Му5
46

Muzaffar Erkinov: "Mabodo kinokartina biz kutgan muvaffaqiyat ko`chasidan o`tmasa, ayb mening zimmamda"

Madaniyat 21.10.2019, 09:49
265
Muzaffar Erkinov: "Mabodo kinokartina biz kutgan muvaffaqiyat ko`chasidan o`tmasa, ayb mening zimmamda"

Muzaffar Erkinov, rejissyor:

— Mabodo kinokartina biz kutgan muvaffaqiyat ko`chasidan o`tmasa, ayb mening zimmamda, deb bilaman. Ssenariyga O`zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning «Qaldirg`och» qissasi badiiy asos qilib olindi. Asarni tezda o`qib chiqdim. Kitob qo`limda, ammo xayolim olislarda bo`ldi. Suratga olinajak kadrlar, qahramonlar qiyofasi ko`z o`ngimda gavdalandi. Hali yaratilmagan filmimni tomosha qilardim go`yo. Bu onlar qanday lazzatli ekanini faqat rejissyorlar tushunsa kerak. Adib bilan uchrashuvga otlanganimda albatta roziligini olib qaytishimga ishonardim. Xastalik kuchini ko`rsatgan bo`lsa ham, Tohir Malik bizni xush chehrada qarshiladi. Avloniy haqida so`z ochilishi bilan tetiklashdi, gaplari quyulib kelaverdi. 

“Saodat” serialini ko`rgan ekan, yaxshi baholagani ko`nglimni ko`tardi. Keyin birdan ko`zimga qarab: «Men hozir ssenariy yozadigan ahvolda emasman, kasalman», dedi. O`rtaga og`ir sukunat cho`kdi. So`ngra «Saodat»ning muallifi kim edi, balki buniyam eplar?» deb o`ng`aysiz jimlikni buzdi. Muqaddas Usmonovani yaxshi tanishini, qachondir universitetda dars berganini esladi. Masala shu tariqa hal etildi. Ssenariy ustida 6 oy bosh qotirdik. Bu vaqt oralig`ida Tohir Malikning xonadoni o`z uyimizdek bo`lib qoldi. Abdulla Avloniy Afg`onistonga sayohatini kundaligiga kunma-kun yozib borgan ekan. Bu nodir qo`lyozma bizga real voqealarni tasavvur qilish, qissadagi to`qimalar bilan solishtirish, qahramon ruhiyatini yaxshiroq anglashga imkon yaratdi. “Qayda borsang g`olibi mag`lubni aylar poymol, Marhabo, ey hurriyat, sandan muruvvat ko`rmadim”, deya hayqirgan Abdulla Avloniyning ko`ngildan ko`chirmalarini o`qirkanman, ko`z oldimda siyosatning chirkin hiylalariga aldangan oqko`ngil inson siymosi gavdalanardi.

Abdulla Avloniy 1917 yildagi oktyabr inqilobini o`zgacha umid va xayrixohlik bilan qarshi oldi. Yangi tuzumga ishondi, maqtovlar bitdi, bu hayajonlar she`r-u maqolalarga aylandi. Kommunistlarni “mazlumlarni qo`llab-quvvatlovchi”, “xalqni ma`rifatga boshlovchi” deb o`yladi. Hokimiyatning azaliy qurolsiz quroli – va`dalarga aldandi. Mazlumlar hayoti o`zgarmadi, erishilgan hurriyat esa millat uchun mag`lubiyatga aylandi. Aynan mana shu kezlari Avloniy kechirgan og`riqlar, azobli ichki kurash filmga ham ko`chirildi.

Шарҳлар