urushlar to`g`risida. Ikkitasi oshiqlar haqida, yana ikkitasi esa mifologik talqinda berilgan. Hozirga qadar uning “Qo`rqit”, “Elmoya”, “Targ`il tana”, “Elim-oy”, “Ucharning ulishi” kabi kuylari saqlanib qolgan.

Qurqut ota asarlari hozirda YuNESKOning muhofaza qilinuvchi nomoddiy madaniy meroslari ro`yxatiga kiritilgan.

Turkiy xalqlarning buyuk shoiri Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiylar Qo`rqit ota o`z davrining iste`dodli so`z ustasi bo`lganligi bois, uni hurmat ila o`z asarlarida tilga olishgan. Alisher Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat» asarida Dada Qurqut haqida quyidagi jumlalar bor: «Qurqut ota Turk ulusi arosida shuhrati andin ortug`roqdurki, shuhratqa ehtiyoji bo`lg`ay. Mashhur mundoqdurki, necha yil o`zidin burunqini, necha yil o`zidin so`nggi kelurni debdurlar…»

Xotira festivali

Turkiyalik qardoshlarimiz ulug` ajdodimizni Dada Qurqut deya ulug`lashadi. Qozog`iston, Qirg`iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston, O`zbekistonning bir guruh jurnalistlari Turkiyaning Bayburt shahrida 22-28 iyul kunlari bo`lib o`tgan Dada Qurqut xotirasiga bag`ishlangan san`at festivalida ishtirok etdik. Ushbu safarbarlik Turkiyaning O`zbekistondagi elchixonasi va Bayburt viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi.

«Dada Qurqut so`zidan va izidan» shiori ostida o`tkazilgan festivalning birinchi kuni Ozarbayjon, Qozog`iston, Qirg`iziston, Turkmaniston, Moldova, Gruziya va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan adabiyotshunos va tarixchi olimlar anjumanda ishtirok etishdi. Ular o`z ma`ruzalarida Dada Qurqutning turk xalqlari eposida tutgan o`rni va ahamiyatiga keng to`xtaldilar. Anjumanda ma`lum qilinishicha hozirgi kunda turk kinematograflari tomonidan “Dada Qurqut izidan” nomli badiiy film tasvirga olinmoqda. U keyingi yil tomoshabinlar e`tiboriga havola etiladi.

Dada Qurqut asarlari qo`lyozmasi muallifi Vali Muhammadning ta`kidlashicha Dada Qurqut nafaqat turk xalqlari tarixida, balki bugungi va kelgusidagi birligimiz, hamdo`stligimiz rishtalarini mustahkamlashda ham muhim rol o`ynaydi.

Bayburt shahri hokimi Hukma Pekmezchining aytishicha u bolaligida Dada Qurqutning hikoyalarini o`qib, musiqalarini tinglab katta bo`lgan. 25 bor o`tkazilayotgan festivalda har yili shaxsan ishtirok etadi. 1993 yildan buyon Markaziy Osiyo davlatlarida bo`lib, uning yodgorliklarini ziyorat qilmoqda. Uning fikricha adibning boy merosi turkiy xalqlar o`rtasidagi hamdo`stlik rishtalarini kelgusi avlodlarga etkazib berishga ham xizmat qiladi.

Qurqut qabrini ziyorat qildik

Anjumandan so`ng festival qatnashchilari Dada Qurqut maqbarasini ziyorat qildik, buyuk bobokalonimiz ruhiga qur`on tilovat etildi.

Mazkur maqbara so`lim daraxtlar bilan qurshalgan yalanglikda qad rostlagan bo`lib, gavjum ziyoratgohga aylangan. Turkiy xalqlarning barchasi bu shaxsni o`z ajdodi, xalq qahramoni, umri aziz avliyosi deb qadrlab, o`z hududida muqaddas maqbara barpo etgani ehtiromga sazovordir. Ammo Dada Qurqutning haqiqiy qabri qay biri ekanligi hamon sirligicha qolmoqda.

Bayburtdagi Dada Qurqut maqbarasini ziyorat qilganimizdan so`ng festivalning asosiy qismi boshlandi. Masat qiriga o`rnatilgan sahnada turk xalqlarining milliy kuy-qo`shiqlari, raqslari ijro etildi. Bayramga taklif qilingan aholi vakillari qadim ko`chmanchi xalqlar an`analariga sodiq tarzda keng dalaga tikilgan chodirlarda turkman g`oli ustidagi ko`rpacha va bolishlarga yonboshlab folklor dastalari chiqishlarini tomosha qilishdi. Bayramdan so`ng Bayburt hokimi turkiy xalqlar jurnalistlarini bir piyola choyga taklif qildi. Bu davrada Dada Qurqut merosi, jumladan uning “Kitobi Dada Qurqut” asari, unda turkiy xalqlar milliy an`analarining yoritilishi haqida so`z bordi.

Qurqut ota hikmatlari:

“Qo`noq qo`nmas qora uylar yiqilsa yaxshi”.

“Hisobsiz mol yiqqan bilan odam saxiy bo`lolmaydi”.

“Haqni haq demaguncha ishlar o`ngmas”.

“To`zgan paxta bo`z bo`lmas, qadimiy yov do`st bo`lmas”.

“Otadan yosh qolgan – aqldan bo`sh qolgan”.

“O`g`il otaning siridir, ikki ko`zining biridir”.

Manzura BEKJONOVA, tadqiqotchi jurnalist

Шарҳлар