Му5
46

«Bolajonimning bo`yi o`smayapti....»

Salomatlik 18.10.2019, 18:53
Теглар: bo`y o`sishi, bolalar salomatligi
775
«Bolajonimning bo`yi o`smayapti....»

Farzandingizning bo`yi o`smayaptimi? Agar oila a`zolaringiz baland bo`yli bo`lishsa, shifokor ko`rigi foydadan xoli bo`lmaydi. Bordi-yu, buning aksi bo`lsa, ortiqcha xavotirga berilish shartmas. 

Sahifa mutaxassisi: Dilfuza ARTIKOVA, oliy toifali shiofokor endokrinolog, tibbiyot fanlari nomzodi. 

– Me`yoriy holatda bolaning bo`y o`lchami ota-onasinikidan 8 sm.ga katta yoki kichik bo`lib farqlanishi mumkin.  

O`g`il bolalar uchun: otasining bo`y o`lchami+onasining bo`y o`lchami+12,5/ 2 (sm) 

Qizlar uchun esa: onasining bo`y o`lchami-otasining bo`y o`lchami-12,5/2 (sm)

Hosil bo`lgan yig`indi soni farzandingizning bo`y o`lchamini ko`rsatadi. 

Qiz bo`lsa: 178 sm + 167 sm -12,5 /2 = 1 metr 66 sm

O`g`il bo`lsa: 180 sm +170 sm +12,5 /2 = 1 metr 81 sm

O`syaptimi yoki yo`q?

Barcha bolalar 2-4 yoshgacha normal rivojlanib, oyma-oy bo`yi o`sib, tana vazni ortib boradi. Bu vaqtda bolaning o`smayotganini aniqlash mushkul. Ammo 4 yoshdan so`ng diqqat qilsangiz tengqurlari bilan tafovut qilishi mumkin. 

O`sishdan ortda qolayotgan bolani ajratib olish mushkul vazifa. Chunki uning tana tuzilishi bir-biriga mos bo`ladi. Ammo ichki a`zolar ultratovush tekshiruvi o`tkazilganida ularning me`yordan kichikligini ko`rish mumkin. Bu ham rivojlanishdan ortda qolish belgisi bo`lishi mumkin. 

Sabablari

Bo`y o`sishdan ortda qolishning bir qancha sabablari bor. Bular:

  1. Gipofizar pakanalik – o`sish gormoni etishmovchiligi bo`lib, boshda gipofiz umuman yoki qisman rivojlanmasligi sabab yuzaga keladi. Homiladorlikning birinchi uch oyligida infeksion kasalliklarga chalinish, dori preparatlari va tashqi ta`sirlar asorati ushbu holatni keltirib chiqarishi mumkin. O`sish gormoni etishmaganida gormon terapiya o`tkazilsa, bo`y o`sishi normallashadi.
  2. Genetik kasalliklar – Shereshevsk terner (xromosomalar buzilishi) yoki Xondrodistrofiya (bola yoshiga mos tana tuzilishiga ega bo`lib, qo`l-oyoqlari kalta bo`ladi. Suyaklarda tog`ay rivojlanmaydi) Genetik xastalikka taxmin qilinganida mutaxassis ko`rigidan o`tib, qon tahlili topshiriladi. Taxmin tasdiqlansa, faqat ichki a`zolar va jinsiy a`zolarni rivojlantirish muolajasi o`tkazilishi mumkin. Ammo bo`y o`lchami o`zgarmaydi. 
  3. Ichki a`zolar xastaligi. O`sish gormoni butun organizmga ta`sir qiladi. U jigarga borib, somatomedin moddasini ishlab chiqaradi. Mazkur modda esa organizmni o`stiradi. Agar bola ketma-ket kasallikka chalinsa, sog`lom to`qima o`rnida biriktiruvchi to`qima hosil bo`ladi. Jigarda biriktiruvchi to`qima qanchalik ko`p bo`lsa, o`sish gormoni moddasi kamayadi. Bunda jigar faoliyati tiklansa, bo`y o`sishi yana normallashadi. 
  4. Gijja, lyamblya – bola organizmi o`sish gormonini etarlicha ishlab chiqaradi. Biroq iste`mol qilingan mahsulotlar yaxshi  sintezlanmaydi. Gijja bo`lganida bola yuz terisi quruq bo`lib, oq dog`lar hosil bo`ladi. Muolaja o`tkazilib, gijjalar tozalansa modda almashinuvi tiklanib, bo`y o`sishi me`yoriga qaytadi.
  5. Bosh miya o`sish gormonini ishlab chiqaradi, ammo organizm buni sezmaydi. Bu omil og`ir ko`rinishlardan bo`lib, afsuski jarayon qayta tiklanmaydi. Yana bir ko`rinishi bosh miya o`smasi bo`lib, o`sish gormonini ishlab chiqaradigan hujayrani bosib qo`ysa, rivojlanishdan ortda qolish kuzatilishi mumkin. 

Qanday tekshiruvlar o`tkaziladi?

  1. Bolaning bo`yi va vazni o`lchami; 
  2. bosh sohasining magnit-rezonans tomografiyasi;
  3. qo`l kafti rentgeni;
  4. qondagi gormonlar miqdori;
  5. jigar tahlili;
  6. gijjalarga tekshiruv;
  7. genetik xastalikka gumon qilinganida genetik mutaxassis tomonidan alohida qon tahlili o`tkaziladi. 

Buni bilarmidingiz?

Tibbiyotda har bir odam organizmining pasport yoshi va suyak yoshi degan tushuncha bor. Qo`l kafti rentgen tekshiruvi o`tkazilganida suyaklar soniga ko`ra,ana shu yoshlar aniqlanadi. Me`yorda pasport yoshi suyak yoshi bilan teng bo`lishi lozim. Bo`y o`sishidan ortda qolishda esa masalan, bolaning pasport yoshi 10 yosh, suyak yoshi esa 3 yoshga mos keladi. Farqi: 7 yosh bo`lyapti. Shu bilan biga rentgen tekshiruvining yana bir muhim jihati, o`sish diorasining ochiq-yopiqligini aniqlashdir. Agar bola organizmining o`sish doirasi ochiq bo`lsa, muolaja natija berishi mumkin. Yopiq bo`lganda davolash foydasiz. 

Davolaymiz!

Gormon terapiya tashxis aniq bo`lgach buyurilishi mumkin. Muolaja ikki usulda: uzluksiz va muddatli ko`rinishda bo`ladi. Davolanish jarayonida bola o`z vaqtida ko`rikdan o`tkazilib turishi, o`sish doiralari berkilib qolmayotgani nazorat qilinishi lozim. Shuningdek, gormon preparatlarini o`z vaqtida belgilangan tartibda qabul qilish ham asosiy shartlardan biri. 

Sakrash, turnikda osilish, volleybol, basketbol sport turlari bo`y cho`zilishiga yordam beradi. Bola jismoniy faollik bilan band bo`lsa, unda ochlik hissi paydo bo`ladi. Bu esa o`sish gormoni ko`proq ishlab chiqilishini stimullashtiradi. Taomnomada oqsilga boy mahsulotlar, sut-qatiq, go`sht, tuxum, ko`katlar hamda dukkakli maxsulotlarga urg`u bering.

N.Ilyosova tayyorladi

Шарҳлар