Му5
46

Shavkat Mirziyoev: O`zbek tili xalqimiz uchun milliy o`zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma`naviy boylik, buyuk qadriyatdir

Siyosat 21.10.2019, 18:44
326
Shavkat Mirziyoev: O`zbek tili xalqimiz uchun milliy o`zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma`naviy boylik, buyuk qadriyatdir

Yangi muhtasham «Kongress-xoll» saroyida 21 oktyabr kuni o`zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o`ttiz yilligiga bag`ishlangan tantanali marosim bo`lib o`tdi. 

Marosimda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari yig`ilganlarni, butun xalqimizni ushbu tarixiy sana bilan tabrikladi.

- Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo`lgan o`zbek tili xalqimiz uchun milliy o`zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma`naviy boylik, buyuk qadriyatdir. Kimda-kim o`zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta`sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo`lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o`lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo`shiqlariga quloq tutsin, - dedi Prezident. 

O`zbek tili turkiy tillar oilasiga mansub eng yirik tillardan biridir. Dunyo miqyosida bu tilda 50 millionga yaqin odam so`zlashadi. 

Mustabid tuzum davrida tilimizni yo`qotishga ko`p urinishlar bo`lgan edi. Lekin xalqimiz o`z ona tilini – milliy g`ururini saqlab qoldi. Millatparvar ziyolilar, tilimiz fidoyilarining jonkuyarligi natijasida 1989 yil 21 oktyabr kuni qabul qilingan qonunga asosan, o`zbek tili mamlakatimizda davlat tili maqomiga ega bo`ldi.

Ushbu tarixiy sanadan o`ttiz yil o`tib bu borada yana bir qutlug` qadam qo`yildi. Prezidentimiz 2019 yil 21 oktyabr kuni «O`zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to`g`risida» farmon qabul qildi. Unga binoan 21 oktyabr sanasi yurtimizda «O`zbek tili bayrami kuni» deb belgilandi. Ona tilimiz fidoyilari, butun xalqimiz bu xushxabarni katta xursandchilik bilan qarshi oldi. 

Prezident ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi ta`siri va mavqeini yanada oshirish, «Davlat tili haqida»gi qonunni bugungi kun talablaridan kelib chiqib takomillashtirish zarurligini ta`kidladi. Bu boradagi dolzarb vazifalarni ko`rsatib o`tdi.  

- Har birimiz  davlat tiliga bo`lgan e`tiborni mustaqillikka bo`lgan e`tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak, - dedi Shavkat Mirziyoev. - Bu olijanob harakatni barchamiz o`zimizdan, o`z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak. 

Tantanali tadbirda deputat va senatorlar, hukumat a`zolari, davlat va jamoat arboblari, diplomatik korpus vakillari, tilshunos olimlar va pedagoglar, yoshlar ishtirok etdi.

 

 


 

Шарҳлар