Му5
50

5,0 mlr. kvt. s.elektr energiyasi qaerda?!

Iqtisodiyot 24.10.2019, 17:25
621
5,0 mlr. kvt. s.elektr energiyasi qaerda?!

Yaqinda internet sahifalarida O`zbekiston iste`molchilariga joriy yilda 69 milliard kVt.soat elektr energiyasi zarur bo`lishi, ishlab chiqarish esa 64 mlrd kVt.soatni tashkil etishi (rasmiy ma`lumot), go`yoki etmayotgan 5,0 mlrd. kVt.soat elektr energiyasi Afg`onistonga eksport qilinayotgani haqida ma`lumotlar (ayrim internet foydalanuvchilarining fikr-mulohazalari) tarqaldi.

Nega o`zimizda tanqis bo`lgan energiya qo`shni davlatga sotiladi, shuning uchun elektr ta`minotida uzilishlar bo`layotgan ekan-da, degan savollar ayni paytda mediamakonda qizg`in muhokama etilmoqda.

O`zbekiston Energetika vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan «O`zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ ning Axborot xizmati mazkur masala yuzasidan rasmiy bayonot e`lon qiladi va u quyidagicha:

Ko`pchilikka ma`lumki, O`zbekiston Respublikasining yuqori kuchlanishli havo liniyalari chegaradosh mamlakatlarning magistral elektr tarmoqlari bilan barqarorlikda ishlaydi. Qo`shni mamlakatlar dispetcherlik xizmatlari o`zaro muvofiqlashuv asosida mintaqaning energiya xavfsizligini ta`minlaydi. Buning sababi oddiy, magistral elektr tarmoq loyihalari MDH davlatlari hali Sobiq Ittifoq tarkibida bo`lganida loyihalashtirilgan va bir-biriga chambarchas bog`liq holda qurilgan. 

Demak, O`zbekiston elektr energiyani eksport qilishi qatorida import ham qabul qiladi. Bu ayni paytda hech kimga sir emas. Masalan, joriy yilning 9 oyida davomida (yanvar-sentyabr) import qilingan elektr energiyasi hajmi jami 2,6 mlrd. kVt.soatni tashkil etgan. Shundan faqat 1,2 mlrd. kVt.soat elektr energiyasi Afg`oniston Islom Respublikasiga eksport qilingan.

Bu va bu kabi masalalarning mohiyatini darrov tushunish qiyin... Buning uchun tizim faoliyati va xalqaro tajriba bilan yaqindan tanishish talab etiladi. Xullas, oddiy so`z bilan aytganda, ichki iste`mol uchun mo`ljallangan elektr energiyasi Afg`onistonga eksport qilinmaydi.

Qariyb bir asrlik vaqt mobaynida elektr energiya tarmoqlari takomillashib, mahsulotning alohida turi deb atalmish elektr energiyasini ishlab chiqarish, transportirovka, taqsimlash, ta`mirlash, loyihalashtirish va shunga o`xshash muhim vazifalar eng oson va arzon yo`llarini qidirish nuqtai nazaridan tizim shakliga keltirilgan va bu birinchi masala.

Ikkinchi masala siyosiy-iqtisodiy ahamiyat kasb etadi. Alohida ta`kidlash joizki, elektr energiyasi eksportining iqtisodiy tomoni ikkilamchi bo`lib, asosiy maqsad — qo`shni Afg`oniston Islom Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy tomondan qo`llab-quvvatlash, shu yo`l bilan Afg`on diyorida barqaror vaziyatni ta`minlashga hissa qo`shishdan iborat. Mazkur amaliyotning asosida hukumatlararo kelishuvlar mujassam.

Uchinchidan, elektr energiyasi ta`minotidagi uzilishlar, energiyadan noto`g`ri va besamar foydalanish oqibatida yuzaga keladigan turli avariyalar, modernizasiya dasturiga muvofiq yuqori va o`rta kuchlanishli podstansiyalarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, simyog`ochlarni almashtirishdagi vaqtinchalik uzilishlar, qurilish-ta`mirlash ishlari olib borilayotgan paytdagi vaqtinchalik tarmoqdan uzib turish va shunga o`xshash boshqa xavfsizlik talablariga muvofiq (masalan, yong`in xavfsizligi) uzilishlar elektr energiya sohasidagi xalqaro eksport va import masalalari bilan bevosita bog`liq emas.

Umuman olganda, elektr ta`minotida bir qancha muammolar mavjud va ularning echimi bugungi kunda ijobiy hal etilmoqda. «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ va «O`zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ vakolati doirasida o`z faoliyatiga doir bayonotlarni e`lon qilayapti. Iste`molchilar bilan bevosita ishlaydigan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ vakillari aholi o`rtasida tushuntirish ishlarini olib bormoqda.

Energiya samaradorligi va tejamkorligi bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri va u, albatta, jamoatchilik nazorati va e`tiboriga muhtoj. Oldingdan oqqan suvning qadri yo`q, deydi dono xalqimiz. Elektr energiyasi million-milliard tonnalab ko`mir va mazut, trillion kublab gaz va boshqa tabiiy boyliklari evaziga paydo bo`lishini tushunish undan oqilona foydalanish madaniyatining yuksalishiga turki bo`lmog`i lozim.

Biroq, ming afsuski, ayrim jo`n fikrlaydigan iste`molchilarimiz «pulini to`lab qo`ymoqdamiz» degan gapdan nariga o`tishni istashmaydi. Ikkinchi tomondan, ta`minotchilar nimani vaj qilib ko`rsatmasin — iste`molchilar o`z talablarini bildirganlarida haq. Elektr energiyasi ta`minoti bilan chambarchas bog`langan zamonaviy turmush tarzimizda muammolar bo`lmasligi lozim.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumat rahbarlari mamlakatimiz energetiklari oldiga qo`ygan vazifa — aholi, ijtimoiy soha ob`ektlari va sanoatni uzluksiz hamda sifatli elektr energiya bilan ta`minlash uchun soha vakillari kecha-yu kunduz ishlamoqda.

Negaki, elektr energiya ta`minoti — bu iqtisodiyot tayanchi. Ko`zga ko`rinmas, idishga solinmas bu mahsulot turisiz bugun hayotimizni tasavvur etish mumkin emas.

Шарҳлар