Му5
46

ShHT hukumat rahbarlari kengashi majlisida jami 14 hujjat imzolandi

Siyosat 04.11.2019, 19:28
Теглар: Toshkent, ShHT
559
ShHT hukumat rahbarlari kengashi majlisida jami 14 hujjat imzolandi

 

Xabaringiz bor, Toshkent shahrida 2 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining o`n sakkizinchi majlisi bo`lib o`tdi.

Majlis O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Kesyan, Rossiya Federasiyasi Hukumati Raisi Dmitriy Medvedev, Qozog`iston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin, Qirg`iziston Respublikasi Bosh vaziri Muhammadqaliy Abilg`aziev, Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Hindiston Respublikasi mudofaa vaziri Rajnat Singx va Pokiston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining ShHT bo`yicha milliy koordinatori Zahur Ahmadning tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi. Muzokarada ShHT Bosh kotibi Vladimir Norov va ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo`mitasi direktori Jumaxon G`iyosov ham ishtirok etdi.

Hukumat rahbarlari kengashi ishtirokchilari kun tartibi va uning doirasida imzolanadigan hujjatlar ro`yxatini tasdiqladi, ShHT faoliyatiga doir dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi.

Kengashning kengaytirilgan tarkibdagi majlisida ShHT Ishbilarmonlar kengashi boshqaruvi raisi M.Sharshekeev va ShHT Banklararo birlashmasi kengashi raisi A.Omorkulov, kuzatuvchi davlatlar vakillari – Afg`oniston Islom Respublikasi Bosh vaziri A.Abdulla, Belarus Respublikasi Bosh vaziri S.Rumas, Eron Islom Respublikasi birinchi vise-prezidenti I.Jahongiriy, Mo`g`uliston Bosh vaziri o`rinbosari U.Enxtuvshin, faxriy mehmon sifatida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o`rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, shuningdek, hamkor xalqaro tashkilotlar vakillari – BMT ESKATO ijrochi kotibi o`rinbosari X.Xam, MDH Ijroiya qo`mitasi raisi o`rinbosari S.Ivanov, ASEAN Bosh kotibi o`rinbosari R.Tene, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengash kotibiyati ijrochi direktori H.Mirzozoda, Evrosiyo iqtisodiy komissiyasi hay`ati raisi T.Sarkisyan, BMT FAOning Evropa va Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy vakili V.Raxmanin qatnashdi.

Majlisda ShHTga a`zo davlatlar rahbarlarining Bishkek sammitida hukumatlar oldiga qo`yilgan vazifalar – a`zo davlatlar o`rtasida xavfsizlik, siyosat, iqtisodiyot sohalarida ko`p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga oid tashkilot Bosh kotibi V.Norovning hamda ShHT Ishbilarmonlar kengashi va Banklararo birlashmasi kengashi raislarining tuzilma faoliyatiga oid axborotlari tinglandi.

Hukumat rahbarlari ShHTga a`zo davlatlar ishbilarmon doiralarining yuqori texnologiyali va innovasion qo`shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish, iqtisodiyotning infratuzilma, mashinasozlik, engil va oziq-ovqat sanoati, raqamlashtirish, energetika, qishloq xo`jaligi, turizm kabi muhim tarmoqlarida loyihalarni amalga oshirish, ko`rgazma-yarmarka faoliyati va multimodal transport-logistika majmualarini rivojlantirishga qaratilgan amaliy tashabbuslarining muhim ahamiyatga ega ekaniga alohida e`tibor qaratdi.

Birgalikda ochiq turdagi xalqaro iqtisodiyotni shakllantirish bo`yicha sa`y-harakatlarni yanada chuqurlashtirish zarurligi qayd etildi.

