Му5
46

Shavkat Mirziyoev meva-sabzavotchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlarini belgilab berdi

Siyosat 05.11.2019, 19:48
354
Shavkat Mirziyoev meva-sabzavotchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlarini belgilab berdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 5 noyabr kuni meva-sabzavotchilik tarmog`ini yanada rivojlantirish va eksportini oshirish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni ta`minlash masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishini o`tkazdi.

O`zbekiston meva-sabzavot ishlab chiqarishda ulkan imkoniyatlarga ega. Aholi farovonligini doimo oshirib borishda xalqimiz turmush tarziga eng yaqin va tez natija beradigan yo`nalish qishloq xo`jaligida yuqori daromadli intensiv ishlab chiqarishni tashkil etishdir.

Mavjud salohiyatimizni to`liq ishga solishimiz, unga yarasha katta daromad olishimiz zarurligini inobatga olgan holda so`nggi yillarda mamlakatimizda mazkur soha yuqori shiddat bilan isloh qilinmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan bog`dorchilik tarmog`i va issiqxona xo`jaliklarida boshqaruv tizimini yaxshilash, davlat tomonidan qo`llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, qishloq xo`jaligida kooperasiyani yo`lga qo`yish, zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalar asosida yuqori sifatli, raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, oziq-ovqat sanoatini jadal sur`atlarda rivojlantirish maqsadida qator farmon va qarorlar qabul qilindi.

Shunga qaramasdan, jahon bozorida meva-sabzavot mahsulotlari savdosi 205 milliard dollarni tashkil etgan bir paytda, bizning ulushimiz bir foizga ham etmayapti.

Bugungi yig`ilishda qayd etilganidek, kelgusi yilda meva-sabzavot eksportini 2,5 milliard dollarga etkazish, keyingi uch yilda bu ko`rsatkichni 5 milliard dollarga etkazish imkoniyatlari mavjud. 

Davlatimiz rahbari ta`kidlashicha, bunga erishish uchun ekin va navlarni to`g`ri tanlash, hosildorlik va daromadni kamida ikki-uch barobarga oshirish, isrofgarchiliklarni oldini olish, mahsulotlarni saqlash, logistika masalalari, eksportni to`g`ri tashkil etish lozim.

Bugungi kunda dunyo bozorlarida gilos, o`rik, olxo`ri, anor, uzum, bodom, sitrus mevalar kabi mahsulotlarga talab yuqori va ushbu mahsulotlar eksport tushumining asosiy qismini tashkil etmoqda.

O`zbekistonda bunday mevazorlar, ayniqsa intensiv usuldagi bog`lar etarlicha tashkil etilmayotgani, bog` va tokzorlar yaroqsiz holatga kelib qolgani sababli ularning iqtisodiy samaradorligi o`ta past darajada qolayotgani, qator tumanlarda minglab gektar eski bog`lar yillar davomida hosil bermayotgani tanqid qilindi. Hanuzgacha “mahsulot etishtirish – xarid qilish – saqlash va qayta ishlash – eksport” zanjirini tashkil etadigan kooperasiya tizimi joriy qilinmagan.

Yana bir salbiy holat uzumchilikni rivojlantirishda vinochilik korxonalarining o`rni sezilmayotgani bilan bog`liq. 

– Bu kabi muammolar ta`sirida mamlakatimizda mahsulotlarni yig`ishtirish va saqlashdagi yo`qotishlar hajmi 30 foizdan kamaymayapti, – dedi Prezident. – Ya`ni, olingan meva nobud bo`lib, tuproqqa qorilmoqda. Bunday sharoitda qanday yangi bog` va tokzorlar haqida gapirish mumkin?

Qayd etilganidek, bir qator tumanlar paxta etishtirishni qisqartirib, meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirildi. Afsuski, ushbu yo`nalishda ham ishlar qoniqarli darajada bo`lganicha yo`q. 

Seleksiya borasida ilmiy tadqiqotlar etarlicha yo`lga qo`yilmagani bois mamlakatimiz urug`likni import qilishga majbur bo`lmoqda. 

– Mineral o`g`itlar ta`minoti, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish ishlari tizimli tashkil etilmagani ham dehqonning ortiqcha ovora bo`lishiga olib kelib, hosildorlikni oshirishga salbiy ta`sir qilmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Bir so`z bilan aytganda, sohada echimini topishi lozim bo`lgan masalalar talaygina. Shuning uchun eskirgan tizimdan butunlay voz kechib, mutlaqo yangi uzluksiz zanjirni ya`ni, kooperasiya va klaster tizimini tashkil etish kerakligi ta`kidlandi. Bunday yo`l jahon tajribasida o`zining samaradorligini isbotladi, klasterning joriy etilishi sohada yuqori natijalarga olib kelayotganini ko`rsatmoqda. 

Shu munosabat bilan Prezidentimiz O`zbekistonda bir nechta yirik eksportyor klaster tashkil etish, qishloq xo`jaligida qo`shilgan qiymat zanjirini yaratish va daromadni oshirish, mahsulot ishlab chiqaruvchilarni aniq bozor, aniq moliyaviy manba bilan ishlaydigan tadbirkorga biriktirish zarurligini ta`kidladi.

