Му5
46

Markaziy bank milliy valyuta devalvasiyasining jismoniy shaxslar depozitlariga ta`sirini sanab o`tdi

Iqtisodiyot 16.10.2019, 16:43
315
Markaziy bank milliy valyuta devalvasiyasining jismoniy shaxslar depozitlariga ta`sirini sanab o`tdi

2019 yilning iyul-avgust oylarida ichki va tashqi omillar ta`sirida xorijiy valyutaga bo`lgan talabning o`sishi kuzatildi va natijada milliy valyuta devalvasiyasi tezlashdi. Xususan, 2019 yil yanvar-iyul oylarida AQSh dollarining almashinuv kursi 4 foizga (1 dollarga 8 336 so`mdan 8 667 so`mgacha) oshgan va o`rtacha oylik o`sish sur`ati 0,6 foizni tashkil etgan bo`lsa, avgust oyida valyuta kursining keskin o`sishi (8,2%) kuzatildi. Biroq, sentyabr oyiga kelib, dollarning almashinuv kursi o`zining avvalgi tendensiyasiga qaytdi va oylik o`sish sur`ati 0,5 foizgacha pasaydi.

Milliy valyuta devalvasiyasi aholining jamg`arish kayfiyatiga va faolligiga ham ta`sir ko`rsatdi. Xususan, Markaziy bank tomonidan o`tkaziladigan oylik so`rov natijalari shuni ko`rsatadiki, 2019 yilning iyun-sentyabr oylarida omonatlarini xorijiy valyutada (shu jumladan, AQSh dollarida) saqlashni afzal ko`ruvchi so`rov ishtirokchilari ulushi ko`paygan.

Bunda, jamg`armalarini naqd AQSh dollarida saqlashni afzal ko`ruvchi respondentlar ulushi may oyidagi 19 foizdan avgust oyida 33 foizgacha, xorijiy valyutadagi omonatlarda saqlashni afzal ko`ruvchilar ulushi esa may oyidagi 17 foizdan sentyabrda 24 foizgacha oshdi. Shu bilan birga, sentyabr oyida valyuta kursi barqarorlashganidan so`ng, jamg`armalarini naqd AQSh dollarida saqlashni afzal ko`ruvchi so`rov ishtirokchilari ulushi 33 foizdan 29 foizgacha pasaydi.

Nima deb o`ylaysiz, hozirgi paytda jamg`armani qanday ko`rinishda saqlagan ma`qul? (Barcha so`rov ishtirokchilarining foizdagi ulushi)

Ta`kidlash lozimki, qisqa muddatli inflyasion va devalvasion kutilmalarning o`sishiga qaramay, milliy valyutadagi depozitlarning keskin kamayishi yoki tarkibiy o`zgarishlari ro`y bermadi. Bunda, o`sish sur`ati pasaygan bo`lsada, depozitlarning ijobiy dinamikasi saqlab qolindi.

Shu bilan birga, sentyabr oyi davomida jismoniy shaxslarning muddatli va jamg`arma omonatlari ulushi 3 foizga oshdi va 2019 yil 1 oktyabr holatiga jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi jami omonatlari qoldig`ining 72 foizini tashkil etdi. Umuman olganda, milliy valyuta devalvasiyasi milliy valyutadagi muddatli va jamg`arma omonatlarining ulushini sezilarli darajada o`zgartirmadi.

O`z navbatida, so`nggi ikki oyda milliy valyutadagi depozitlar bo`yicha foiz stavkalar o`suvchi tendensiyaga ega bo`ldi. Xususan, joriy yilning avgust-sentyabr oylarida jismoniy shaxslarning muddatli omonatlari bo`yicha o`rtacha tortilgan foiz stavka 1,0 foiz bandga oshib 18,8 foizga, yuridik shaxslarning muddatli omonatlari bo`yicha esa 0,8 foiz bandga oshib, 16,7 foizga teng bo`ldi.

Sentyabr oyida xorijiy valyutadagi muddatli depozitlar bo`yicha foiz stavkalar deyarli o`zgarishsiz qolib, jismoniy shaxslarning depozitlari bo`yicha 4,5 foizni, yuridik shaxslarning depozitlari bo`yicha esa 4,9 foizni tashkil etdi.

Shunday qilib, xulosa qilish mumkinki, Markaziy bankning inflyasion kutilmalar to`g`risidagi navbatdagi hisobotida keltirilganidek, jamg`armalarni milliy valyutadan xorijiy valyutaga o`tkazish bo`yicha ma`lum kayfiyat shakllanganligi haqidagi xulosa amaliyotda o`z aksini topmadi. Bu, birinchi navbatda, tijorat banklarining milliy valyuta kursi qadrsizlanishiga bozor tamoyillaridan kelib chiqib, milliy valyutadagi omonatlar bo`yicha foiz stavkalarini oshirish orqali munosabat bildirganliklari bilan izohlanadi.

 

Шарҳлар