Му5
46

Endi o`zbek tilidan "IELTS" topshiriladi

Jamiyat 23.10.2019, 09:21
154
Endi o`zbek tilidan "IELTS" topshiriladi

Xalq ta`limi vazirligi tomonidan IELTS kabi O`zbek tilida o`qish, yozish, gapirish va eshitish ko`nikmalarini baholash tizimini ishlab chiqish rejalashtirilganligi e`lon qilindi. 

Davlat test markazi mazkur loyihani qo`llab-quvvatlaydi va Xalq ta`limi vazirligiga bu borada omad tilaydi.
Shu bilan bir qatorda, Davlat test markazi tomonidan ham bu borada ishlar olib borilayotgan bo`lib, Davlat (o`zbek) tili va rus tilini bilish va egallash darajasini baholash bo`yicha test tizimini ishlab chiqish ishlari yo`lga qo`yilgan.
Bu tizim Common Europen Framework of Reference (CEFR) talablari asosida ishlab chiqilayotgan bo`lib, u 5 ta ko`nikmani ya`ni tinglab tushunish, o`qish, leksik va grammatik birliklardan to`g`ri foydalana olish, yozish hamda gapirish ko`nikmalarini baholaydi.
Bu orqali talabgorlarning o`zbek va rus tillarini yaxshiroq o`rganishiga, tinglab va o`qib tushunishiga, leksik va grammatik birliklarni qo`llay olishiga, aniq va ravon gapirishiga, o`z fikrlarini yozma ifoda eta olishiga zamin yaratiladi.
Bu tizimni davlat idoralari xodimlarining tilni bilish, egallash darajasini baholash va oliy ta`lim muassasalariga kirish imtihonlariga joriy qilish ko`zda tutilgan.
Shu maqsadda, 2019-yilning yakuniga qadar Davlat test markazi huzurida test sinovlarini tashkil etish, testologiya va pedagogik o`lchovlar, davlat tili va chet tillari bo`yicha malaka oshirish kurslarini tashkil etishga mo`ljallangan “Ilmiy-o`quv amaliy markazi” davlat unitar korxonasini tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda o`zbek va rus tillari uchun test savollari tafsiloti ishlab chiqilgan bo`lib, ushbu tafsilot doirasida tinglab tushunish, o`qish, leksika va grammatika, yozish hamda gapirish ko`nikmalarini baholash bo`yicha A2, B1, B2 va C1 darajalarida test savollari shakllantirilgan va aprobasiyadan o`tkazishga tayyorgarlik ko`rilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, yaqin kunlarda B1 va B2 darajalari bo`yicha tizimni aprobasiyadan o`tkazish rejalashtirilgan.

Шарҳлар