Му5
46

Namangan va Andijonda giyohvand moddalar savdosi bilan shug`ullanayotganlar qo`lga tushdi

Jinoyat 19.10.2019, 16:48
Теглар: giyohvand moddalar
242
Namangan va Andijonda giyohvand moddalar savdosi bilan shug`ullanayotganlar qo`lga tushdi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Namangan shahrida yashovchi Erkin Mavlonov, Mirzohid Lutfillaev va Bahodir Turg`unovlar giyohvandlik moddasini xarid qilish maqsadida Qirg`iziston Respublikasining Jalolobod viloyati Axsi tumaniga borishadi. U erda Elnur ismli shaxsdan 2 kg. 942 gr. “gashish”ni 15 ming AQSh dollariga sotib olishga kelishib, pulni olib kelgunga qadar garov tariqasida M.Lutfullaevning fuqarolik pasportini hamda B.Turg`unovning o`zini Qirg`iziston hududida qoldirishadi. Shundan so`ng Mavlonov yurtimizga qaytib keladi, Lutfullaev esa giyohvand moddani aylanma yo`llar orqali mamlakatimizga olib kiradi. Lekin, og`uni Mavlonovga berayotgan vaqtda ularning ikkalasi ham qo`lga olinadi.

Shundan so`ng, tezkor tadbir davom ettirilib Bahodir Turg`unov ham qo`shni mamlakatdan olib kelindi. Tekshiruvlar davomida uning uyidan 158 gr. “gashish” moddasi topildi.

Shuningdek, 1973 yilda Namangan shahrida tug`ilgan, muqaddam sudlangan, Rahmatjonov Ma`sum Najmitdinovich viloyat markazidagi “Sarbon” tantanalar majmuasi oldida Qirg`iziston Respublikasidan kontrabanda yo`li bilan keltirilgan 7 kg 667 gr. “gashish” moddasini olib ketayotgan vaqtida ushlandi.

Bu kabi holatlar Andijon viloyatida ham qayd etildi. 1987 yil Andijon shahrida tug`ilgan O`tkirbek Xolmatovga qirg`izistonlik Dilbar ismli ayol “o`zbek-qirg`iz” davlat chegarasini ajratib turuvchi “Shahrixonsoy” kanaliga qo`shni davlat hududida turib, “gashish” giyohvandlik moddasi joylangan 5 dona elim idishlarni oqizib yuboradi. Xolmatov esa kelishilgan vaqtda ushbu elim idishlarni kanalning Qo`rg`ontepa tumani “Ma`murobod” MFY hududidan oqib o`tgan qismidan qabul qilib oladi. Shundan so`ng O`tkirbek Xolmatov hamtovog`i Jasurbek Xalilov boshqaruvidagi “Cobalt” avtomobilida giyohvandlik moddasini Andijon shahriga olib ketayotgan vaqtda DXX xodimlari tomonidan qo`lga olindi. Tekshiruv davomida ularning yonida 1 kg. 982 gr. “gashish” moddasi borligi ma`lum bo`ldi.

Bundan tashqari, Qo`rg`ontepa tumani Qorasuv shahrida yashovchi, 1996 y.t. Latipjonov Lochinbek Lazizjon o`g`li ham qirg`izistonlik Abdulaziz ismli shaxs tomonidan “Shaxrixonsoy” kanali orqali oqizib yuborilgan 2 kg. 810 gr. “gashish” moddasini qabul qilib olib, kelgusida sotish uchun o`z yashash xonadoniga yashirib qo`yadi. DXX xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu giyohvand modda ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

O`tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida og`ufurushlardan jami 15 kg 559 gr. “gashish” giyohvand moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Ma`lum qilinishicha, hozirda ushbu holatlar yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga muvofiq jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Шарҳлар