Му5
46

Voyaga etmagan jinoyatchilarni kim tarbiyalayapti?

Jamiyat 21.10.2019, 18:59
202
Voyaga etmagan jinoyatchilarni kim tarbiyalayapti?

So`nggi yillarda mamlakatimizda voyaga etmagan shaxslar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar soni tobora ortib bormoqda. Buning sababi, albatta jahonda yuz berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, mafkuraviy o`zgarishlar, hozirgi kunda jamiyatdagi yangiliklardir. Ammo bularning bari ikkilamchi. Bosh sabab va sharoitlar haqida esa batafsil bilamiz.

Akbarjon Abdullaev, Namangan shahri bo`yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tergovchisi, kapitan: 

  • Ma`lumki, aynan balog`at yoshidagi o`smirlar ham ijobiy, ham salbiy ta`sirlarga tez, oson beriluvchi bo`ladi. Ayniqsa, ular o`tish yoshida qizini tanish, yor-do`st, sinfdosh yoki kursdoshlariga ko`rsatkisi, o`zidagi qobiliyatni ko`z-ko`z qilib namoyon qilgisi keladi. Agarda tanishlari, do`stlari yoki maktabda bunga imkon topa olmasa, qulay sharoitni yon-atrofdan, ko`chadan izlashga tushib, jinoyat qilishga moyil shaxslar, jinoiy guruxlar safiga o`zi bilmagan xolda qo`shilib qoladi. Shundan so`ng, uning a`zolari tomonidan “sen zo`rsan, xamma narsaga qodirsan”, deb aytilgan daldalardan g`ururlanib, ular bilan birga jinoyat sodir etishdan qaytmaydi. 

Xozirgi kunda voyaga etmagan shaxslar tomonidan asosan o`zganing mulkini talon-toroj qilish, tan jaroxati etkazish, jamiyatda yurish-qoidalarini mensimaslik kabi jinoyat turlari oshib bormoqda. Bu esa ularga nisbatan bo`lgan e`tiborni kuchaytirish, ular tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarni sodir etilishi sababi, unga sharoit yaratib bergan omillarni o`rganib, tahlil qilish va bu kabi ishlarni kelgusida rejalashtirib bajarishni taqazo etmoqda. 

Jinoyat qilish voyaga etmagan tomonidan taklif qilinmoqda

Namangan shahar, “Davlatobod” MFY da yashovchi voyaga etmagan R.O o`zining jinoiy sheriklari B.O, M.A, M.I, X.A, M.N lar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, ular bilan bir guruh bo`lib, 2019 yil 13 iyun kuni soat 19.30 larda Namangan shahar, “Sharq tongi” MFYda joylashgan “Zaxiriddin Muxammad Bobur” nomidagi istirohat bog`i xududida Yangiqo`rg`on tumani, “G`ayrat” MFYda yashovchi fuqarolar X.M va uning sherigi X.Alarni yo`lini to`sib, ularni to`xtatib, X.Mdan telefon apparatini berib turishni, tanishiga qo`ng`iroq qilib olmoqchi ekanligini ma`lum qilib, undan narxi 500.000 so`mlik “Samsung J-3” rusumli uyali telefon apparatini olib, uni ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish maqsadida, M.X va A.Xlarni sog`lig`iga xavfli bo`lmagan zo`rlik ishlatib, ularning yuz qismiga qo`llari bilan urib, uyali telefon apparatini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, voqea joyidan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan voyaga etmagan R.O va uning jinoiy sheriklariga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 166-moddasi 2-qismi “a,v” bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borildi. 

Jinoyat ishini tergov qilish jarayonida ushbu jinoyatni sodir etish aynan voyaga etmagan R.O tomonidan boshlanganligini, jabrlanuvchilarni urib, unga tegishli uyali telefon apparatini olib qo`yish jinoiy maqsadi voyaga etmagan tomonidan taklif qilinib, u tomonidan tuzilgan rejaga asosan jinoyat sodir etilganligi aniqlandi. 

Hatto, qayta jinoyat sodir etishmoqda

Shuningdek, Namangan shahar, “Sharq tongi” MFYda yashovchi voyaga etmagan B.J va Namangan shahar, Istiqbol MFY da yashovchi voyaga etmagan P.R lar muqaddam ikki marotaba O`zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi bilan sudlanib, sudning hukmi bilan O`zbekiston Respublikasi JKning 87-moddasi 2-qismiga asosan jazodan ozod etilgan bo`lsada, bundan o`ziga tegishli xulosa chiqarmay, qayta jinoyat sodir etishgan. 

