Му5
46

Ruhiy tanglikdan chiqishni o`rganamiz? (Psixolog maslahatlari)

Salomatlik 18.10.2019, 18:14
Теглар: ruhiy tanglik, psixologiya
657
Ruhiy tanglikdan chiqishni o`rganamiz? (Psixolog maslahatlari)

«Hayotimdagi mahzun voqea sababli qattiq stressda yashadim. Ammo dardimni birovga ayta olmasdim. O`ylab qarasam, o`sha payt hatto yig`lay olmay qolgan ekanman. Hamma qanchalik kuchlisan, deya hayratlanardi. Bu voqeaga ham 6 yilcha bo`lib qoldi. Hozir hamma narsa o`z iziga tushib ketgan. Ammo endi hayot menga shu darajada zerikarli tuyulyapdiki, qani bir necha yil avvalgi o`sha kuch, deb o`ylayman. Hech narsadan zavqlana olmayman, barcha narsa asabimga tegadi, hech kimni ko`rgim, gaplashgim kelmaydi. Xullas, hayotimda quvonch yo`q. Menga nima bo`lgan, nimaga qiyin paytda turib bera oldimu, endi hammasi yaxshi bo`lganda bunaqa "portlab", ojiz qolyapman. Axir, o`sha qiyinchiliklarni engib o`tib, hayotdan yanada zavqlanib yashashim kerak emasmi?»

Umid, 34 yosh, Samarqand viloyati

Sahifa eksperti: Zebiniso AHMEDOVA

–Inson hissiyotlar bilan yashaydigan, tuyg`ular ta`siri ostida kuchga to`ladigan yoki aksincha barcha narsadan soviydigan xilqat. Aslida u hissiyotlar bilan tirik, desa ham bo`ladi. Faqat stress, ya`ni salbiy tuyg`ular ichida qolib ketganda, muxlisimiz aytgandek bu bir joydan "portlash" beradi. Surunkali stressda yashagan odam hayotning yaxshi tomonlarini "ko`ra" olmaydi va doim salbiy jihatlariga qaraydi. Bunda kishining aybi emas, biz shunday yaratilganmiz. Qattiq urilish suyakni sindirgani kabi, og`ir stress ham inson ruhiyatini sindiradi. 

Muxlisimizning holatida esa, u stress holatida doim kurashga shay turgan. Uning ustiga, yaqinlarining unga ehtiyoji bo`lgan. Shu sababli, u o`zini ma`lum bir chegaralarga solgan va "qo`lda" tutgan. Ya`ni maqsad, o`zini va yaqinlarini bu qiyinchiliklardan olib chiqish bo`lgan.

Qiyinchiliklar engib o`tilgach esa, maqsadga erishildi, ammo shu yillar davomida yig`ilgan stress endi o`zini ko`rsata boshladi. Chunki, siqilish, stress ham bir hissiyot va u chiqib ketishi kerak. Uni qanchalik bosishga urinmang, u shuncha katta bosim bilan "portlashi" mumkin. 

Barcha kasalliklar asabdan, degan fikr mavjud. Va bu bir ma`noda asosli fikr. Avvaliga endokrinolog va nevropatolog shifokorlarga murojaat qilib, tanangizning bu stressdan qanchalik ta`sirlanganini o`rganib chiqing. So`ngra psixologga murojaat qiling. Shu bilan birga, eng yaxshi do`st bu o`zimizga o`zimiz. 

Tuzalishni istaysizmi?

Tuzalishni, hayotdan zavqlanishni istaysizmi? Buning uchun harakat qiling. Sizning holatingizda bu harakatni boshlash katta kuch talab qiladi, ammo siz buni uddalay olasiz. 

Istamayman, degan to`yg`uga qarshi park va bog`larga sayrga, sport bilan shug`ullanishga chiqing. Yoki yaxshi ko`rgan, sizga biroz bo`lsa-da zavq bera olgan mashg`ulot bilan shug`ullaning. Masalan, baliq ovi, bog`dorchilik va hk. 

Sizga hozir ijobiy taassurot va hissiyotlar kerak. Hayotga boshqacha boqing. Stress chaqiruvchi holatlardan uzoq turing, o`zingizni asrang.

Mana bu qoidalarga amal qiling

1. Hayotingizdagi shaxsiy nuqtalarni belgilab oling: siz uchun nimalar muhim? Yaqinlaringiz bilan zavqlanib yashashmi yoki izzat nafs va keraklilik hissimi? 

2. Rejalashtirish, muhim va bajarilishi shart bo`lgan ishlarni ajratishga yordam beradi. Shu bilan birga, qilinishi shart bo`lmagan ishlarni ham ko`rsatib qo`yadi. 

3. Yo`q, deyishni o`rganing. Boshqalarga ularning muammolarini o`zlari hal qilishiga qo`yib bering. O`z ishingiz va boshqalarning ishlarini ajratishni o`rganing. 

4. Katta maqsad yo`lida qozongan kichik g`alabalaringiz uchun o`zingizni o`zingiz maqtab qo`yishni unutmang. 

5. Ilhom hayotingizning eng muhim va kerakli jabhasi bo`lib qolsin.

6. Ijobiylik, rivojlanish, o`sishga undashda atrof-muhitingiz ham katta ahamiyat kasb etadi.

7. O`zingizni asrang: dam olish uchun, yoqimli suhbat uchun, tabiat bilan tanho qolish uchun, sport bilan shug`ullanish uchun vaqt toping. 

8. Har kuningiz uchun quvonib yashang, atrofdagi go`zallikdan zavqlaning: musiqa, yomg`ir ovozi, kapalak uchishi, bola kulgusi… aslida hayotimiz go`zallikka to`la. Ulardan baxra olib baxtni his qilishni o`rganing.

Madina ZARIF tayyorladi.

Шарҳлар