41

​Dunyoning 300 nafar olimlari Prezidentga murojaat qildi

Siyosat 27.08.2019, 18:13
638
​Dunyoning 300 nafar olimlari Prezidentga murojaat qildi

Dunyoning 300 nafar olimlari Prezidentga minnatdorlik bildirib, faoliyatiga yuqori baho berdi

Joriy yilning 27 avgust kuni “O`zbekiston – buyuk yo`llar va sivilizasiyalar chorrahasi: imperiya, din, madaniyat” madaniy meros haftaligi yakunlandi. Unda o`z hayotini O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, asrash va targ`ib etishga bag`ishlagan dunyoning 300 dan ziyod olimlari ishtirok etdi.

Haftalik doirasida o`tkazilgan Uchinchi xalqaro Kongressda 40 mamlakat olimlari qatnashdi. Ular yurtimizda madaniyat va fan rivoji yo`lida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi. Davlat rahbarining misli ko`rilmagan tashabbuslari nafaqat keng jamoatchilik, balki ilmiy jamiyat qalbida ham aks-sado berdi va qo`llab-quvvatlandi. O`zbekistondan so`nggi uch yilda qabul qilingan ko`plab tashabbuslar Uchinchi xalqaro Kongressda olg`a surilgan yangi tashabbuslarni ishlab chiqishga turtki bo`ldi.

Madaniy meros loyihasining asosiy yo`nalishlaridan biri bu — uch tildagi illyustrativ kitob-albomlarni chop etish hamda hujjatli filmlar suratga olish edi. Bu ishlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. O`zbekistonning ilmiy jamoatchiligiga qator yangi loyihalar ham taklif etildi. Ular quyidagilar:

-“O`zbekistonning 100 nodir qo`lyozmasi” (turli mamlakatlardagi ilmiy va madaniy muassasalarda saqlanayotgan, bevosita O`zbekistonga tegishli bo`lgan qo`lyozmalarni izlab topish va ularning faksimile nusxalarini mamlakatimizga olib kelish yo`nalishida);

-“O`zbekistonning me`moriy obidalari kartografiyasi”;

-“O`zbekistonning me`moriy epigrafikasi”;

-O`zbekistonning me`moriy obidalari katalogi”;

-O`zbekistonning fan va madaniyati olimlar ishlarida”.

Shuningdek, Parijdagi Temuriylar jamiyatining 30 yillik faoliyati davomida nashr etilgan “LaTimuride” jurnalini umumlashtirish va boshqa.

Butunjahon jamiyatining joriy yildagi “ovozi” avvalgi kabi O`zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaati bo`ldi.

Quyida biz O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati a`zolarining O`zbekiston Respublikasi Prezidentiga yo`llagan murojaatini to`lig`icha hukmingizga havola etyapmiz.

Shavkat Miromonovich Mirziyoevga

Muhtaram janob Prezident!

O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyatining “O`zbekiston – buyuk yo`llar va sivilizasiyalar: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar chorrahasi” nomli uchinchi xalqaro anjumani qatnashchilari nomidan, Yangi O`zbekistonni rivojlantirish va taraqqiy ettirish yo`lida zaruriy shart-sharoitlarni yaratishga yo`naltirilgan yuksak faoliyatingiz uchun Sizga samimiy ehtiromimizni izhor etishga ijozat etgaysiz. O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirishga yo`naltirilgan va “Moddiy va nomoddiy merosni asrash: dolzarb muammolar va ularni hal qilish strategiyasi” mavzusidagi xalqaro konferensiya qatnashchilariga yo`llagan tabrigingizda tilga olingan tashabbuslaringizni biz o`ta muhim ahamiyatga ega deb bilamiz.

Ushbu tashabbuslarni to`laqonli baholashimizga imkon bergan O`zbekiston madaniy merosi haftaligi davomida yaratilgan ajoyib imkoniyatlar uchun Sizdan minnatdormiz. Mazkur anjuman, konferensiyalar va davra suhbatlari davomida Sharq va G`arb madaniyatida tarixan muhim ahamiyatga molik O`zbekiston hududining o`ziga xos betakror o`rni to`g`risida ko`plab ma`ruzalar va taqdimotlar tayyorlandi. Ushbu omil, shuningdek, O`zbekiston mutafakkirlari va olimlarining buyuk asarlari jahon sivilizasiyasi rivojiga salmoqli hissa qo`shdi. Shundan kelib chiqqan holda, tinchlik, mehr-oqibat, bag`rikenglik, insonparvarlik va ma`rifat dini sifatida Islomning asl mohiyatini xalqaro hamjamiyatga etkazish bo`yicha qutlug` tashabbusingizni ham yuksak baholamoq joiz.