Jumladan, ular 2019 yil 21 iyul kunidan 22 iyul kuniga o`tar kechasi soat 04:00 larda o`g`irlik qilish maqsadida, Namangan shahar, “Barkamol Avlod” MFY da yashovchi J.Ani yashash xonadoniga g`ayriqonuniy ravishda kirib, xovlida joylashgan qo`yxonadan narxi 2.000.000 so`mlik 2 bosh qo`ylarni o`g`irlab, ularni Namangan shahar, “Bunyodkor” MFYda joylashgan “Yoshlik baraka” bozorida fuqaro I.Fga jinoiy yo`l bilan topilganligini aytmasdan, 1.450.000 so`mga sotib, pullarni o`zaro taqsimlab, o`z maqsadlari yo`lida ishlatib yuborgan.

Mazkur jinoyat ishini tergov qilish jarayonida ham ushbu voyaga etmaganlar jinoyatni oiladagi nosog`lom muhit, moddiy etishmovchilik, ularga nisbatan nazorat ta`lim muassasalari va ota-onalari tomonidan etarli olib borilmaganligi oqibatida sodir etganligi aniqlandi. 

Nega jinoyat ko`chasiga kira boshladi?

Odatda voyaga etmagan shaxslar tomonidan jinoyat sodir etilishi, ularni jinoyat ko`chasiga kirib qolishiga sabab bo`ladigan omillar quyidagilardan iborat: 

  • oiladagi nosog`lom muhit; 
  • moddiy etishmovchilik;
  • ularga nisbatan nazorat etarli darajada tashkil etilmasligi, ular qarovsiz holatda qolib ketishi; 
  • ommaviy axborot vositalari, internet, film va kinolarda zo`ravonlik, shavqatsizlikni targ`ib qilinishi oqibatida, voyaga etmaganlar ularga o`xshash harakatlarni bajarishga intilishi; 
  • ta`lim muassasalarida profilaktik ishlarni samarali tashkil etilmasligi, ta`lim muassasalari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik olib borilmaganligi; 
  • voyaga etmagan shaxslarning bo`sh vaqti mazmunli va samarali tashkil etilmasligi xamda shu vaqtda nazorat qilinmasligi; 
  • jinoyat sodir etishga moyil shaxslar, ijtimoiy og`ir ahvolda qolgan voyaga etmaganlarga nisbatan huquqni muxofaza qiluvchi organlar tomonidan etarlicha e`tibor berilmasligi.

Voyaga etmagan shaxsning jinoyat ko`chasiga qanday qilib kirib qolishini aniqlash uchun, eng avvalo, uni qurshab olgan ijtimoiy muhit, shart-sharoit va uning o`smir shaxsga nisbatan ta`sirini tahlil qilish lozim. Ichki psixologik sabablar, salbiy shaxs sifatlari, ya`ni noqonuniy xulq, qat`iy xayotiy maqsadlarning mavjud emasligi, tashqi salbiy muhit va oilada tarbiyaning yaxshi emasligi unda jinoyatchilik xulqini shakllanishiga qulay imkoniyat yaratib beradi. Voyaga etmagan jinoyatchi shaxsi shakllanish yo`lining birinchi bosqichi tarbiyaning og`irligidadir. Bunday vaziyatda huquqbuzarliklarning oldini olishning umumiy sub`ektlari bo`lgan ta`lim muassasalari, mahalla, keng jamoyatchilik o`smirga o`z vaqtida ijobiy ta`sir ko`rsatishi muhum ahamiyat kasb etadi. 

Bolangizni “o`zga” ta`siriga olmasdan, o`zingiz nazoratingizga oling!

Voyaga etmagan shaxslar nafaqat ta`lim jarayonida, balki darsdan bo`sh vaqtlarda ham ota-onalarining, ta`lim muassasasining nazorati va tarbiyaviy ta`siri ostida bo`lishi kerak. Pedagogik jamoalar bunday javobgarlikni o`z zimmasiga olib, o`quvchilarni bo`sh vaqtini to`g`ri tashkil etganligi, ota-onalar o`z farzandlari taqdiriga e`tiborsiz yondoshmasdan, ta`lim muassasalari bilan hamkorlikni o`z vaqtida va to`g`ri yo`lga qo`yganligi oqibatida voyaga etmagan shaxslar tomonidan jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilmaganligi amalda isbotlangan. Voyaga etmaganlar tomonidan sodir etiladigan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishning bosh mezoni shaxsning yoshligidan to`g`ri tarbiyalash, unda aniqlangan salbiy ko`rinishlarni o`z vaqtida to`g`rilab, sodir etilishi mumkin bo`lgan huquqbuzarliklarning oldini olishdan iboratdir. Afsuski, hozirda ota-onalik vazifasini unutgan, farzandiga to`g`ri tarbiya bermasdan uni jinoyat ko`chasiga boshlab borayotgan ota-onalar ham uchrab turibdi. Nazarimizda, ularning bu boradagi javobgarlik chorasini kuchaytirish orqali voyaga etmagan shaxslar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarga barham berish vaqti keldi.

Шарҳлар