Му5
44

Sherali Jo`raev: “Mening kimligimni el bilsa bo`ldi...”

Madaniyat 18.10.2019, 16:47
490
Sherali Jo`raev: “Mening kimligimni el bilsa bo`ldi...”

O`ylab qarasam, ozmas ko`pmas, o`ttiz yillarning nari- berisida Sherali Jo`raev bilan yaqinligimiz – avvalo muxlislik, hamfikrlik, bordi-keldi ana boringki, aka-ukachilik rishtalarmiz muttasil mustahkamlanibdi. Bu yillarda u kishi bilan juda ko`p diydorlashdik, davomli muloqotlar qildik, safarlarda bo`ldik, dardlashdik, sirlashdik, bahslashdik,so`zssiz gaplashdik, pichirlashdik, o`ksinishdik, arazlashdik, gina -kuduratlashdik, sog`inishdik va hokazo... O`rni kelganda aytib qo`yay, men hech qachon, Sherali Jo`raev bilan yaqinman, deb kibrlangan, havolangan emasman. G`ururlangan, ko`nglim tog`langan bo`lsa bordir, lekin, bu yaqinlikdan babaqxo`rozdek g`o`ddayib, manfaatlar ilinjida tamshanmadim, dovrug`i, imkoniyatlaridan foydalanib qolish payida tulkidek turlanib, tuslanmadim. Ixcham qilib bir gap aytay – barcha buyuk nomdor, mashhur kishilarga yaqinlikning zavq - shavqi, o`ziga xos lazzati bo`lishi bilan barobar, mas`uliyati, javobgarlik yuki ham oz emas. 

                                 ***                    ***            ***

Odamlar nazariga tushish uchungina qo`shiqchi bo`lish harakatidagilarni Sherali Jo`raevga taqqoslash qanchalar mantiqsiz ekanini yillar, sahnalar, teleekran, radio to`lqinlar yaqqol isbotladi. Millatning ruhi va g`ururini ko`tarish, or nomusini tiklash, dardlariga malham bo`lish borasida uning beqiyos xizmati borki, bu shunchaki odamlar og`ziga tushish uchungina sahnaga chiqqan xonandaning qo`lidan kelmasdi. 

Sherali Jo`raev sahnada paydo bo`lgan davr – yarim asr mobaynida o`zbek milliy qo`shiqchilik olamida iftixorimizga aylangan, hurmat - ehtiromga sazovor bir guruh usta san`atkorlar avlodi shakllandi. Tavakkal Qodirov, Faxriddin Umarov, Kamoliddin Rahimov, Ortiq Otajonov, Dadaxon Hasanov, Xayrulla Lutfullaev, Olmaxon Hayitova, Bobomurod Hamdamov, O`rinboy Nuraliev, Nuriddin Hamroqulov, G`ulomjon Yoqubov, Muhabbat Shamaeva, Ahmadjon Shukurov, Ikromjon Bo`ronov, Habiba Oxunova kabi fidoyi san`at darg`alari muhiti, hech shubhasiz, Sherali Jo`raevning kamolga etishishida muhim rol o`ynadi. U yuqorida nomlari keltirilgan san`atkorlardan xoli tarzda, o`z –o`zicha peshqadam, ilg`or, avangard bo`la olmasdi, albatta. Unga yana Ma`murjon Uzoqov, Komiljon Otaniyozov, Rasulqori Mamadaliev, Barno Isoqova va boshqa shu kabi madaniyatmiz, san`atimiz va ma`naviyatimiz salaflariga rostmana murid bo`lish, o`sha pokiza buloqlardan qonib suv ichish tolei, baxti nasib etdi.O`sha etuk muhitda unib o`sarkan, pirovard uning o`zi ham chaqmoqdek chaqnab, momaqaldiroqdek gulduros solib maydonga tushdi.

                     ***         ***           ***

1966 yilgi Toshkent zilzilasi vayronalarini bartaraf qilishda jonbozlik ko`rsatgan mehnatkashlarga qarata teleekran orqali  aytgan “Xormangiz” qo`shig`i bilan Sherali Jo`raev san`at olamiga dardkash ashulachi sifatida muvaffaqiyatli kirib kelgan bo`lsa, 1968 yili yangragan Erkin Vohidovning “O`zbegim” qasidasi, Abdulla Oripov qalamiga mansub “Birinchi muhabbatim” qo`shig`i orqali uning nomi favqulodda yangi ovoz, o`z zimmasiga komil javobgarlikni olgan xalqchil, dardmand xonanda darajasida dovruq qozondi.

