Му5
46

Shavkat Mirziyoev Angor tumanida paxta hosilini ko`zdan kechirdi

Siyosat 17.10.2019, 14:14
379
Shavkat Mirziyoev Angor tumanida paxta hosilini ko`zdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoev Angor tumanidagi «Angor Surxon g`ururi» paxta-to`qimachilik klasteri dalasida paxta hosilini ko`zdan kechirdi. 

Davlatimiz rahbari bu haqda 2018 yil yanvarda viloyatga safari chog`ida ko`rsatmalar bergan edi. Shu asosida Surxondaryoda 6 ta to`qimachilik klasteri tashkil etildi. Ular jami paxta maydonining 67 foizdan ziyodini qamrab olgan. 2020 yilda bu ko`rsatkichni 100 foizga etkazish rejalashtirilgan.

Klaster tizimi sohaga zamonaviy texnologiyalar va innovasion ishlanmalarni joriy qilishda muhim omil bo`lmoqda. «Angor Surxon g`ururi» mas`uliyati cheklangan jamiyatida ham yangi ish uslubi asosida hosildorlik va mahsulotlarning raqobatbardoshligi oshirilmoqda. Klasterning jami maydoni 9 ming 180 gektar bo`lib, shundan 8 ming 100 gektaridan ko`prog`iga ekin ekiladi. Jumaladan, bu yil qariyb 5 ming gektar erda ingichka tolali paxta etishtirilgan.

Yurtimiz olimlari tomonidan yaratilgan «Surxon-14», «Surxon-16» navlari ikki yil mobaynida tajribadan o`tkazildi. Ingichka tolali bu nav ekstremal ob-havo sharoitlariga, suvsizlik, garmsel va zararkunda hasharotlarga chidamliligi, ertapisharligi bilan ahamiyatli. Tolasining uzunligi, pishiqligi, tekstilbopligi jahon bozorida xaridorgir hisoblanadi. Boshqa navlar bilan mehnat va resurs sarfi bir xil bo`lgani holda ingichka tolaning iqtisodiy samaradorligi 60 foiz ko`p bo`ladi.

- Biz erimizga, sarflanayotgan xarajatga nisbatan kam hosil olyapmiz. Nav bilan, ilmiy agrotexnika bilan shug`ullanmay qo`ygandik. Mehnat unumdorligi, manfaatdorlik past edi. Aslida erga mehr bergan inson boy bo`lishi kerak. Bizning maqsadimiz shu. Ilm bo`lmasa, rivojlanish bo`lmaydi, - dedi Shavkat Mirziyoev. 

Yana bir muhim omil - bu yil zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashish uchun davlat byudjetidan 120 milliard ajratilgan edi. Jumladan, Surxondaryo viloyatida bu ishlarga 13 milliard so`m yo`naltirildi.

Shu erda bo`lgan muloqot chog`ida fermer va mutaxassislar bu choralar yaxshi natija berganini, mo`l hosil saqlab qolinganini bildirishdi.

Prezident ingichka tolali g`o`za navlarini ko`paytirish va ekin maydonlarini kengaytirish, olimlarni rag`batlantirish bo`yicha topshiriqlar berdi. Klasterlar faoliyatini rivojlantirish istiqbollari to`g`risida aytib o`tildi.

- Endi hamma klasterlar chorvachilik komplekslari tashkil qiladi. Chunki ularda ozuqa bazasi bor. Chorvachilik rivojlansa, go`sht, sut arzon bo`ladi. Bu xalqimiz farovonligi, bolalarimiz salomatligi uchun muhim, - dedi davlatimiz rahbari.

Bugungi kunda klasterda 900 dan ziyod ishchi va mutaxassis mehnat qilmoqda. Kelgusida qayta ishlashni kengaytirish orqali yanada ko`p ish o`rni ochish rejalashtirilgan.

 


 

Шарҳлар