Му5
46

"Abu Iso Muhammad Termiziy" badiiy filmi XVI "Luchezarny angel" xalqaro kinofestivalida ishtirok etadi

Madaniyat 17.10.2019, 10:33
228
"Abu Iso Muhammad Termiziy" badiiy filmi XVI "Luchezarny angel" xalqaro kinofestivalida ishtirok etadi

Rejissyor Abduxalil Mengnorovning "Abu Iso Muhammad Termiziy" badiiy filmi XVI "Luchezarny angel" xalqaro kinofestivalida ishtirok etadi. Bu haqda "O`zbekkino" milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Abduxalil Mengnorov, 

ssenariy muallifi, rejissyor va bosh rol ijrochisi:

–Turli qiyofaga kirish – aktyorlik kasbi taqozosi. Meni tomoshabinlar ushbu filmdagi Imom Termiziy siymosida eslab yurishlarini istardim... Gapni ikki-uch yil avvalgi voqealardan boshlasam. “O`zbekkino” Milliy agentligi rahbariyatidan shu taklif tushganida, ochig`i, jiddiy olmadim. Uyga borib, kitob titkilagan bo`ldim – hech vaqo topilmadi. Xamirturish yo`q. Sheroboddan sal naridagi qishloqda tug`ilgani, bobosi Marvdan kelib qolib, Termizda qo`nim topgani va hokazolar. Ota-onasi, farzandlari haqida hech qaerda yozilmagan. 

Tarixga sho`ng`idim. Buyuk allomaning zamondoshlari hayoti, davr muhitini o`rgandim. Keyin Surxonga otlandim. Qirqqiz qal`asidan Imom Termiziy maqbarasigacha kezdim. Kutilmaganda Sulton saodat majmuasini ko`rib qoldim. Asl holicha, tarixligicha turibdi. Shu yurishimda tepaliklar oshib, so`qmoqlar oralab tuproq kechdim. Orqaga qaytdim, yana izlandim. Gohida voz kechdim, yana kirishdim. Bir yil deganda tuman tarqaganday bo`ldi. Ulug` muhaddis haqidagi ma`lumotlar misqollab yig`ildi. Shu tariqa yaxlit ssenariy dunyoga keldi.

To`g`ri, meni xayolparastlikda ham ayblashdi, o`zim to`qigan fantaziyaga zo`r bergan emishman. Aslida, har bir epizod ko`plab chig`iriqlardan o`tdi, birlamchi manbalar asosida ishlandi. Qat`iy aytamanki, voqealarning katta qismi izlanishlar, o`rganishlar asosida yaratilgan. Tomoshabinga to`qimadek ko`rinayotgan ayrim sahnalar ham sahih hadislar mohiyatiga qurildi.

Muhaddislar xotira kuchi susaysa yoki o`zidan shubhalansa, hadis yig`ishni to`xtatishgan ekan. Noto`g`ri ma`lumotni odamlarga etkazib qo`yishning gunohi og`ir sanalgan. Filmda Imom Termiziy qachonlardir kesib tashlangan daraxt o`rnini xotira va sezgi orqali topishi, ishonch hosil qilgach, ishida davom etishi ko`rsatilgan. Shundan o`zimiz ham saboq chiqarib, aniq manbasi bo`lmagan voqealarni ssenariyga kiritmadik.

 

 

Шарҳлар