41

O`zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi tashkil etiladi

Jamiyat 22.09.2019, 14:48
357
O`zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi tashkil etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O`zbekistonda raqs san`ati sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi prezident qarori loyihasi e`lon qilindi.

O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabini O`zbekiston davlat xoreografiya akademiyasiga aylantirish to`g`risidagi takliflari ma`qullanishi mumkin.

Akademiya Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Yusuf Xos Hojib ko`chasi 103-uyda joylashtiriladi.

Quyidagilar O`zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

raqs san`ati bo`yicha yuqori malakali bakalavr va magistrlarni, shuningdek, ushbu sohada chuqur tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash;

yoshlarning raqs san`atiga bo`lgan qiziqishlarini oshirish hamda iste`dodini yuzaga chiqarish;

raqs san`ati sohasidagi dolzarb mavzular bo`yicha xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar o`tkazish hamda xorijiy mamlakatlarda bo`lib o`tadigan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda ishtirok etish;

kadrlar tayyorlash jarayoniga sohaning etuk va malakali mutaxassislarni jalb qilish orqali ilm-fan va ta`limning o`zaro integrasiyasini chuqurlashtirish;

ilmiy-tadqiqotlar natijalari bo`yicha ma`naviy-ma`rifiy va ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish;

talaba-yoshlarni qo`llab-quvvatlash maqsadida mahalliy fondlar va xalqaro grantlar asosida ularning xorijda ta`lim olishi, ilmiy-ijodiy ishlar olib borishini samarali yo`lga qo`yish, hamkorlikdagi konsert dasturlarini tashkil etish;

kadrlar ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy-ijodiy faoliyatni yanada rivojlantirish, professor-o`qituvchilarning ilmiy-ijodiy faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy-ijodiy faoliyat bilan ko`proq shug`ullanishga keng jalb etish;

har bir yo`nalish va mutaxassisliklarda tegishli fanlarni xorijiy tajriba, metod va innovasion yondashuvlar asosida o`qitishni izchil yo`lga qo`yish orqali bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini ta`minlash;

soha mutaxassislarini xorijiy turdosh oliy ta`lim muassasalarida malakasini oshirish, stajirovka va qayta tayyorlash tizimini tashkil etish;

Fanlar akademiyasi va ilmiy tadqiqot institutlari bazalarida, shuningdek, xorijiy mamlakatlarning etakchi muassasalarida magistratura talabalarining stajirovkalar o`tashini amaliyotda keng qo`llash;

axborot bazalarini modernizasiyalash, faoliyat sohasida konsalting, marketing, moliyaviy, axborot va ta`lim xizmatlarini ko`rsatish orqali ilmiy-tadqiqot ishlari va innovasion faoliyatni hamda tijoratlashtirish ishlarini zamon talablari darajasida tashkiliy-texnik qo`llab-quvvatlash;

talabalarning sohalar bo`yicha bilimlarini oshirish hamda ularda ijrochilik ko`nikmalarini kuchaytirish maqsadida tizimli ravishda xorijiy mamlakatlarga qisqa va uzoq muddatli amaliyotlarga yuborish.

Akademiya faoliyatini moliyalashtirish quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:

O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag`lari;

Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida bajariladigan ilmiy loyihalarni moliyalashtirish uchun O`zbekiston Respublikasi davlat byudjetidan ajratiladigan mablag`lar;

to`lov-kontrakt asosida talabalar o`qishidan tushadigan mablag`lar;

xo`jalik faoliyatidan va shartnoma asosida ko`rsatilgan xizmatlardan tushadigan mablag`lar;

ta`lim xizmatlari ko`rsatish, ilmiy-o`quv, o`quv-metodik, ilmiy va axborot-tahliliy mahsulotlarni ishlab chiqish va boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya institutlari, xorijiy va donor tashkilotlarning grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Toshkent shahar hokimligi, Toshkent viloyati hokimligi, Madaniyat vazirligi bilan kelishgan holda:

Akademiya va uning huzuridagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarini professor-o`qituvchilari va talabalarining ijodiy faolligini yanada oshirish, ta`til davomida ularning bo`sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish maqsadida Toshkent viloyati, Bo`stonliq tumanida zamon talablari asosida sihatgoh tashkil qiladi va 2021 yil 1 aprelga qadar foydalanishga topshirish choralarini ko`radi.

O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi tarkibidagi Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktabni O`zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi huzuridagi M.Turg`unboeva nomidagi yuridik shaxs maqomiga ega bo`lgan Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internatga aylantirish to`g`risidagi taklifi inobatga olinishi mumkin.

O`zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi huzuridagi M.Turg`unboeva nomidagi Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internati Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Yusuf Xos Hojib ko`chasi 31-uyda joylashtiriladi.

O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Buxoro, Sirdaryo, Farg`ona, Xorazm, Qashqadaryo viloyati hokimliklarining 2021/2022 o`quv yilidan Buxoro, Sirdaryo, Farg`ona, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlari markazida Akademiya huzuridagi ixtisoslashtirilgan boshlang`ich raqs san`ati maktab-internatlarini tashkil etish;

raqs maktab-internatlari uchun 150 o`rinli 2 tadan o`quv binosi, 1 tadan 200 o`rinli konsert zal, 120 o`rinli yotoqxona va oshxona binolarini qurish bo`yicha takliflari ma`qullanadi.

Quyidagilar raqs maktab-internatlarining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

o`quvchilarning raqs ijrochiligi yo`nalishida o`qitishning zamonaviy ilg`or pedagogik usullaridan keng foydalanish, yangi informasion-pedagogik texnologiyalarni tatbiq etish;

o`quv-tarbiyaviy ishlarning asosi puxta o`ylangan o`quv materialini tanlash – o`quvchilarning raqs san`atiga iqtidorini har tomonlama rivojlantirish;

ta`lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va innovasion texnologiyalarni, madaniyat va san`at sohasida ilm-fan bo`yicha erishilgan ilg`or yutuqlarni tatbiq etish.

Комментарии