                ***         ***        ***

Sherali Jo`raevning boshidagi g`urralar, ehtimol, dastlab “O`zbegim” qasidasidan boshlangandir?. Bu borada Sherali Jo`raev atoqli va ardoqli shoir Erkin Vohidov bilan “g`urradosh”.

O`zbegim qo`shig`i ijrosidan so`ng Sherali Jo`raev katta- kichik idoralar, maxsus xizmat (kimdir kuch ishlatar mahkama deb o`rinli aytgan) tashkilotlarga 16 marta tushuntirish xatlarini yozdi. Erto`lalarda so`roq - savol berdi. Keyin tazyiqlar, qadam olishini zimdan kuzatishlar, qovoq solishlar, o`zini, yuzini chetga olishlar, bosh likillatishlar, turtki - surtkilar boshlandi. 

She`r mualifi Erkin Vohidovga kelsak, millatchi sifatida bir yoqlik bo`lishi arafasida uni millatparvar inson, balogardon va xaloskor zot O`zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari Sharof Rashidov qutqarib, saqlab qoldi.

Kunlardan birida Sherali Jo`raev teleekran orqali “Men bugun 40 yoshimga qaytdim, bundan 30 yil oldin bir - ikki marta odamga o`xshab televizorga chiqqan edim. Keyin... bu yog`ini so`ramanglar”, deya bekorga aytmadi. So`ramanglar, degan “buyog`i” Sherali akaning uqubatli, dilgir yillari edi, desak xato emas.

Men va men kabilar Sher aka huzuriga har gal doim birdek shodmon kayfiyatda, ulug` hofiz oldiga ketayotganmizdan dimog`imiz chog`, xuddi dunyoda iztirobi, muammosi yo`q odamning yoniga borayotgandek bo`lardik. U ko`rkam hovlisida chiroyli dasturxon yozib, noz-ne`matlar, shirin taomlar bilan bizni kulimsirab kutib olardi-yu baribir ko`nglidagi g`ashlik, ko`zidagi mungrayish, so`zidagi xo`rsinishlarni yashirolmasdi.

Uning iztirob xalqobiga cho`milib olgandek ma`yus ko`zlariga qarab, ichim bir titranib olardi. 

Bir borsam, Hazrat Alisher Navoiyning “Meni men istagan o`z suhbatiga arjumand etmas, meni istar kishining suhbatin ko`nglum pisand etmas”, degan satrlarini takrorlab o`tirgan ekan, boshqa safar, beixtiyor “Bir nafas evrulmadi davron mening komim bila” degani qulog`imda qoldi...

Ro`shnolikka intizor, haqiqatga tashna, yo`qchilikdan ezilgan, to`qchilikdan umidvor kishilarning ko`nglini olish, ularga, hech bo`lmaganda, xush kayfiyat bag`ishlash niyati bilan yo`g`rilgan ijod sohibidan, ba`zan uning odamoviligi uchun, hafa bo`lmaslik kerak, degan bo`lardim.U bir guruh kimsalardan yotsirab, o`zini chetga olgan bo`lsa bordir, lekin bor ijodiy imkoniyatini odamlarning g`ururini uyg`otish, hayotini tuzatish, farovon va to`kin qilishga bag`ishlaganini inkor etib bo`lmaydi.

“Bobodehqonim” qo`shig`ini eshitib, 11 farzandning otasi, oltiariqlik dehqon Hayitvoy suvchining elkalari titrab yig`lagani kechagidek ko`z o`ngimda. “Ona Turkiston”, “Orolim”, “Avvalgilarga o`xshamas”, “El bilsa bo`ldi”, “Ketma bahor”, “Ko`nglimda armon yotar”, “ Vatandan yaxshi yor bo`lmas”, “Ne poya urdim yo`lida”, “Achchiq haqiqat” va boshqa o`nlab, yuzlab qo`shiqlar yoppasiga ko`ngildagi gaplar asosiga qurilgan bo`lib, ayni paytda, bu ashulalar mana shu xalqning hayotga bo`lgan munosabati, dunyoqarashining o`zgarishida, tafakkurining yangilanishida, ijtimoiy loqaydlik balosidan qutilishida turtki, da`vatkor kuch bo`la oldi.

So`zlar, qo`shiqlar- ku o`z yo`lida, hayotning barcha mehnat -  zahmatlarini boshidan o`tkazgan, turmushning azobli va fojiaviy jihatlarini ravshan, nozik tushungani boismikin,   hatto savqi tabiiy o`tli nolalari bilan ham gurras -gurras, dardmand muxlislarni necha o`n yillar davomida hofiz o`zi bilan mudom ergashtirib keldi. “Ovozning, so`zning, hatto harfning ham o`z rangi, yuki, talaffuz ohangi bo`ladi. So`zni urg`ulash, jilolash judayam nozik ish, deganda hofiz qanchalar haq. 