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Biz, dunyoning turli mamlakatlari olimlari, madaniyat va san`at sohasidagi mutaxassislar va jurnalistlar “O`zbekistonning madaniy merosi jahon to`plamlarida” loyihasi sababli birlashdik. Ushbu dunyo miqyosidagi media-loyiha O`zbekistonning buyuk tarixi va bebaho ma`naviy boyligi bilan bog`liq badiiy asarlar, qo`lyozmalar va hujjatlarni to`plash, o`rganish, nashr etish va hujjatli filmlarniyaratishni nazarda tutadi. Loyiha natijasida hozirgacha 20 ta kitob-albom chop etildi va yana 13 tasi nashrga tayyorlanmoqda, 30 dan ortiq hujjatli filmlar suratga olindi.

Ushbu loyihani ma`rifat va ta`lim sohasida fuqarolik jamiyati, jamoatchilik, davlat va xalqaro tashkilotlar, ijtimoiy mas`uliyatli biznes, ommaviy axborot vositalari va dunyoning turli mamlakatlaridagi olimlarning sa`y-harakatlarini birlashtirishda misli ko`rilmagan natijalarga erishishga imkon beruvchi yorqin misol sifatida Yangi O`zbekistonning tashrif qog`ozi deb atash mumkin.

Ushbu anjuman o`tkazilayotgan pallada O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyatining Parijda rasmiy yuridik ro`yxatdan o`tkazilganligi ham biz uchun quvonchli xabar bo`ldi. Ushbu vakolatxona biz uchun Evropa markazida samarali uchrashuvlar uchun ishonchli tayanchga aylanadi. Mazkur joyning tanlanishi ham tasodif emas – binobarin, u dunyoning turli mamlakatlaridagi olimlar o`zaro samarali aloqa o`rnatishi uchun xizmat qilish barobarida jamiyatimizni ham YuNESKO qarorgohiga yaqinlashtiradi. Shu bilan birga, biz Toshkentda Butunjahon jamiyatining markaziy ofisini ochish zarurligiga aminmiz, zero, III Anjuman jarayonida ushbu masalada ham tegishli qaror qabul qilindi. Bu tashabbus butun ilmiy jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi.

Ta`kidlash joizki, yuksak qo`llab-quvvatlashingiz tufayli amalga oshirilayotgan ushbu loyiha o`zlarining kasbiy qiziqishlarini, ayni paytda ilmiy hayotining o`zini ham O`zbekistonni o`rganish bilan bog`lagan xorijiy va mahalliy olimlarni birlashtirish uchun misli ko`rilmagan sharoitlar yaratdi. Dunyo ilmiy kuchlarining birlashuvi, olimlarning o`ziga xos xalqaro ilmiy laboratoriyasi yuzaga kelgani jamiyatimizning kuchli tomonlaridan biri deyish mumkin. Shunga bog`liq ravishda biz O`zbekistonga madaniyat va san`at tarixiga oid tadqiqotlar, ma`rifat va ta`lim sohalarida har tomonlama ko`mak berishga tayyor ekanligimizni bildiramiz.

Bugun, uchinchi xalqaro anjuman kunlarida ishonch bilan ayta olamizki, Butunjahon jamiyati xalqaro diplomatiyaning samarali shakli bo`lib, xalqlar va mamlakatlar o`rtasidagi o`zaro tushunishni mustahkamlashga, eng muhimi, jahon sahnasida O`zbekistonning madaniy nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

O`zbekiston madaniy merosi haftaligi tashkilotchilari bizga uzoq yillardan buyon keng jamoatchilikka namoyish etilmagan Dalvarzin xazinasining dunyoga mashhur oltin buyumlari taqdim etilgan “Kushon saltanati va uning jahon sivilizasiyasining rivojlanishiga qo`shgan hissasi” ko`rgazmasi kabi ilmiy ahamiyatga ega bo`lgan tadbirlarda ishtirok etish imkonini havola qilishdi. Ilk ellinizmning betakror yodgorligi, arxeologlarga Kampirtepa nomi bilan ma`lum bo`lgan Amudaryo sohilidagi Oks Aleksandriyasi – yunon istehkomining tantanali ochilishi ham hech kimni befarq qoldirmadi.

O`zbekiston o`z merosining boyligi va xilma-xilligidan beqiyos kuch olib, zamonaviy hayotda ham o`zining buyuk ajdodlari faoliyatiga munosib bo`lish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishiga yana bir bor aminmiz. “O`zbekiston.Sevgi afsonalari” filmida ham aynan shu haqda yorqin tarzda hikoya qilinadi.

Xalqaro anjuman ishining natijalari yuzasidan Butunjahon jamiyatining kelgusi ikki yillik faoliyati bo`yicha Yo`l xaritasi qabul qilindi.

Bu bizning umumiy harakatlarimiz – g`oyalar va loyihalar to`plamining o`ziga xos dasturi bo`lib, u O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, asrab-avaylash va targ`ib qilish masalalarini yangi bosqichga ko`tarishiga qattiq ishonamiz.

