Му5
50

Diqqat, qidiruv!

Jinoyat 19.11.2019, 17:30
463
Diqqat, qidiruv!

Xorijga ishga yuborishga mo`ljallangan ikki firma rahbariga nisbatan firibgarlik bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi va unga nisbatan qidiruv e`lon qilindi.

Aniqlanishicha, fuqaro I.Januzakov firibgarlik yo`li bilan moddiy boylik orttirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidan chet el davlatiga ishga joylashtirish faoliyati bilan shug`ullanish uchun olinishi lozim bo`lgan lisenziya olmasdan turib, “GLOBAL WORKS RESOURCES" MChJ va “PROFELITE IMP XUSUSIY BANDLIK AGENTLIGI” MChJ XBAlarni tashkil qilgan. 2017 yil yanvar oyidan 2019 yil avgust oyiga qadar bo`lgan vaqt oralig`ida 181 nafar shaxslarni mazkur jamiyatlar orqali Janubiy Koreya davlatiga 6 oy muddatda ishga yuborishini va`da qilib, ularning har biridan jami 6,5 mlrd. so`m pul mablag`larini olib, bergan va`dasini bajarmasdan, olingan pul mablag`larini o`z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Dastlabki tergov jarayonida, I.Januzakovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168–moddasi 3–qismi «b» bandi (takroran sodir etilgan firibgarlik) bilan sirtdan ayblov e`lon qilingan hamda shu kunning o`zida sirtdan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilib, qidiruv e`lon qilingan.

Ish bo`yicha “PROFELITE IMP XUSUSIY BANDLIK AGENTLIGI” XBA MChJga moliya xo`jalik faoliyati yuzasidan hujjatli taftish tayinlangan bo`lib, tergov jarayonida jabrlanuvchilarga etkazilgan moddiy zararni o`rnini qoplash maqsadida, ayblanuvchi I.Januzakovning ko`char va ko`chmas mulk ob`ektlariga hamda “PROFELITE IMP XUSUSIY BANDLIK AGENTLIGI” MChJning O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining fondida mavjud bo`lgan pul mablag`lariga band solingan.

Jinoyat ishi bo`yicha I.Januzakovni yaqin qarindoshlari tomonidan qisman moddiy zararni qoplash choralari ko`rilgan bo`lib, bugungi kunga kelib I.Januzakov tomonidan etkazilgan moddiy zararning tergov yo`li bilan to`liq qoplash choralari ta`minlanmoqda.

Agar Siz ushbu fotosuratda ko`rsatib o`tilgan shaxsning qaerda ekanligi haqida biron-bir ma`lumotga ega bo`lsangiz, shuningdek ushbu shaxsning harakatlaridan jabr ko`rgan bo`lsangiz O`zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamentining (71) 231-32-17, (71) 231-35-202, (71) 233-65-34 telefoni yoki "102" maxsus raqamlariga xabar berishingiz so`raladi.

O`zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Шарҳлар