41

Sobiq "Chorsu" mehmonxonasi qayta sotuvga qo`yildi

Jamiyat 23.09.2019, 12:31
299
Sobiq "Chorsu" mehmonxonasi  qayta sotuvga qo`yildi

Vazirlar Mahkamasining 16 sentyabrdagi 774-sonli qaroriga muvofiq sobiq «Chorsu» mehmonxona kompleksi qayta sotuvga qo`yildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Sobiq "Chorsu" mehmonxona majmuasi quyidagi shartlar asosida sotiladi:

  • E-ijro auksion elektron savdo maydonchasi orqali 1 so`mga teng qiymatdagi boshlang`ich narxda;
  • auksion bosqichi 100 million;
  • auksion savdolarida qatnashish uchun talabgor shaxsiy kabinetini va shaxsiy hisob raqamini ochishi uchun «e-auksion.uz» saytidan ro`yxatdan o`tishi;
  • auksion savdolarda qatnashish uchun talabgor belgilangan investisiya summasining 5 foizidan kam bo`lmagan miqdorida shaxsiy kabinetdagi hisob raqamini to`ldirishi va ob`ekt uchun belgilangan lot raqamiga ariza berishi (bunda, savdo g`olibi tomonidan shartnoma tuzilishi rad etilgan taqdirda zakalat summasi qaytarilmaydi);
  • ob`ektni sotib olish bo`yicha g`olib bo`lgan investor oldi-sotdi shartnomasi tuzilgunga qadar belgilangan tartibda investisiya miqdorining kamida 10 foizi (2,5 million AQSh dollariga teng) miqdoridagi mablag`ni o`zining xizmat ko`rsatuvchi bankida alohida hisob raqami ochgan holda joylashtirganligini tasdiqlovchi hujjatlarni (tegishli tijorat bankdan ma`lumotnoma) hamda ushbu mablag`larni investisiya kiritish uchun foydalanish bo`yicha kafolat xatini taqdim etishi lozim.

Elektron onlayn auksion savdolari 21 oktyabr kuni soat 09:00 da boshlanadi.

Elektron onlayn auksion savdolarga arizalarni qabul qilish auksion o`tqazish to`g`risidagi xabarnoma e`lon qilingan kundan boshlanadi va savdo kunidan 1,5 kun oldin 13:00 da tugaydi.

Agar auksion savdolari bo`lib o`tmagan deb topilsa, takroriy tanlov savdolari har 15 ish kunida bir marta o`tkaziladi.

Eslatib o`tamiz, 12 yildan buyon vayrona ahvolda bo`lgan «Chorsu» mehmonxonasi 2019 yili ishga tushirilishi haqida o`tgan yilning may oyida xabar berilgandi. "Chorsu" mehmonxonasini rekonstruksiya qilish ishlari bilan turkiyalik investor Axmet Demir shug`ullanayotgani haqida xabar tarqalgan edi. Keyinroq, Axmet Demir mehmonxonani rekonstruksiya qilish ishlari sust ketishida Toshkent shahar hokimligini ayblagan, turkiyalik ishbilarmonning mazkur e`tirozlariga Toshkent shahar hokimligi mutasaddilari javob qaytargandi.

Комментарии