Му5
48

Adliya vaziriligi ijtimoiy tarmoqlardagi har qanday xabarga ishonavermaslikka chaqirmoqda

Jamiyat 16.11.2019, 19:16
Теглар: qo`shxotinlik
1663
Adliya vaziriligi ijtimoiy tarmoqlardagi har qanday xabarga ishonavermaslikka chaqirmoqda

   Internet jahon axborot tarmog`ining, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarning keng ommalashishi tufayli axborotni tarqatishga nisbatan makon va zamon tushunchalari o`z ahamiyatini tobora yo`qotib borayotganligini sezish unchalik ham qiyin emas. Buni davrning o`zi ham isbotlab turibdi. 

Shuningdek yurtimizda davlat boshqaruvi organlarining faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta`minlash, chinakam so`z erkinligini ta`minlash borasida qilinayotgan ishlar, ayniqsa, tahsinga sazovor. Afsuski, ayrim shaxslar so`z erkinligiga keng yo`l ochib berilayotganligi har qanday axborotni tarqatish mumkinligini anglatadi deb o`ylayotganga o`xshaydilar. 

        Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir xabar ko`pchilikning e`tiborini tortdi. Quyida xabarning to`liq matnini keltiramiz:

        “Ie? Rostanmi?

        O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 08 noyabrdagi PQ-2535-sonli Qaroriga asosan O`zbekiston Respublikasi aholisi sonini ko`paytirish, demografiyani oshirish maqsadida ikkinchi xotinga uylanishga ruxsat etildi. Qaror asl nusxasi Lex.uz saytiga joylashtirildi”.

        Mazkur xabar mutlaqo sohta bo`lib, uning sohtaligini isbotlovchi bir nechta faktlarni keltirib o`tamiz.

        Birinchidan, Vazirlar Mahkamasi qarorlarining qayd raqami oldidan harfli qisqartmalar qo`llanilmaydi. Normativ-huquqiy hujjatlarning qayd raqamidagi “PQ” shaklidagi qisqartmalar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlariga nisbatan qo`llaniladi.

        Ikkinchidan, O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari milliy bazasi (www.lex.uz)da O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 

PQ-2535-son qarori mutlaqo mavjud emas.

        Ma`lumot uchun: “Normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 29-moddasiga ko`ra O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasi O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlari, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari e`lon qilinadigan rasmiy manbalardan biri hisoblanadi.

        Uchinchidan, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga muvofiq ko`p xotinli bo`lish jinoiy javobgarlikka sabab bo`ladi.

        Albatta, keltirib o`tilgan xabar uning muallifi tomonidan kishilarning e`tiborini o`ziga qaratish, ko`proq obunachilarni to`plash yoki boshqa maqsadlarda tarqatilgan bo`lishi mumkindir, ammo xabarni tarqatishdan avval masalaning boshqa tarafi haqida ham o`ylash lozim edi. Chunki bu kabi xabarlar aholining asl haqiqatdan chalg`ishiga va ularda davlat organlarining qonun hujjatlarini ishlab chiqish faoliyatiga nisbatan turli salbiy fikrlarning paydo bo`lishiga sabab bo`lishi mumkin.

        Shuningdek bunday xabarlarning tarqalishi qonun hujjatlariga nisbatan hurmatsizlik bo`lishi bilan birga aholi o`rtasida xuddi shunday hurmatsizlik kayfiyatining uyg`onishiga, bu orqali fuqarolarning davlat va uning organlariga bo`lgan ishonchining pasayishiga ham olib kelishi mumkin.

        Yuqoridagilardan xulosa qilgan holda ijtimoiy tarmoqlarda qonun hujjatlari bo`yicha har xil mish-mishlar va boshqa uydirmalar tarqatish har jihatdan maqsadga muvofiq emas deb hisoblaymiz. Fuqarolarga esa bunday xabarlarga duch kelganlarida ularning to`g`riligi bo`yicha xulosa chiqarishga shoshilmasdan darhol Qonun hujjatlari milliy bazasi va boshqa ishonchli manbalar orqali berilgan ma`lumotdagi faktlarning qanchalik to`g`ri ekanligini tekshirishlari lozimligini bildiramiz.

Sevara O`rinboeva,

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi boshlig`i

Шарҳлар