“Muhabbatga yaqinlardir” qo`shig`ida “Ahdidan qaytmagandan ayt” degan  satr bor. Ba`zan uni hofiz “Ishqidan qaytmagandan ayt”, deb  o`zgartirib ham aytadi. Shu satrda g`alati salobat sezaman. Bir jihatdan ushbu satr Sherali Jo`raevning o`ziga nisabatan aytilganga ham o`xshaydi. Kun yo`q ediki, oy yo`q ediki, yil yo`q ediki, Sherali Jo`raev qarshiliklar, to`siqlarga uchramagan bo`lsin. Bir to`siqlarki, ular hofizdan hecham ko`z uzmadi. To`siqlar unga soyadek ergashdi. To`siqlarning ikki ko`zi hofizning oyog`ida, bo`g`zida, ovozida, sozida bo`ldi. Shu oyoqdan, shu ovozdan, shu sozdan olsam, chalib yiqitsam dedi u johil to`siq. U o`ta yolg`iz paytlarida ham yolg`iz emas, to`siqlar uning ergashi, yo`ldoshi edi. 

Ha, Sherali Jo`raev ahdidan qaytmadi, jaholat ahlining to`siq – istehkomlarini buzib, sovurib, ag`darib o`ta oldi. To`siq odamning aqliga, fikriga, irodasiga, luzumlariga (prinsiplariga), tamoyillariga imtihon ekan, Sherali Jo`raev bu imtihonlardan mardonavor o`tdi. Tuyqus esimga tushdi, 2000 ginchi yilning yoz kunlaridan birida  filarmoniyada badiiy so`z ustasi, (konferanse) O`tkir Siddiqov Sherali Jo`raev bilan uchrashib qoldi va uni qattiq bag`riga bosib, beixtiyor:

-Sher, sizning o`rningizda boshqa odam bo`lganida bu azob, malomatlardan allaqachon o`lib ketgan bo`lardi! - deb yubordi.

Sher akaning bu gapdan dili og`rimadi. Tabiatan o`ta samimiy O`tkir Siddiqovning gapini oqko`ngil bir odamning baholiqudrat izhori dili, hofiz irodasiga bildirgan beg`ubor bahosi deb tushunib, miyig`ida kulib qo`ya qoldi. 

Ruhiy jarohatlar odamni ramaqijon, bechora qilib qo`yish hech gap emas, albatta. Uqubat yo`llarida o`zini saqlab qololmay abgor bo`lgan, chatnab, parchalanib, ushatilib, yo`qolib- yitib ketgan iste`dodlar, talantlar, qobiliyatlilar qanchadan qancha. Italiya iftixori, buyuk skripkachi Nikollo Paganinining “Qobiliyatlilarga hasad qiladilar, iste`dodlilarga zarar etkazadilar, daholardan qasos oladilar”, degan gapida ozmuncha fojea bormi? 

Butun bir taqdirni, qismat yoki kechmishni yoxud og`riqli muammoni bir yoki bir nechta so`z uyg`unligida ilg`ab olish, shu orqali yaxlit bir manzarani yaratish jihatidan Sherali Jo`raev boshqalarga o`xshamaydigan darajada ziyrak. Aytaylik, “Ey shoh, gadoni ko`zga il,.. jonimdan o`tdi damba - dam (Alisher Navoiy) , “Gahi sog`in, na bo`ldi, zorlarni, unutmag`il avvalgi yorlarni” (Bobur) , “Eski do`st” (Sherali Jo`raev), “ Qo`l tegsa titrab qo`ling” (Sherali  Jo`raev), “Dardlarning xarobi” (Lutfulla Namangoniy), “”Sani kech topgandim, erta yo`qotdim”(Abdulla Oripov), “Ko`ksimdagi dardimni so`rab, nima qilasan,  qayda vafo bormi, deb so`rab nima qilasan?”(Sherali Jo`raev), “Qo`y, qarab g`am yukini bardoshima”(Mashrab), “Mening kimligimni el bilsa bo`ldi” (Omon Matjon), “Surati boshdin oyoq g`arqi latofat ko`rmisham” (Ogahiy), “Bir o`lkaki, qishlarida shivirlar bahor” (Oybek), “ Ko`zlarga boqdim, aylona tushdim, yolg`iz sevilmak o`zingga xosdir, deya zikringda to`lg`ona tushdim” (Sherali Jo`raev), “Qabristonga tobut ichra jim, eshigingdan o`tarman bir kun” (Omon Matjon), “O`zbegim” (Erkin Vohidov), “Birinchi muhabbatim” (Abdulla Oripov), “Davron, meni tark aylama” (Jaloliddin Rumiy), “Yor g`oyib, dard muxliq, xalq g`ofil, naylayin” (Alisher Navoiy) va hokazo.

