41

Bir kunda to`rt va uch nafarli egizaklar dunyoga keldi

Jamiyat 23.09.2019, 11:06
875
Bir kunda to`rt va uch nafarli egizaklar dunyoga keldi

Kuni kecha ana shunday mo``jizalardan biri ro`y berdi. Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi Jo`raevlar xonadonida, bir yo`la 4 nafar egizak farzand dunyoga keldi. O`tgan yili turmush qurgan Shoira Jo`raeva Bekobod shahridagi farmasevtika zavodida kichik xodim, Bekzod Jo`raev esa O`zbekiston metallurgiya komibinatida injener.

— Quvonchimni, hayajonimni hech qanday so`z bilan izohlay olmayman, — deydi baxtiyor ona Shoira Jo`raeva. — Dastavval 4 nafar egizak kutayotganimni eshitganimda ham xursand bo`ldim, ham qo`rqdim. Shifokorlardan minnatdorman. Men bilan elkama-elka turib, yaqin jigarlaridek g`amxo`rlik ko`rsatishdi. Farzandlarim eson-omon tug`ilishida yordam berishdi.

Ha, ayolga onalik baxtini hadya etish ham mashaqqatli, ham sharafli. Bu yo`lda Respublika Perinatal markazida barcha sharoit yaratilgan bo`lib, xodimlar fidokorlik va jonbozlik ko`rsatib mehnat qilishmoqda.

— Shoira Jo`raeva homiladorlikning boshlanishidan turar joyidagi tibbiyot muassasasida nazoratga olingan, — deydi markazning homiladorlar patologiyasi bo`limi boshlig`i, tibbiyot fanlari nomzodi Dilfuza Hayitova. — Unda erta tug`ruq xavfi bo`lgani uchun avgust oyining oxirida Bekobod shahridan markazga o`tkazildi. To tug`ruqqacha unga zamonaviy perenatal texnologiyalar bo`yicha barcha yordam ko`rsatildi. Shifokorlarning tajribasi sabab erta tug`ruqning oldi olinib, tug`ruqni 34 haftaga olib borishga erishildi. Bolalarni sog`-salomat ona qo`liga topshirish chora-tadbirlarini belgilash maqsadida odatdagidek markaz direktori, o`rinbosari hamda barcha mutaxassislar ishtirokida tug`ruq rejasi tuzildi. Tug`ruq jarayoni uchun barcha zamonaviy apparatlar shay holatga keltirilib, 21 sentyabr kuni ayol jarrohliq amaliyotiga rejali ravishda olindi.


Tibbiyot tarixida kamdan-kam kuzatiladigan ko`p homilali operasiyalarning asoratli ehtimoli juda kuchli bo`ladi. Ya`ni bu jarayonda bachadondan qon ketib, ayolning ahvoli og`irlashishi mumkin. Shu bois barcha zaruriy tayyorgarliklar ko`rildi. Har bir bolaga to`liq tibbiy yordam ko`rsatish uchun alohida mutaxassislar va apparatlar tayyorlandi.

Shu tariqa akusher genekolog, neanotolog, reanimatolog, anisteziolog kabi mutaxassislardan tarkib topgan o`n kishidaniborat malakali guruh operasiyada ishtirok etdi.Tug`ruqning asoratsiz o`tishi uchun jarrohliq amaliyoti so`nggi perenatal texnologiyalar bo`yicha olib borildi. Salkam bir soat davom etgan jarayonda barcha xodimlar birdek jonbozlik ko`rsatdi. Operasiya muvaffaqiyatli kechdi. Hozirda chaqaloqlarning uch nafari intensiv bolalar bo`limida. Bir nafarining ahvoli e`tibortalab bo`lgani uchun chaqaloqlar reanimasiyasi bo`limida kuzatuv va intensiz davolash jarayonida.

Onaning ahvoli ancha yaxshi. U operasiya stolidayoq to`rt nafar bolasi, ya`ni ikki nafar o`g`il va ikki nafar qizaloqni bag`riga oldi. Bolalarni parvarishlashda bevosita o`zi ishtirok etmoqda. Bu kunni orziqib kutgan oila a`zolari ham xursand. Nafaqat ular, balki markaz shifokorlari ham go`daklarni ona qo`liga topshirishda hissa qo`shishganidan juda xursand. Darhaqiqat, mehnat samarasini ko`rganda har qanday mashaqqatlar unutiladi.

Darvoqe, o`sha kuni yana bir mo``jiza ketma – ket yuz berdi. Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi Javdat va Umida Mamadievlar oilasi 7 yildan buyon farzand kutayotgan edi. Sabrning mevasi sifatida bir emas, 3 nafar farzand, ya`ni bir o`g`il va ikki qizaloq ota-ona bag`rini to`ldirdi. Umida Mamadieva ham Respublika Perenatal markazida rejali ravishda tug`ruqqa tayyorlandi. To`liq tarkibdagi guruh ish olib bordi. Hozirda bolalarning ahvoli yaxshi. Ona bolalar parvarishi bilan mashg`ul.

Ayni paytda chaqaloqlar ham, onalar ham Sog`liqni saqlash vazirligi nazorati ostida bo`lib, ularga malakali tibbiy xizmat ko`rsatilmoqda.

Комментарии