Му5
46

Shavkat Mirziyoev XXR Davlat kengashi Bosh vazirini qabul qildi

Siyosat 01.11.2019, 19:40
415
Shavkat Mirziyoev XXR Davlat kengashi Bosh vazirini qabul qildi

Bugun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan, shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining 18-majlisida ishtirok etish uchun kelgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Kesyanni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlab, O`zbekiston bilan Xitoy o`rtasidagi do`stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganiga katta mamnuniyat bildirdi.

Li Kesyan, o`z navbatida, O`zbekiston Prezidentiga iliq mehmondo`stlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi hamda XXR Raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.

Uchrashuvda ikki davlat rahbarlarining samarali muzokaralari konstruktiv siyosiy muloqotni kengaytirish va barcha sohalarda ko`p qirrali amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratgani alohida ta`kidlandi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni so`zsiz amalga oshirish, ikki tomonlama savdoning jadal o`sishini ta`minlash, shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish, energetika, sanoat, qishloq xo`jaligi, transport, axborot-telekommunikasiya texnologiyalari va boshqa sohalarda ustuvor loyihalarni birgalikda ilgari surish zarurligi qayd etildi. 

Madaniy-gumanitar yo`nalishda, avvalo fan, ta`lim, innovasiyalar va turizm yo`nalishlaridagi  aloqalarni mustahkamlashga alohida e`tibor qaratildi.

Uchrashuvda Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, iqtisodiyot, investisiyalar va transport kommunikasiyalari sohalarida tashkilotga a`zo barcha davlatlar uchun manfaatli bo`lgan yirik loyihalarni amalga oshirish dolzarb ekani ta`kidlandi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Xitoy mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo`lida ko`p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga ko`maklashishga tayyor ekanini tasdiqladi.

Шарҳлар