Му5
46

Direktorning o`g`li elektrik, qizi psixolog, kelini esa... Kitob tumanidatanish-bilishchilik avjiga chiqqan...

Jamiyat 14.10.2019, 11:39
643
Direktorning o`g`li elektrik, qizi psixolog, kelini esa... Kitob tumanidatanish-bilishchilik avjiga chiqqan...

Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida yashovchi Nasimjon Baratov va uning hamkasblari o`zlari faoliyat yuritayotgan 37-maktab direktori Lobar Rahimova tanish-bilishchilikni avjiga chiqarganidan nolidi. Ularning aytishicha, maktabda «revizor»ga deb o`qituvchilarning avgust oyi ish haqidan millionlab so`m mablag` ushlab qolingan. Vaziyatni o`rganish uchun jamoachi muxbir Otabek Qo`ldoshev ishga kirishdi...

Ma`lumot  o`rnida:

  • Viloyat xalq ta`limi boshqarmasi ham Lobar Rahimova rahbarligidagi umumta`lim maktabida direktorning 2 nafar o`g`li, kelini va qizi ishlab kelganini tasdiqlagan.

 

“O`qituvchidan 2 million so`mga yaqin pul ushlab qolindi”

Nasimjon Baratov, ingliz tili fani o`qituvchisi: 

— Maktabimizda adolatsizliklar juda ko`p. Masalan, joriy yil avgust oyida o`tkazilgan audit tekshiruvini yopish uchun 14 nafar o`qituvchidan 2 million so`mga yaqin pul ushlab qolindi.

“Reviziyani yopish uchun”

Mohigul Rahmatova, o`qituvchi:

— Avgust oyi ish haqimdan 325 ming so`m ushlab qolindi. Sababini so`rasam, hisobchimiz Shoira Ergasheva “reviziyani yopish uchun” dedi.

“Hali pulimni berishmadi”

O`qituvchi Gulsara Ashurova ham avgust oyi ish haqidan ushlab qolinganligini aytar ekan, “reviziya” haqida unga hech kim hech narsa demaganini bildirmoqda.

— Avgust ish haqimdan 955 ming so`m ushlab qolishgan edi, — deydi Gulsara Ashurova. — Sababini  so`rasam, adashibmiz deyishdi. Sentyabr oyida oylik ish haqimga qo`shib o`tkazib berishlarini aytishdi. Sentyabr oyida olgan maoshim 1 million 800 ming so`m. Ya`ni o`zgarish yo`q. Demak, hali pulimni berishmadi.

“Tekshiruvda 1 million 610 ming so`m kamomad aniqlangan”

Muxbiri bilan suhbatlashgan qolgan 20 nafarga yaqin o`qituvchi ish haqidan ushlab qolishmagani, «reviziyani yopish» haqida eshitishmaganini aytishdi.

Viloyat xalq ta`limi boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari Maqsud Panjievning 2019 yil 27- sentyabr kuni murojaatchi Nasimjon Baratovga yo`llagan javob xatida yozilishicha, 2019 yil 1 avgust kuni boshqarmaning ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati xodimlari ushbu maktabda tekshiruv o`tkazgan. Tekshiruvda 1 million 610 ming so`mka momada  niqlangan.

“Qanday ishonish mumkin?”

Murojaatchi Nasimjon Baratovning aytishicha, maktab direktori 2 nafar o`g`lini elektrik, qizini psixolog, kelinini esa qorovul sifatida ishga olgan.

— Direktorimiz maktab transformatori hamda elektr shiti qaerda joylashganini bilmaydigan o`g`illarini elektrik sifatida ishga qabul qilgan, — deydi Nasimjon Baratov. —

Qashqadaryo viloyat xalq ta`limi boshqarmasi mas`ullarining ma`lumot berishicha, maktab direktori Lobar Rahimova 2015 yil 1 iyunkuni 14-sonli buyruq chiqarib, o`g`li Shukurov Komilni elektrik sifatida ishga qabul qilgan. 2016 yil 1 dekabr kuni o`g`li Komilni ishdan bo`shatib, o`rniga 9-sonli buyruqqa asosan ikkinchi o`g`li Quvonchbek Shukurovni elektrik qilib tayinlagan. So`ngra elektrik shtati qisqargani bois, 2017 yil 1 dekabr kuni Quvonchbek Shukurov ham ishdan bo`shatilgan.

