Му5
48

Lola xonandalarga lisenziya beruvchi komissiya faoliyatini ko`rsatuvchi klip ishladi

Shou-biznes 13.11.2019, 16:08
1650
Lola xonandalarga lisenziya beruvchi komissiya faoliyatini ko`rsatuvchi klip ishladi

Xonanda Lola "Sevgingni menga ayt" deb nomlangan taronasiga ishlangan ikkinchi klipini taqdim etdi. Ushbu klipda xonandalarga lisenziya beruvchi komissiya faoliyati o`ziga xos ravishda ochib berilgan.

Klipda Lola lisenziya olish uchun "Sevgingni menga ayt" qo`shig`ini komissiyaning ikki nafar a`zosi oldida sahnada ijro etadi. Xonanda "O`zbekkonsert" lisenziyasini olib qo`yib, ikki kundan keyin qaytarib bergan Jahongir Otajonovni ham eslab o`tgan. Uning «Qaddi baland» taronasi yangraganida komissiya a`zolari qo`shiqni o`chirishni so`raydi. Lola qo`shiq aytayotganida komissiya a`zolari xonandani to`xtatib, uning libosi milliy mentalitetimizga to`g`ri kelmasligi, shlyapa kiyib olgani ularga yoqmaganini, shuningdek, sahnada Lolaning yonida ikki qiz o`rniga sozandalar bo`lsa yaxshiroq bo`lishini aytadi.

Lola shlyapa o`rniga cho`girma kiyib chiqadi, shu payt sahnaga «jinoyatga moyil bo`lgan» ayollar chiqib keladi. Ularning toifasi birma-bir o`qib eshittiriladi, "Ma`naviy ko`makka muhtoj ayollar" deyilganida Lola "men" deydi va boshqa qolgan ayollar bilan sahnadan chiqib ketadi.

Klipda, shuningdek, Lolaning instagramdagi kuzatuvchisi ham ishtirok etadi. U xonandaga qarab "Sizning tomingiz ketganmi? Yoki Maruvga taqlid qilyapsizmi?" deb so`raydi. Videoda soqolli erkaklar ham ko`rinish bergan.

Klip oxirida badiiy komissiya a`zosi Lolaga lisenziya berilgani haqidagi hujjatni imzolaydi, qo`shiq esa "O`zbek shou-biznesiga omad, cho`ntakka daromad" so`zlari bilan yakunlanadi. Xonanda bu bilan lisenziyani sotib olish mumkinligiga ishora qilgan bo`lishi mumkin.

Eslatib o`tamiz:

Lola o`z faoliyatida bir necha marotaba byurokratik to`siqlarga duch kelgan. "O`zbeknavo" estrada birlashmasi 2015 yilda "o`ta ochiq sahna liboslari uchun" uning lisenziyasini bekor qilgan edi. Lola "O`zbeknavo"ga lisenziyasini qaytarib berishni so`rab murojaat qilgan, bir necha davlat tadbirlarida ishtirok etgan edi. Birlashma tomonidan uning lisenziyasi 2015 yilning dekabrida qaytarib berilgan.

2017 yilning fevral oyida "O`zbeknavo" estrada birlashmasi tugatilgach, uning o`rniga "O`zbekkonsert" davlat muassasasi tashkil etildi. Ushbu muassasa xonandalarning ijodi, o`zini tutishi, kiyinishi milliy mentalitetga, o`zbekona urf-odatlarga mos kelishini nazorat qiladi.

Avvalroq, Lola instagramdagi sahifasida post qoldirgan edi. Unda xonanda o`zbek oilalarida kelinlarning qanday qiyinchiliklarga duch kelishi haqida o`z misolida ma`lumot berib, ayollarni o`zini hurmat qilishga chaqirgan edi.

Шарҳлар