Долзарб мавзулар Foto

O`zbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigi

Бўлимлар: Siyosat
Теглар:
Добавлено: 10.08.2019, 18:44

Muhtaram vatandoshlar!

Xalqimiz butun musulmon ummati bilan birgalikda katta shodu xurramlik ila kutib olayotgan Qurbon hayiti bilan sizlarni, go`zal diyorimizdagi barcha mo`minlarni chin qalbimdan samimiy tabriklab, eng ezgu tilaklarimni bildiraman.

Asrlar davomida el-yurtimizning ma`naviy hayotida beqiyos o`rin egallab, jamiyatimizda o`zaro hurmat, mehr-oqibat va bag`rikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlab kelayotgan ushbu qutlug` bayram barchamizga muborak bo`lsin!

Mana shunday shukuhli va saodatli ayyomda hammamiz avvalo Alloh taboraka va taologa beadad shukronalar aytishimiz tabiiydir.

Siz, azizlarga yaxshi ma`lumki, O`zbekistonda so`nggi yillarda milliy-diniy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish, e`tiqod erkinligini ta`minlashga alohida e`tibor qaratilmoqda, turli millat va elatlar o`rtasida totuvlik, ahillik va hamjihatlik muhiti tobora yuksalib bormoqda.

Ayniqsa, xalqimizning islom madaniyati va sivilizasiyasiga qo`shgan ulkan hissasini mamlakatimiz va dunyo jamoatchiligiga etkazish, tabarruk qadamjolarni obod qilib, ziyoratgohlarga aylantirish, buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma`naviy merosini chuqur o`rganish va targ`ib etish borasida boshlagan xayrli ishlarimiz ilmu ma`rifatning qadriga etadigan el-yurtimiz va xalqaro hamjamiyat tomonidan to`liq qo`llab-quvvatlanmoqda.

Fuqarolarimiz uchun yaratilgan yangi imkoniyat va sharoitlar tufayli ushbu mo``tabar va ulug` ayyom kunlarida Makkai mukarramada muqaddas haj amallarini ado etayotgan 7 mingdan ziyod vatandoshlarimiz bugungi tinch-osoyishta, erkin hayot uchun Parvardigori olamga hamdu sanolar aytib, yurtimizga ravnaq, xalqimizga xayr-baraka so`rab, duoi fotihalar qilishmoqda.

Hojilarimizning barchasini samimiy muborakbod etib, ularning ona diyorimizga sog`-salomat qaytib kelishlarini tilaymiz. Ular o`zlarining ibratli fazilatlari, jamiyat hayotidagi faol ishtiroki bilan yosh avlodimizni el-yurtga sadoqatli va fidoyi, hidoyat yo`lidan boradigan halol va pok insonlar etib tarbiyalashga munosib hissa qo`shadilar, deb ishonamiz.

Yaratganning ne`matlari ziyoda bo`layotgan va shukronalik hislari qalblarimizni nurafshon qilayotgan ushbu ayyomda uzoq va yaqin hududlarda joylashgan barcha musulmon mamlakatlarining xalqlarini, xorijiy do`st va hamkorlarimizni qutlab, ularga tinchlik, bardavom taraqqiyot va farovonlik yor bo`lishini tilaymiz.

Qadrli yurtdoshlar!

Qurbon hayitining mamlakatimizda mustaqillik bayrami arafasida keng nishonlanishi xalqimizning ruhi va kayfiyatini yanada ko`tarmoqda.

Ayni shu kunlarda el-yurtimizga xos bo`lgan mehr-muruvvat, shafqat va saxovat tuyg`ulari yaqqol namoyon bo`lib, barchamizni ehtiyojmand, kam ta`minlangan va boquvchisini yo`qotgan oilalar, nogironlar, yolg`iz keksalarning holidan xabar olish, ularga moddiy va ma`naviy yordam ko`rsatish, ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar va qabristonlarni obod qilish kabi savobli ishlarga da`vat etmoqda.

Bunday xayrli amallar mamlakatimizda ijtimoiy hayotning turli sohalarida ro`yobga chiqarilayotgan, insonni aziz va mukarram deb bilishga, jamiyatimizda qonun va adolat ustuvorligini ta`minlashga qaratilgan islohotlarimizga har tomonlama uyg`un va hamohangdir.

Biz ularning zamirida islom dinining insonparvarlik mohiyati va qudratini ko`ramiz, buyuk ma`naviy meros vorislari ekanimizdan haqli ravishda faxrlanamiz.

Hurmatli vatandoshlar!

Barchangizni Qurbon hayiti bayrami bilan yana bir bor chin yurakdan muborakbod etaman.

“Diling – Allohda, qo`ling – mehnatda bo`lsin”, degan olijanob e`tiqod bilan yashayotgan xalqimiz doimo omon bo`lsin!

Jonajon Vatanimiz, xonadonlarimizdan xotirjamlik, ahillik, fayzu baraka hech qachon arimasin!

Ezgu intilish va ishlarimizda Yaratganning o`zi hamisha madadkor bo`lsin!

Shavkat Mirziyoev

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

SUG'DIYONA