— Komil Shukurov bizning maktabda elektrik sifatida ishlab yurgan kezlari qishlog`imizdagi kollejda ham faoliyat yuritgan, — deydi Nasimjon Baratov. — Kollejda ham mas`ul vazifada ishlagan. Maktabga deyarli kelmagan. Ammo oylik ish haqini olib yuravergan. Quvonchbek Shukurov esa bizda ishlab yurgan payti talaba sifatida oliygohda o`qirdi. Xo`sh, endiyam ishonish mumkinmi o`sha elektriklar maktabga kelgani va ishlaganiga?

“Ishga kelmasdan oylik oladi”

O`qituvchilarning aytishicha, direktorning kelini Surayyo Saidova ham maktabda qorovul sifatida ishga qabul qilingan va ishga kelmasdan oylik oladi.

— Ayol kishi qorovul sifatida ishga olingan, — deydi o`qituvchilar. – Qanday qilib yosh bolali ayol maktabni qo`riqlashi mumkin?

Viloyat xalq ta`limi boshqarmasi mas`uli Maqsud Panjievning ma`lumot berishicha, haqiqatan ham maktab direktori 2018 yil 1 noyabr kundagi buyrug`iga asosan kelini — Saidova Surayyoni 0,5 stavka shtat birligida qorovul sifatida ishga olgan. Murojaatchilar shikoyatiga asosan bu aniqlangach, kelin 2019 yil 31 avgust kuni ishdan bo`shatilgan.

— Direktorimizning kelini 0,5 stavkada ishlasa-da, 577 ming so`mdan oylik olib kelgan, — deydi Nasimjon Baratov. — Hujjatda yarim stavka ko`rsatilib, to`liq shtat bo`yicha oylik to`langan. Buni qanday tushunish kerak?

Direktorining o`zi nima deydi?

Maktab direktorining ma`lumot berishicha, maktab qorovuliga yarim stavka uchun 220-230 ming so`m miqdorida maosh to`lanishi kerak.

— Haqiqatan ham kelinim Saidova Surayyoni yarim stavkada qorovul sifatida ishga olganman, — deydi Lobar Rahimova. — Kelinim har kuni ishga kelgan.

O`sha kuni muxbir bilan muloqot qilgan o`qituvchilarining barchasi direktorning o`g`illari hamda kelini Surayyo Saidovaning maktabga biror marta bo`lsa-da, kelib-ketganini ko`rmagani, hatto o`g`illarining elektrik sifatida ishlaganidan endi xabar topayotganini bildirdi.

Viloyat xalq ta`limi boshqarmasi mas`ullarining so`ziga ko`ra, maktab direktorining qizi Nilufar Shukurova haqiqatan ham maktabda 0,5 stavka shtat birligida psixolog sifatida ish yuritadi. Bu haqda maktab direktorining 2018 yil 5 sentyabrdagi buyrug`i bor.

— Qizimning psixolog sifatida maktabimizda ishlashi bu noto`g`ri xatti-harakat emas-ku, — deydi maktab direktori Lobar Rahimova. —O`qituvchi bo`lib dars berish barobarida, psixolog sifatida ham ish yuritishi yomonmi?

Maktab direktori hamda 20 nafar o`qituvchi ishtirok etgan muloqotda pedagoglar rahbarini attestat sotishda ham aybladi.

— Qo`shni Chinor qishlog`ida yashovchi Shahrizod Mahmatqulov yakuniy imtihonlarni ham topshirmay attestat olib ketdi, — deydi Nasimjon Baratov. — O`sha o`quvchi o`quv yili boshida 5 kun, o`quv yili o`rtasida 1 kun va yakunida ham 1 kun o`qib, osongina hujjatli bo`ldi.

Matematika fani o`qituvchisi Gulsara Ashurova qing`ir-qiyshiq yo`l bilan attestat olgani aytilayotgan Shahrizod Mahmatqulovga o`z fanidan baho qo`ymaganini va imtihonga ham kiritilmaganini aytib, o`quvchining qanday qilib attestat olganidan ajablanmoqda.