Umuman, ijodga mana shunday zargarona yondashuv - mahorat, ustalik Sherali Jo`raev fenomenining katta jihatlariga aylandi. 

                                       ***          ***    ***

Buyuk xorg`in...

O`tgan asrning 68-70 yillaridayoq san`atga charaqlab kirib kelgan, ming- millionlarni tong qoldirgan  zahmatkash hofizning shahd-shijoatida bugun xorg`inlik, charchoq sezgandek bo`laman. Dadil harakatlardan o`zini tortayotgandek, qo`shiq avjlarini qiyalab o`tayotgandek, Erkin Vohidov lutf qilgani kabi, yoshlar safidan o`chib, ko`ngli yoshlar safiga qo`shilgandek, chora-tadbir –rejalar tongidan o`zini tortib, sukut va tin shomiga cho`mgandek u... Ehtimol, shundaydir, ammo o`zi bo`ladimi, shuncha yil, e`tibor, diqqat, hayrat, mehr-muhabbat avjidan tushmay, odamlar baxti, ro`shnoligi yo`lida zalvorli mashaqqatni bor dilxushliklardan afzal ko`rib yashashning, bu yo`ldagi tug`yonlarga chidab ijod qilishning?! O`zi bo`ladimi?

Agarki, muxlis, tinglovchi og`zidan “Shu Sherali ashulani yurakdan aytadi”, degan gapni eshitib qolsangiz bilingki, hofizning ishq oyati, muhabbat xamirturishiga qorilgan qo`shiqlari       sizning ruhingizni alg`ov- dalg`ov qilib, ko`ngil mulkingizga qo`zg`alon solyapti. Ishq oyati dedik. Bu oyat ko`pchilik shoshilib tushungani kabi, o`ldim, kuydim, bag`rimga bir bossam edim, bo`salar og`ushida qolsam edim, qabilidagi shahvoniy, qip-yalang`och- belibos ishqi jazava emas, balki ishqi ilohiy, ishqi dunyoviyning qo`shilgan dahanasi, nuqtasi edi.

Ushbu so`zlarni yozayotib, hayolim Xalq shoiri Muhammad Yusufga ketdi.Qo`shiq yozib bering, debborgan xonanda va xonishchilar uning eshigida doim tirband bo`lardi. Fonotekalar, badiiy kengashlar,studiyalar, shoular, bazmlar, to`yyu tomoshalar Muhammad Yusuf qo`shiqlariga liq to`la edi. Bir gal Andijonning Baliqchisida yurganimizda shoirning armonidan gapirib qolishdi. “Ashulachiman degan borki, mening she`rlarmni qo`shiq qilishga intiladi, afsus, faqat Sher aka birorta she`rimni aytmadi”, degan ekan shoir.

Aynan shunday ijodiy armon yana ikki taniqli shoirni bezovta qilib, diqqatini oshirib kelayotgan ekan. Qilgan ishimdan xursand bo`ldim: Xalq shoiri Iqbol Mirzo va Botir Ergashevni Sherali Jo`raevga ro`para qilib, har ikkisini bitta so`z bilan “ Aka, bular muhabbatga yaqinlardir”, dedim. 

Sher aka ularning har ikkalasiga ham dilkash yuzlanish bilan “She`rlardan olib, uyga o`tinglar mehmon qilaman”, dedi. Shunda men Botir Ergashevning yuzida orzu- havaslar bayramga chog`langanlik alomatlarini ko`rdim. Botir sazovor bo`lgan iltifotga ko`z tikkanlar ozmunchami, dedim. Ozmunchalarmi Sherali Jo`raevning qo`lini olsam, tilagini eshitsam, bir chimdim suhbatidan bahramand bo`lsam deya niyat qilgan, yo`l qidirgan, o`rtaga odam qo`ygan, eshigini poylaganlar? Lak-lak odamlarning mehr to`rida, izzat-ikromida, nigohida yashashning o`zi bo`lmaganidek, ularning nazaridan qolmaslik ham oson emas, albatta!