Yangi albom-kitoblarni nashr etish, shuningdek, dastlabki bosqichda ba`zi loyihalarni amalga oshirish bilan bir qatorda, harakatlar dasturida ilmiy tadqiqotlar ko`lamini kengaytiruvchi yangi faoliyat yo`nalishlari ham mavjud. O`rta asrlarga oid noyob yozma merosning faksimil nusxalarini yaratishni nazarda tutuvchi “O`zbekistonning 100 ta mashhur qo`lyozma obidalari” loyihasi sharqshunoslik uchun katta ahamiyatga ega. Bu dunyodagi turli to`plamlardan o`rin olgan o`zbek merosining ulkan, ilgari o`rganilmagan durdona qo`lyozmalari to`plamini ilmiy muomalaga kiritish imkonini beradi.

Boshqa muhim loyihalarni ham aytib o`tish lozim. Arxeologiya fani O`zbekiston hududidagi qadimiy manzilgohlar va ob`ektlarni xaritalashga juda muhtoj. Ushbu muammoni “O`zbekiston arxeologik yodgorliklari xaritasi” loyihasini amalga oshirish orqali hal qilishni rejalashtirmoqdamiz.

Yana bir dolzarb loyiha– “O`zbekiston arxitektura epigrafikasi” bo`lib, u o`tgan asrlar me`moriy yodgorliklarida saqlanib qolgan noyob yozuvlarni to`plash va bir necha tillarga tarjima qilish imkonini beradi. Ushbu seriyaga mansub 13 ta kitob-albom allaqachon nashr etilgan va bu boradagi ishlar jadal davom etmoqda. Shu bilan birga, biz Hindiston, Afg`oniston, Eron va boshqa mamlakatlarda Temuriylar merosining saqlanib qolgan me`moriy yodgorliklari yozuvlarini aniqlab tarjima qilishni ham taklif qilamiz.

Shuningdek, “O`zbekiston arxitektura yodgorliklari katalogi” loyihasini amalga oshirishni zarur deb hisoblaymiz, uni yaratish nafaqat tizimli hisob yuritishga, balki O`zbekiston hududida mavjud noyob obidalarni dunyoga keng namoyish etishga imkon beradi.

Yana bir tashabbus – bu “O`zbekiston ilm-fani va madaniyati olimlarning asarlarida” loyihasi bo`lib, u so`nggi yuz yillikning taniqli olimlari yozgan yuksak ilmiy asarlarni o`zbek va ingliz tillariga tarjima qilish va qayta nashr etishga imkon yaratadi.

Parijda Temuriylar jamiyatining 30 yillik faoliyati davomida nashr etilgan La Timuride jurnalining sonlarini jamlash ham qiziqarli loyihalardan biri bo`lishi mumkin.

O`zbekistondagi noyob mahallalarni davlat ro`yxatiga olish va kataloglashtirish loyihasi ham alohida ahamiyatga ega bo`lib, bu mazkur betakror ijtimoiy institutning o`ziga xos koloritini saqlab qolishga imkon beradi.

Ushbu o`ta muhim masalalarni hal qilish zamonaviy ilm-fanni yanada rivojlantirish va ommalashtirishga, shuningdek, O`zbekistonning turizm salohiyatini oshirishga xizmat qilishiga ishonchimiz komil.

Shubhasiz, yuqorida aytib o`tilgan loyihalar O`zbekistonning yosh avlodini o`z yurtlariga iftixor va muhabbat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega. Yoshlarning qiziqishlarini inobatga olgan holda, biz kitob- albomlar va mediamahsulotlarni nashr etishda eng so`nggi 3D texnologiyalardan foydalanishni boshladik. Bizning fikrimizcha, loyiha doirasida dunyoning etakchi olimlari tomonidan nashr etilgan kitob-albomlardagi materiallar O`zbekiston maktablari va OTMlarida o`quv qo`llanma sifatida foydalanishga, shuningdek, O`zbekiston va dunyoning barcha kutubxonalarida bo`lishga loyiq.

Shuni alohida ta`kidlashni istardikki, biz Yangi O`zbekistonga va shaxsan Sizga yuqoridagi loyihalarni amalga oshirishda yaqindan ko`maklashishga doim tayyormiz.

Shu bilan birga, Siz, muhtaram Shavkat Miromonovich, biz tomonimizdan qabul qilingan loyihalarni o`z ichiga olgan “Yo`l xaritasi”ni amalga oshirishni shaxsan qo`llab-quvvatlashingizga umid qilamiz.

Fursatdan foydalanib, o`zbek xalqiga xos sharqona mehmondo`stlik uchun chuqur minnatdorchilik izhor etib, Sizga mustahkam sog`liq, insonparvar maqsadlaringizda va gullab-yashnayotgan O`zbekistonni rivojlantirishga yo`naltirilgan samarali ishlaringizda yuksak muvaffaqiyatlar tilaymiz!

O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyati a`zolari tomonidan qabul qilindi.

Комментарии