Му5
48

Lola sobiq turmush o`rtog`i bilan yashagan qiyinchiliklar haqida ochiqchasi gapirib berdi

Shou-biznes 12.11.2019, 14:08
3648
Lola sobiq turmush o`rtog`i bilan yashagan  qiyinchiliklar haqida ochiqchasi gapirib berdi

Xonanda Lola instagramdagi sahifasida shaxsiy hayoti bilan bog`liq post qoldirdi...

Ushbu postda u ilk marta sobiq turmush o`rtog`i bilan kechgan hayotining qiyin davrlari haqida barchaga so`zlab berdi.

"Biz sobiq turmush o`rtog`im bilan tanishganimizda 18 yoshda edim. U meni turmushga chiqishga ko`ndirish uchun bir yil «mehnat qildi», bizning to`yimizga tish-tirnog`i bilan qarshi bo`lgan ota-onamni ko`ndirish uchun esa yana bir yil sarfladi. U hammamizni ko`ndirish uchun barcha mahoratini ishga soldi. Shu tarzda oradan 2 yil o`tib biz unga taslim bo`ldik. Otam sobiq turmush o`rtog`imdan to`ydan keyin o`qishimni davom ettirishim hamda o`tgan yillar mobaynida erishgan kareramni davom ettirish va`dasini oldi. Erkaklar qo`l tashlashdi, non sindirildi, to`yimiz bo`ldi.

To`ydan keyingi 5 yil davomida men faqat uy ishlari bilan shug`ullanib uyda o`tirdim. Biz shahardan 30 kilometr uzoqlikda yashardik, men deyarli uydan ko`chaga chiqmasdim. Menga o`qishimni davom ettirishga ham ruxsat berishmadi. Chunki bu yangi kelinchakka uydagi majburiyatlarini bajarashiga xalaqit berardi. Shu tarzda Westministr'ni tamomlay olmadim. O`qishimni yuridik universitetning sirtqi bo`limiga ko`chirishdi.

Ishlashimni hamda kasbim bilan bog`liq tadbirlarda ishtirok etishimni taqiqlashdi. Barcha dugonalarim bilan aloqam uzildi, ular bilan uchrashuvlarga, tug`ilgan kun va to`ylarga yuborishmasdi.

Ota-onamnikiga bir haftada bir marta bir necha soatga borardim, yotib qolishga hech qachon ruxsat berishmasdi. Shunday qilib oradan yillar o`tdi. Ikki farzandli bo`ldim. Har kuni ertalab soat 6:00 da turardim, yarim kechasi uxlashga yotardim. Boshqalarning manfaatlari bilan yashardim, chunki o`zimda hech qanday manfaat yo`q edi. Hayotimdagi asosiy maqsad oila a`zolariga xizmat qilish, ularga yaxshi ko`rinish edi. Har kecha uxlashdan oldin o`zimni sahnada his etar, ko`zlarim yonib tabassum qilayotganimni tasavvur qilardim. Faqat tushimda o`zimni baxtli va erkin his etardim.

Haqiqiy Lolani sog`inardim…

Kunlardan bir kun men 40 kunlik o`g`limni va ikki yoshli qizimni olib u uydan ketdim va u erga boshqa hech qachon qaytmadim…

«O`shanda men qo`rqqanmidim? Yo`q. Qilmishimdan afsuslandimmi? Hech qachon! Kimnidir ayblaymanmi? Bu ahmoqlik. Biz bilan bo`layotgan hamma narsaga biz qachondir ruxsat berganmiz. Oradan 10 yil o`tganidan so`ng men bu haqda birinchi marta gapiryapman. Chunki qachondir men bosib o`tgan hayotda yashayotgan ayollarning og`rig`ini tushunaman, sizning umidsizligingizni his etaman, oilangizni yo`qotishdan, shu bilan birga tubsiz jarlik yoqasida qolishdan qo`riqishingizni bilaman.

Birga yashayotgan odamlaringizning harakatlarini oqlab, bu sizning taqdiringiz va siz hech narsani o`zgartira olmasligingizga o`zingizni ishontirayotganingiz, ota-onangiz yuzini erga qaratmaslik uchun harakat qilayotganingizni his qilaman.

Siz juda ham istaydigan yagona narsa to`yib uxlash yoki hech bo`lmasa biron marta hech kimdan ruxsat so`ramasdan biror qarorni qabul qilish. Biroq, siz bulardan ko`prog`iga loyiqsiz. Bu ajrashishga chaqiriq emas! Men uchun oilaviy qadriyatlar hamisha ustun bo`lgan. Bu o`zingizni hurmat qilishga chaqiriq! Siz shaxs ekanligingiz va o`zingiz orzu qilgan hayotda yashashga to`laqonli haqli ekanligingizni unutmang! Ha, siz kelin, rafiqa va onasiz, lekin birinchi navbatda siz o`z haq-huquqlariga ega insonsiz hamda hech kim ularni oyoqosti qilish huquqiga ega emas.

Kimdir o`zgarishi va hayotingiz yaxshilanishini kutmang. Bu o`z-o`zini aldash. O`zgarishi mumkin bo`lgan yagona inson — sizsiz.

Men shu tarzda yumshoq fe`l-atvorli, ochiq, sodda va ishonuvchan qizdan kuchli, asosiysi o`zini sevadigan va hurmat qiladigan ayolga aylandim.

Biz qizlarimizga o`rnak bo`lamiz, shuni yodda tuting. O`ziga hurmat bolalikdan boshlanadi. Bolalar o`ziga ishonchi yuqori, o`ziga qaragan, otasi sevadigan baxtli onani ko`rishi kerak. Boshqacha bo`lishi mumkin emas! Mening farzandlarim bugun meni shu holda ko`ryapti.

Oradan yillar o`tib men turmush o`rtog`im siymosida baxtimni, sevgimni, erkimni, hurmat va qo`llab-quvvatlashni topdim. Buning uchun undan minnatdorman.

Endi siz bu shunchaki balandparvoz so`zlar emas, balki mening hayotiy tajribam ekanligini bilasiz.

Men sizlarning har biringiz baxtli bo`lishingizni juda xohlayman. Yana o`zingizning hayotingizni sevishingiz, bu yashash uchun kurash emas, ajoyib yo`l ekanligini yodda tutishingizni istardim. Bu yo`lni qanday bosib o`tishni faqat siz hal qilasiz…"

Eslatib o`tamiz, Lola hozirda ikkinchi bor turmushga chiqqan. Ular oilasi bilan Moskva shahrida yashashadi. Xonanda esa ijodiy ishlari yuzasidan Toshkentga tez-tez kilib turadi. 

Шарҳлар