42

Qaytar dunyo (Ibratli hikoya)

Mutolaa 29.09.2019, 20:00
732
Qaytar dunyo (Ibratli hikoya)

Qadim zamonda donishmandligi bilan yuksak obro`-e`tibor qozongan kishi bor edi. U barchaga mehribon, to`g`ri yo`l ko`rsatuvchi, hamdard va hamsuhbat edi.

Bir kuni donishmandning huzuriga suv sotuvchi g`amgin holda keldi. Uning mahzunligini ko`rgan donishmand:

– Bolam, biror musibating bormi? – deb so`radi.

– Yo`q, ...ammo... qanday aytishni bilmay turibman – deb javob berdi suv sotuvchi.

– Gapiraver, uyalma, dardingni ayt, – dedi donishmand kuyinib.

– Kechirasiz, deb gap boshladi sotuvchi ming xijolat ila. Sizning farzandingiz bugun oltinchi meshimni juvoldiz (bigiz) bilan teshdi. Bilasiz, faqir odamman, nima qilishni bilmay qoldim. Yangisini olishga pulim ham qolmadi.

Donishmand:

– Xafa bo`lma, bolam, bir chorasini topaman. Hozircha mana bu pulni olib, boshqa mesh sotib ol, – dedi.

Ota “nega farzandim bunday ishga qo`l urdi?” degan savolning javobini o`ylab o`yiga eta olmadi. Shundan so`ng, ayoliga bo`lgan voqeani aytib:

– Qanday qilib o`g`limiz bu xunuk ishga qo`l urdi. Xatoimni hech o`ylab topa olmadim. Sen ham yaxshilab o`ylab ko`r, – dedi.

Oradan biroz vaqt o`tib, ayoli:

– Esimga tushdi, – dedi hayajonlanib. O`g`limizga homilador bo`lganimda mehmonga borgan edim. Dasturxondagi apelsinga ko`zim tushib, juda ham egim keldi. Biroq dasturxonga qo`l uzatishga tortindim. Katta yoshdagi qariya onaxonlarning: “Homilador ayolning ko`ngli biror narsani tusaganda undan totib ko`rmasa, tug`ilajak farzandiga salbiy ta`sir ko`rsatadi”, deyishgani yodimga tushdi. Bolamizga putur etishidan qo`rqib, mezbondan suv so`radim. Suv olib kelishga chiqib ketganida, yoqamdagi to`g`nog`ichni olib, apelsinga tiqib yaladim.

Donishmand:

– Tez borib uy egasidan uzr so`ra, – dedi.

– Ularga nima deyman? Shu arzimagan ish uchun ham uzr so`rash shartmi? – dedi ayoli e`tiroz bildirib.

– Xonadan ahlidan rozilik so`ra. Farzandimiz olti yoshga to`ldi. O`sha voqeadan olti yil o`tib, to`g`nog`iching o`g`limiz qo`lida bigiz bo`ldi. Sening qilgan ishing davom etmoqda. Keyin kech bo`lmasin, – dedi donishmand.

O`rol TUROBOV

Комментарии