                          ***         ***         ***

2017 yili Sherli Jo`raev o`zining 70 yoshidan turib:

-Men yana 40 yoshimga qaytdim!- dedi ko`tarinki, minnatdor, baland tovushda. Bu, chin mehnat va asl talantga yo`g`rilgan ijodiy mahsulot birlamchi ekanini bilgan, shu lafz bilan yaratilgan baland saviyali, milliy qo`shiqlarninggina umri uzoq bo`lishiga so`zsiz ishongan, ishonchdan aslo og`ishmay, chekinmay, faoliyat olib borgan insonning mag`rur, muzaffar tovushi edi!-Bir tomonda Shoxjahon, Zohirshohlarning yo`llari yanayam ochilib, ekran, sahna, efirlarda qo`shiqlari tinmay yangray boshladi. Sher akaning ko`ngli, atrofi, hovlisi gavjumlashdi. Matbuotning unga beradigan yorqin, dilkash savollari ko`paydi.

 - Bir tomonda muxlislarning  ko`ngli yayrab,“Bor ekan-ku haqiqat!” demoqdalar qiyqirishib, hayqirishib.

Bir tomonda shogirdlarning chehrasi ochilib, ustozni tinmay qutlamoqdalar. Erkin Vohidovning xotira konsertida rejissyor o`rnatgan tartibga ko`ra Sherali Jo`raev 2 dona ashula aytishi kerak edi. Munosib shogird – O`zbekiston xalq artisti, respublika madaniyat vazirining birinchi o`rinbosari Ozodbek Nazarbekov bu tartibga tuzatish kritib:- “Ustoz Sherali Jo`raevga, hayriyatkim, endi cheklovlar yo`q,   ular xohlagancha qo`shiq aytsinlar!”, dedi baralla!

Hofiz   shundaygaplar aytiladigan dorulomon kunlarni chakana poyladimi, chakana kutdimi? Ijodi dambalanib, kelajagi ko`milib ketishidan havotirlanib, o`kinch, afsus, nadomat yog`ida chakana qovrildimi?! 

“Yaxshi ham, yomon ham damlarim o`tdi”, deb xonish qilganida sezgandirsiz, “yaxshi” so`zini qisqaroq, “yomon”ini uzun va cho`zibroq aytganini? “Jonimdan o`tdi dam-badam, bag`rimda qondir taxba-tax”, degan satrning nolai afg`oni yuragingizni sirqiratib, pichoq bilan tilimlab  o`tgandek bo`lmadimi?

                        ***     ***    ***

Shamol bo`lmasa daraxtning uchi qimirlamasligi bor gap. Barcha mashhur kishilar haqida uzun- quloq gaplar to`lib toshgani kabi, Sherali Jo`raev ham bundan mustasno emas, uning atrofida ham baland, past gaplar tinim bilmay aylanadi. “Anov gapni bekor aytibdi”, “Manov qiliq unga yarashadimi?”, “Nima qilardi siyosatga qo`shilib?”, “Yamoqchining ishiga suvoqchi aralashmasa-da”, “Ashulasi kamayib, gapi ko`payib ketdi” va hokazo shu kabi gap-so`zlar eshitilib turadi...

Bir gal Sherali Jo`raev haqida “Sinmagan qo`shiq” sarlavhali maqola yozganimda, gazeta muharriri o`qib chiqib, “Xo`sh, uning kamchiliklari, xatolari-chi”, deb so`rab qoldi. Unga aytdim: 

- Hammamiz ham insonga, ayniqsa, millat iftixorlariga bo`lgan muhabbaiga tashnamiz, ochmiz. Ochlikda esa, unchalar o`xshatib pishirlmagan, balki andak xomroq non ham og`izga mazali, xushta`m tuyuladi.

                              ***          ***            ***

O, qadim qo`shiq – so`ngsiz nolalar, azob va o`rtanishlar, qon, ko`z yoshi, zahmat va orzu niyatlar bag`rida shakllangan o`zbek qo`shig`i! Sening dunyo turgunicha turishingga ishondim. Chunki sen goho sabr va bardosh bo`lib, insonni yo`qolib- yitishdan saqlading, jaholat va tushkunlik botqog`idan qutqarishga chog`landing. Goho sirtmoq bo`lgan sabr bardoshga qarshi faryod bo`lib yangrading, shu qora ko`z o`zbekning orzu- umidlari bo`lib, yorug`likka, ro`shnolikka chorlading!

Bu – Sen, asrlar qa`ridan kelayotgan o`lmas navo, abadiy va barhayot sado!

Bu – Sen, ikki asr hofizi, hayqirig`ida sher na`rasi, xonishida bulbul nolasi mujassam Sherali Jo`raevni kashf qilgan umrboqiy, emirilmas, balogardon, xaloskor qo`shiq!

Senga abadiy Sharaflar bo`lsin!

Шарҳлар