Majlisda transport yo`laklarini rivojlantirish sohasida ko`p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash ustuvor ahamiyat kasb etishi ta`kidlandi. ShHTga a`zo davlatlar temir yo`l ma`muriyatlari o`rtasida temir yo`l transporti sohasidagi o`zaro bog`liqlik konsepsiyasi tasdiqlandi. Bu mintaqada mavjud tranzit imkoniyatlaridan samarali foydalanish, transport infratuzilmasini jadal rivojlantirish, yuk tashish hajmini ko`paytirish uchun qulay sharoit yaratish imkonini beradi. Shu orqali ShHT makonida tovarlar aylanishi va investisiya faolligini oshirish uchun qulay muhit yaratiladi.

Majlisda ShHT bilan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti (FAO) o`rtasida anglashuv memorandumi imzolangani tashkilot faoliyati siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot va gumanitar aloqa sohalaridagi hamkorlikning ko`p qirrali xususiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqladi.

ShHTga a`zo davlatlar hukumatlari o`rtasida olis va qishloq hududlarida aholiga sifatli xizmatlar ko`rsatishda aloqalarni chuqurlashtirish muhimligiga alohida e`tibor qaratildi.

Shuningdek, madaniyat, ta`lim, sport, fan va texnika sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo`yicha ishlarni davom ettirishga kelishib olindi. Mamlakatlarning boy tarixiy-madaniy merosini targ`ib etish maqsadida mintaqaning sayyohlik salohiyatidan yanada to`laroq foydalanishga oid aloqalarni rivojlantirish, bunda Samarqanddagi “Ipak yo`li” turizm xalqaro universiteti imkoniyatlaridan keng foydalanish taklif etildi.

Orol mintaqasidagi ekologik vaziyatni inobatga olgan holda, O`zbekistonning “Orolbo`yi – ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududi”ni tashkil etish tashabbusini qo`llab-quvvatlash g`oyasi ilgari surildi.

Hukumat rahbarlari ShHTga a`zo davlatlarning ko`p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturi ijrosini ko`rib chiqdilar va yangi dasturni ma`qulladilar. Tashkilotning 2020 yil uchun mo`ljallangan byudjetini tasdiqladilar.

Tadbirda jami 14 hujjat imzolandi. ShHTga a`zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining o`n sakkizinchi majlisi yakunlari bo`yicha Qo`shma kommyunike imzolandi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda majlis samarali bo`lgani, imzolangan hujjatlar ShHT mamlakatlari o`rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta`kidlandi.

Tadbir ishtirokchilari ShHTga a`zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining majlisi yuksak saviyada tashkil qilinganini e`tirof etib, O`zbekiston tomoniga samimiy mehmondo`stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Ma`lum qilinishicha, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi 2020 yilda ilk bor Hindiston Respublikasida o`tkaziladi.

Шарҳлар

Sergelida “Istana” mikroavtobusi yondi

18.11.2019, 10:01

Toshkent shahrida o`tgan sutka davomida 5 ta yong`in holati qayd etilgan bo`lib, shulardan 4 tasi qurigan o`simlik va xazonlarni yonishi bilan bog`liq bo`lgan yong`inlarni tashkil...
Ikki kundan buyon muhokamada bo`lgan shahar hokimi Ortiqxo`jaev masalasiga nuqta qo`yildi (foto)

18.11.2019, 09:18

Kun.uz sayti jamoasi shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev bilan uchrashdi va o`zaro tushunmovchilikka barham berildi.So`nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda va mahalliy internet nashrlarida Toshkent shahri hokimi Jahongir...
Toshkentda “vafel chizma”laridan so`ng yana bir chizma sinovdan o`tkazilyapti

15.11.2019, 16:09

 Toshkent shahar IIBBning ma`lum qilishicha, poytaxt yo`llaridagi tirbandliklarning olidini olish uchun sinov tariqasida yo`llarning muammoli hududlariga maxsus chizma yotqizilib, unga ko`ra harakat yo`lagida tirbandlik hosil...
Yunusobod tumanining ayrim ko`chalari 7 kunga yopiladi

15.11.2019, 11:38

Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko`chasining Yunusota va Husayniy ko`chalari oralig`idagi qismi 2019 yilning 15 noyabridan 22 noyabr kuniga qadar vaqtincha yopiladi. Mazkur vaziyat Toshkent metropoliteni Yunusobod...