Xorijiy mutaxassislar ko`magida tashkil etilgan Surxondaryo tajribasi asosida 55 ta tumanni eksportbop muayyan mahsulotlar turini etishtirishga ixtisoslashtirish vazifasi qo`yildi. 

Bundan tashqari, har bir viloyat va tuman hokimi klasterlar bilan meva-sabzavotni to`g`ri joylashtirishga, agrotexnik tadbirlarning o`tkazilishiga, etishtirilgan mahsulotni eksportyor yoki qayta ishlovchiga to`liq etkazilishiga shaxsan javobgarligi belgilandi.

Moliya vazirligiga yangi tizim asosida eksportbop mahsulotlar etishtirishni rag`batlantirish bo`yicha moliyalashtirish yuzasidan taklif kiritish topshirildi.

Qishloq aholisi bandligini ta`minlash maqsadida yangi tashkil qilinayotgan kooperasiyalar negizida 1 gektardan 5 gektargacha ijara asosida er ajratib beriladi. Yangi bog` va tokzorlarni barpo etishga “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 1 trillion so`m yo`naltiriladi.

Kam ta`minlangan oilalar bandligini ta`minlash maqsadida Farg`ona vodiysining 22 ta tumanida 31 ta namunaviy kooperasiya tashkil qilinadi. Har bir kooperasiyaga kamida 50 nafardan ishsiz fuqaro a`zolikka qabul qilinib, ularga foydalanilmayotgan erlar, subsidiyalar hamda imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Xalqaro hamda mahalliy moliya tashkilotlaridan mablag`lar jalb etish orqali gilos, o`rik, anor, shaftoli, olxo`ri, yong`oq kabi mevalarga ixtisoslashgan yangi zamonaviy bog` tashkil qilish hisobiga hosildorlikni keskin oshirish zarurligi ta`kidlab o`tildi. Shu bilan birga, eksportbop uzumzorlarni tashkil etish yuzasidan “manzilli dastur” tasdiqlash vazifasi yuklatildi. 

Oziq-ovqat va spirtli ichimliklar sanoatida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish, ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish, marketing va innovasiyani keng qo`llagan holda eksportbop mahsulotlar assortimentini ko`paytirish va sifatini yaxshilash, yangi bozorlarni topishga qaratilgan yangicha tizim tashkil etish zarurligi ta`kidlandi.

Prezidentimiz bog`dorchilik rivoji uchun avvalo ko`chat zarurligi, shuning uchun har yili 20 million dona ko`chat etishtirishni yo`lga qo`yish va eksport qilish imkoniyati borligi ko`rsatib o`tdi. Qishloq xo`jaligi vazirligi, Bog`dorchilik va issiqxona xo`jaligini rivojlantirish agentligiga manfaatdor tashkilotlar bilan birga kelgusi yili o`rik, gilos, shaftoli, xo`raki va sanoatbop uzum, anor, yong`oq, bodom ko`chatlari etishtirish plantansiyalari tashkil etish vazifasi qo`yildi. Shuningdek, Jahon banki mablag`lari hisobidan Mahmud Mirzaev nomidagi Bog`dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining hududiy uchastkalarida “in-vitro” laboratoriyalari tashkil etish bo`yicha ham ko`rsatma berildi. 

Intensiv ko`chatlar va payvandtaglarni sotib olish xarajatlarining bir qismini fermerlarga subsidiya sifatida qoplab berish, 2020 yil 1 apreldan  boshlab “sog`lomlik” sertifikatiga ega bo`lmagan ko`chatlarni yurtimizga olib kelib, ekishni to`xtatish zarurligi qayd etildi. 

Mamlakatimiz aholisining oziq-ovqatga bo`lgan talabini qoplash va eksport hajmini oshirish uchun meva-sabzavot etishtirishni yiliga 8-10 foizga ko`paytirish va qo`shimcha 1 million tonnadan ortiq mahsulot etishtirish zarur. Shu bois Qishloq xo`jaligi vazirligi,  viloyat va tumanlar hokimlariga 2020 yilda qayta foydalanishga kiritiladigan 77 ming gektar maydonga oziq-ovqat ekinlari, ertagi mahsulot etishtirish uchun 200 ming gektarda to`qsonbosti usulida sabzavotlar ekilishini ta`minlash bo`yicha topshiriqlar berildi. 

O`simliklarga kimyoviy ishlov berish va zararkunandalarga qarshi kurashish ham muhim masalalardan. Prezident Shavkat Mirziyoev buning uchun ixtisoslashgan tumanlarda mineral o`g`itlar do`konlarini tashkil etish, fermerlar va aholi tomorqalariga shu borada xizmat ko`rsatish tizimini yaratish zarurligini ta`kidladi. 

Yig`ilishda aytilgan chora-tadbirlar ijrosini samarali tashkil etish uchun har bir yo`nalishga mutasaddi rahbarlar mas`ul etib belgilandi.
 

 

Шарҳлар