Му5
50

Lo`lilarga ham yangi uy-joylar qurib berildi

Jamiyat 12.11.2019, 15:02
244
Lo`lilarga ham yangi uy-joylar qurib berildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan Jizzax viloyatida ham yangi turar joy massivlari qurilishi izchil davom etmoqda. Avvallari e`tibordan chetda qolgan kam ta`minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi va lo`lilar ham o`z hayotida tarixiy o`zgarishlarni his etib, yangi uy-joylarga ega bo`lmoqda.

8d277724-e97c-4f5b-a0e1-080d7688b945.jpg

Gap shundaki, Paxtakor tumanidagi Oltinko`l va Olmazor mahallalarida 35 gektardan ziyod er maydoni ajratilib, 3200 nafar fuqaro uchun 780 ta yangi uy bunyod etildi. Hozirda obodonlashtirish ishlari yakuniga etkazilmoqda. Yangi massivlarda ayollar bandligini ta`minlash uchun 2 ta tikuv sexi ham qurildi. Ayniqsa, hudud infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilib, 10 kilometrdan ziyod avtomobil yo`llari, 8 km elektr, 3 km. suv tarmoqlari tortildi. Maktab va maktabgacha ta`lim muassasasi qurib berildi. Buning uchun davlat tomonidan 150 milliard so`m mablag`lar yo`naltirildi.

d6ae3405-7b34-4d7d-809e-06dcd61fa381.jpg

O`tgan asrning 60-yillarida qurilgan, hozirda turmush uchun yaroqsiz holga kelib qolgan uylarda yashab kelayotgan lo`lilar uchun zamonaviy uy-joylarga ega bo`lish, albatta, tarixiy voqea. Chunki, shu paytga qadar ularning holidan hech kim xabar olmaganligi – bor haqiqat.

2cddcbca-e46d-432c-b769-e087e883b466.jpg

Endi Paxtakor tumanida og`ir sharoitda yashab kelgan lo`li millatiga mansub aholi ham barcha fuqarolarimiz qatori munosib turmush kechiradi. O`z uyi, ish joyiga ega bo`ladi. Ularning qay biri bilan suhbat qurmang, Prezidentning bu e`tibori va g`amxo`rligiga minnatdorlik bildirib, hayotga bo`lgan qiziqishi va ishonchi ortib borayotganligini ta`kidlamoqdalar.

– O`ttiz yildan buyon Paxtakorda yashayman, – deydi 75 yoshni qoralagan Rajab Rustamov. – Barak uyning ikki xonadonida 6 oila yashab kelayotgan edik. Prezidentimizga rahmat, bu g`amxo`rlikdan behad mamnunman.

– Davlatimizdan cheksiz minnatdormiz, – deydi Xosiyat Jalilova. – Shuncha yil 20 dan ziyod jon barakda tiqilib yashab kelayotgan edik. Hammasi uchun mingdan ming rahmat. Ko`cha asfalt. Bolalarimizning maktabga qatnashi uchun avtobus ajratilgan.

Yana bir muhim yangilik – lo`li bolalarning ayrimlari turli sabablarga ko`ra maktabda o`qimay qolgani aniqlanib, ular uchun savod chiqarish kursi ham tashkil etildi. Hozir bu erda 20 nafardan ziyod bolalar va o`smirlar maxsus kursda o`qitilmoqda.

Jizzax cho`lini o`zlashtirishning dastlabki davrida – 1967 yilda hududga kela boshlagan lo`lilar allaqachon shu erning tub aholisiga, ko`pmillatli hududning teng huquqli fuqarolariga aylangan.

Шарҳлар