— Shahrizod Mahmatqulov sinf jurnalida yo`qligi va darslarga umuman qatnashmagani sabab baholari yo`qligini aytib, yil yakunidagi imtihonga kiritmadim, — deydi Gulsara Ashurova. — Bu haqda direktorga ham bildirdim. Imtihonga qo`ymasligimni aytdim. Shunday bo`lsa-da, mening imtihonimdan o`tolmagan o`quvchi attestat olib ketgan.

O`qituvchilarning aytishicha, bitta imtihondan o`tolmagan yoki imtihonga qo`yilmagan o`quvchi keyingi imtihonlarga qo`yilmasligi kerak.

Maktab direktori ushbu holatni izohlar ekan, «o`quvchi darsga kelgan va qatnashgan», deyishdan nariga o`tmadi.

Viloyat xalq ta`limi boshqarmasi xulosasida esa ushbu o`quvchi attestati qonuniy ekanligi, Shahrizod Mahmatqulov 11-B sinf jurnalidan qayd qilinganligi, uning darsga muntazam qatnashmagani xususida esa mas`ullarning bildirishnomasi yo`qligi yoziladi.

Turgan gapki, boshqarmaning ushbu javobi o`qituvchilarning hafsalasini pir qildi.

Maktab o`qituvchisi Dilshoda Tog`aevaning aytishicha, direktor Lobar Rahimova o`qituvchilarga rag`bat puli yozib, ma`lum bir miqdorini o`ziga oladi.

— Menga 700 ming so`m rag`bat yozib, 200 ming so`mini o`zi olib qo`ydi, — deydi Dilshoda Tog`aeva. — Bermagunimcha, qayta-qayta so`rayverib, holi-jonimga qo`ymadi. Axiyri berdim.

Shaxsiy o`quv markazi ham qadrini yo`qotishi mumkin.

37-maktab o`qituvchilarining noroziligiga sabab bo`lgan voqealardan yana biri hududdagi kollejdan bo`shagan binoda tashkil etilgan 91-maktabga ushbu maktab o`quvchilarining jalb etilishi hamda Lobar Rahimovaning o`g`li direktor etib tayinlanishi bo`ldi.

— Xalq ta`limi bo`limidagilar «91-maktabni ixtisoslashtirilgan maktab qilamiz», deyishgandi, — deydi Lobar Rahimova. — O`qituvchilarimiz agar ushbu maktab ixtisoslashtirilgan bo`lsa, hamma o`quvchi yoppasiga shu erga o`tib ketishidan qo`rqmoqda. Qolaversa, ixtisoslashtirilgan maktab ochilgach, murojaatchi Nasimjon Baratovning shaxsiy o`quv markazi ham qadrini yo`qotishi mumkin. Ular shundan cho`chimoqda.

Tuman xalq ta`limi bo`limi mas`uli Anvar Umarovning ta`kidlashicha, haqiqatan ham 91-maktab ixtisoslashtirilgan maktab bo`lishi mumkin. Shunday rejalashtirilgan. Ammo maktab katta yo`l ustida joylashgani sabab o`quvchilarning maktabga kelib-ketishi biroz xavfli.

— Shuning uchun ham tuman hokimi hududni borib ko`rib, yo`l qilib berishini aytgandi, — deydi Anvar Umarov. — Ammo hali yo`l qilinmadi.

Matematika fani o`qituvchisi Mavjuda Rahimjonovaning ma`lum qilishicha, maktabdagi adolatsizliklardan hafsalasi pir bo`lgan o`qituvchilar Prezident portaliga murojaat qilishgach, tuman xalq ta`limi bo`lim mas`ullari Avloqul Avloev hamda Anvar Umarov maktabga kelib, ularni murojaatlarini rad etuvchi tushuntirish xati yozishga majburlagan. Ammo o`qituvchilar yozmagan.

Hududda bo`layotgan nohaqliklardan rahbarlarni ogohlantirish

 

Haqiqatni aytishga chog`langan kishini bo`g`ish, hududda bo`layotgan nohaqliklardan rahbarlarni ogohlantirishga urinishlarni yo`qqa chiqarish bugungi kunda samara bermasligini ayrim rahbarlar yo tushunmayapti, yo tushunishni istamayapti. Yoki aynan shu kabi murojaatlarga shunchaki javob berish uslubi qo`llanmoqda.

 

Шарҳлар